Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda davlat dasturi deb yuritiladi) 2025-yilda bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, davlat dasturining har bir yoʻnalishi boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan, ularning natijalari esa xalqimizning kundalik hayotida aks etgan.
Oʻtgan yil boshida beshta asosiy yoʻnalish va yuzta maqsadni qamrab olgan davlat dasturi davlatimiz rahbarining parlament palatalarida soʻzlagan nutqlarida ilgari surilgan tashabbuslar va vazifalar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu davlat dasturi hamda uni tasdiqlash yuzasidan mamlakatimiz Prezidenti farmonining loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan.
Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida jami 226 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan davlat dasturining ijrosini tizimli tashkil etishga qaratilgan alohida eʼtibor, undagi tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha oʻz vaqtida qabul qilingan farmonlar va qarorlar hamda oʻtkazib borilgan qator muhokamalar ushbu muhim hujjatning samarali bajarilishida asosiy omil boʻlgan.
Davlat dasturida belgilangan maqsadlar va ustuvor vazifalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlash, bu borada doimiy va qatʼiy monitoring olib borish maqsadida hukumat tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan. Davlat dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida tanqidiy-tahliliy jihatdan muhokama qilib borilgan.
Davlat dasturi doirasida olib borilgan islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli ishlab chiqishda parlament va hukumat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) va undagi siyosiy partiyalar fraksiyalarida davlat dasturi doirasida qilingan ishlarning holati yuzasidan mansabdor shaxslarning axboroti eshitib borilgan. Quyi palata qoʻmitalari davlat dasturida belgilangan vazifalarning joylarda ijro etilish holatini muntazam ravishda nazorat-tahlil tartibida oʻrgangan.
Jumladan, Qonunchilik palatasining majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 11 marotaba eshitilgan, 9 marotaba “hukumat soati” oʻtkazilgan, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament soʻrovi va 160 ta deputat soʻrovi yuborilgan. Shuningdek Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining majlislarida davlat organlari rahbarlarining axboroti 111 marotaba eshitilgan.
Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish borasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida muayyan ishlar bajarilgan. Jumladan, 135 ta yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilgan. Bundan tashqari, 134 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinish darajasi 78 foizga yetkazilgan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning 331 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 634,6 ming nafardan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Ishsiz boʻlgan va oʻz biznesini boshlash istagidagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar bandligi dasturi” qabul qilinib, 414,6 ming nafar shaxsning bandligi taʼminlangan.
Ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizgacha kamaygan. Qariyb 1,5 mln. ehtiyojmand fuqaro kambagʻallikdan chiqqan va kambagʻallik darajasi 2025-yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizgacha tushgan.
Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishidagi ustuvor maqsadlarga erishish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan. Jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror tarzda rivojlanib, makroiqtisodiy oʻsishni taʼminlashga erishilgan.
Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi 107,7 foizga, shu jumladan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 106,8 foizga, qurilish ishlari 114,0 foizga, xizmatlar koʻrsatish 108,5 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish 104,4 foizga oʻsgan. Eksport hajmi ilk bor 33,8 mlrd. dollarga yetgan. Jami qiymati 43,1 mlrd. AQSH dollari boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan 124 foizga oʻsgan. Oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 mlrd. AQSH dollaridan oshgan.
Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni tobora mustahkamlanib, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pogʻonasiga koʻtargan.
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish, “yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy etish borasida qator ishlar qilingan.
Jumladan, 14 ta hududda ichimlik suv sifatini monitoring qiluvchi markaziy laboratoriyalar tashkil etilib, namuna olish punktlari soni 220 mingtaga yetkazilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 155 ta tuman hamda shaharda “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari” tashkil qilingan, 251 ming gektar “yashil qoplama” himoya oʻrmonzorlari barpo etilgan.
Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan. Xususan, qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish hamda idoraviy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan qonunchilik hujjatlariga tezkor ravishda va toʻliq muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan “Ayrim qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning 2025-2026-yillarga moʻljallangan dasturi” tasdiqlangan.
Hokimliklar va vazirliklar boʻlinmalarining bir-birini takrorlovchi 7 ta vazifasini bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan tuman (shahar) hokimliklariga oʻtkazilgan, hokimlar faoliyatiga xos boʻlmagan 15 ta vazifa bekor qilingan.
Mahalliy hokimliklarning faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” prinsipi asosida yoʻlga qoʻyish yoʻnalishida “Indikatorlar toʻplami”ni shakllantirish, uning ijrosini monitoring va nazorat qilish maqsadida “digitaloffice.uz” elektron platformasi ishga tushirilgan.
Oʻtgan davrda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 100 ta yangi xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan hamda jami xizmatlar soni 800 taga yetkazilgan.
“Xavfsiz va tinchlikparvar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar doirasida mamlakatimizning xalqaro munosabatlardagi oʻrnini yanada mustahkamlash va hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan zarur choralar koʻrilgan. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati boʻyicha forumi, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi, Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tadbirlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.
Shuningdek Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) toʻlaqonli aʼzo boʻlishi yoʻnalishida Jeneva shahrida Oʻzbekiston ishchi guruhining oʻninchi va oʻn birinchi yigʻilishlari oʻtkazilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida davlat dasturi doirasida bajarilishi belgilangan jami 818 ta topshiriqdan 710 tasining ijrosi toʻliq taʼminlangan, 5 tasi belgilangan tartibda nazoratdan olingan, 47 tasining ijro etish muddati uzaytirilgan, 56 tasining ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi, “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish toʻgʻrisida”gi, “Atrof-muhit monitoringi toʻgʻrisida”gi, “Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisida”gi, “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi kabi qonun loyihalarining Qonunchilik palatasiga qisqa muddatlarda kiritilishini taʼminlash zarur.
Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetida koʻzda tutilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishini va maqsadli sarflanishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan koʻtarilgan investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda yanada qulayliklar yaratish, raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, bank va toʻlov tizimlarida kiberxavfsizlikni kuchaytirish, aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand xotin-qizlarni va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, umumtaʼlim maktablarini qurish (taʼmirlash), darsliklar taʼminotini yaxshilash, inklyuziv taʼlimni takomillashtirish, chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat dasturidagi muddati uzaytirilgan va bajarilishi davom etayotgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining, ayniqsa, xalqaro moliya institutlari mablagʻlarining maqsadli oʻzlashtirilishini taʼminlash;
davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi, “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish toʻgʻrisida”gi, “Atrof-muhit monitoringi toʻgʻrisida”gi, “Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisida”gi, “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi kabi qonun loyihalarining Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-fevral,
1818-V-son