OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Muborak Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda bu yilgi muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli joylarda mahalliy hokimliklar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, keksa va nogiron insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, iftorlik marosimlari hamda xayriya tadbirlarini ixcham va tartibli tashkil etishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi Yangi Oʻzbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, inson qadrini yuksaltirish, jamiyatda tinchlik, doʻstlik, oʻzaro hurmat, saxovat, bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidlash lozim.
Ana shunday ezgu va savob ishlarni izchil davom ettirgan holda, muqaddas Ramazon hayitini har tomonlama munosib kutib olish, uning insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish maqsadida qaror qilaman:
1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20-mart — juma kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2026-yil 20-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini hududlarda xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga hamda Navroʻz umumxalq bayramiga uygʻun holda koʻtarinki ruhda nishonlash, bayram kunlarida aholi oʻrtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniy-maʼrifiy hamda xayriya tadbirlarini tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
(b) Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-mart,
PQ-106-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2026-y., 07/26/106/0251-son)