Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlari hamda ilmiy hamjamiyat oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-avgustdagi PF-138-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishni tashkil qilish, natijalarini tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olish va tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar ilmiy hamjamiyat bilan tadbirkorlik subyektlarining ilmiy va innovatsion hamkorlik aloqalarining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tadbirkorlik sohasida ilmiy ishlanmalar, innovatsion loyihalar, jumladan, xorijda qoʻllanadigan ilgʻor uslub va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish;
ishlab chiqarish va xizmatlarning yangi hamda zamonaviy turlarini yaratish, ishlanmalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida innovatsion menejmentni rivojlantirish;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy hamjamiyat oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish va tadbirkorlik subyektlarining innovatsion salohiyatini kuchaytirish;
yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida ushbu faoliyatni tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olish.
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar tadbirkorlik subyektlari hamda ilmiy hamjamiyat oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini taʼminlash maqsadida quyidagi imkoniyatlarni oʻz ichiga olgan maxsus elektron platformani (keyingi oʻrinlarda — Maxsus platforma) ishlab chiqsin:
yaratilgan yangi ishlanmalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari va investorlar uchun batafsil maʼlumotlarni aks ettiruvchi elektron shaklda yuritiladigan Yangi ishlanmalar bazasini tashkil etish;
ilmiy izlanuvchilar va ularning tadqiqot mavzulari reyestrini yuritish orqali ilmiy tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy ishlanmalar mualliflari va tadbirkorlik subyektlari uchun ochiq maʼlumotlar maydonini yaratish;
sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi orqali yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlanmalar mualliflari va tadbirkorlik subyektlarini aniqlash, ularni oʻzaro bogʻlash, tegishli xabarlarni yuborish hamda hamkorlik jarayonlarini jadallashtirish imkoniyatini yaratish;
ilmiy ishlanmalar mualliflari va tadbirkorlik subyektlari oʻzaro hamkorlik kelishuvini imzolagandan keyin Maxsus platforma orqali shartnomalarni elektron koʻrinishda shakllantirish va imzolash imkoniyatini yaratish;
ilmiy ishlanmalarga asosan mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha litsenziya shartnomasiga ega boʻlgan ilmiy ishlanmalar mualliflari va tadbirkorlik subyektlariga Agentlik tomonidan eʼlon qilinadigan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish tanlovlarida (keyingi oʻrinlarda — tanlovlar) ishtirok etish uchun arizalar yuborish imkoniyatini yaratish;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz faoliyat yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar orqali yechimini topish zarur boʻlgan muammolarni kiritish imkoniyatini yaratish;
Maxsus platforma orqali hamkorlik shartnomalarini imzolagan tadbirkorlik subyektlarining ilmiy hamkorlik reyestrini joriy qilish;
ilmiy hamkorlik reyestriga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida qoʻshimcha ball berish maqsadida “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasiga oʻzaro integratsiya qilish.
3. Agentlik Maxsus platformada yangi ishlanmalar bazasi hamda ilmiy izlanuvchilar va ularning tadqiqot mavzulari reyestri yuritilishini taʼminlasin.
4. Soliq qoʻmitasi Agentlik bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar Maxsus platforma “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
Maxsus platforma orqali ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy qilishni hamkorlikda yoʻlga qoʻygan olimlar va tadbirkorlik subyektlarining tajriba-sinov ishlari uchun sarflanadigan xarajatlari Agentlik tomonidan har yili oʻtkaziladigan yangi ishlanmalar tanlovlari doirasida Innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
ilmiy hamkorlik reyestriga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida qoʻshimcha ball beriladi;
ilmiy loyihalar boʻyicha imzolangan kelishuvlar yoki shartnomalar taraflar tomonidan imzolanib, roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan faoliyat yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar orqali yechimini topish zarur boʻlgan muammolarni ilmiy tadqiqoti sifatida tanlagan izlanuvchi yoki olimlarga Agentlik tomonidan eʼlon qilinadigan tanlovlarda ustuvorliklar beriladi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 23-fevral,
75-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-fevraldagi 75-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 10-bandning “v” kichik bandi kuyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etgan tadbirkorlik subyektlari”.
2. Quyidagi mazmundagi 344-band bilan toʻldirilsin:
“344. Tadbirkorlik subyektlari ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishi orqali ilmiy hamkorlik reyestriga kiritilgan boʻlsa — 5 ball beriladi.
Bunda loyiha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining Maxsus platformasida ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etib, ilmiy hamkorlik reyestriga kiritilgan kundan eʼtiboran 12 oy davomida qoʻshimcha ball beriladi”.
3. 2-ilova quyidagi mazmundagi 27-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ | |||
27. | Tadbirkorlik subyektlari ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishi orqali ilmiy hamkorlik reyestriga kiritilgani | Kunlik | Soliq qoʻmitasi |
”. |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2026-y., 09/26/75/0172-son)