Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBALIQ” DAVLAT-AKSIONERLIK KORPORATSIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-iyuldagi 289-sonli “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Baliqchilik sanoati korxonalarining ishlab chiqarish-iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va respublika aholisini baliq va baliq mahsulotlari bilan eng toʻliq taʼminlashda ularning tashabbuskorligi va tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzbaliq” baliq va baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash hamda sotish konserni Kengashining uni 1-ilovaga* muvofiq birlashmalar, korxonalar va tashkilotlardan iborat tarkibda “Oʻzbaliq” davlat-aksionerlik korporatsiyasiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbaliq” davlat-aksionerlik korporatsiyasi:
yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik korporatsiyasi hisoblanadi va baliq hamda baliq mahsulotlarini yetishtirishni, qayta ishlashni, sotishni, shuningdek, urugʻliq baliq va baliq omixta ozuqalari yetishtirishni amalga oshiruvchi, mulkchilikning turli shakllaridagi korxonalarni ixtiyoriy asosda birlashtiradi;
ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliyaviy faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiradi, markazlashtirilgan sugʻurta, zaxira va boshqa fondlarni tashkil etadi;
shartnoma va majburiyatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzbaliq” konsernining huquqiy vorisi hisoblanadi;
Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Quyidagilar “Oʻzbaliq” korporatsiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
mamlakat aholisining turli xil baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini ularni ishlab chiqarish, shuningdek, boshqa davlatlardan keltirish hisobiga qondirish;
korporatsiya qatnashchilarining va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning baliq hamda baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, sotish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
respublikaning baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
baliqchilik xoʻjaligida bozor munosabatlarini rivojlantirish, tarmoq davlat birlashmalarini, korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga, jamoa korxonalariga va fermer xoʻjaliklariga aylantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
yagona ilmiy-texnika va texnologiya siyosatini oʻtkazish, ichki va tashqi bozorlar konʼyukturasini oʻrganish, tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish;
hokimiyat va boshqaruvning davlat hamda mahalliy organlarida “Oʻzbaliq” korporatsiyasi qatnashchilarini huquqiy himoya qilish va ularning manfaatlarini ifodalash.
4. Korporatsiya ijro etuvchi apparati tuzilmasining 2 va 2a-ilovalarga* muvofiq hamda uning xodimlari cheklangan sonining 37 nafardan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat boʻlishiga rozilik berilsin.
* 2 va 2a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzbaliq” korporatsiyasida raisning ikki nafar, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin.
Rais va rais oʻrinbosarlari korporatsiya muassislarining umumiy yigʻilishida saylanadilar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, korporatsiyaning ijro etuvchi apparatini mablagʻ bilan taʼminlash uning tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar foydasidan ajratmalar, shuningdek, oʻz faoliyati hisobiga amalga oshiriladi.
5. “Oʻzbaliq” korporatsiyasi bir oy muddatda, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, korporatsiya Ustavini qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi:
“Oʻzbaliq” korporatsiyasi bilan birgalikda 1994-1995-yillar mobaynida 3-ilovaga* muvofiq davlat birlashmalari va korxonalarini mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsin;
* 3-ilova berilmaydi.
“Oʻzbaliq” korporatsiyasiga korporatsiya tarkibiga kiruvchi davlat aksionerlik jamiyatlaridagi davlatga tegishli aksiyalarga egalik qilish huquqi berilsin;
aksionerlik jamiyatlarini rivojlantirish va ularning ijtimoiy vazifalarini hal etish uchun korporatsiyaga shartnoma asosida davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha dividentlar berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston SSJ agrosanoat kompleksini boshqarish strukturasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1991-yil 11-yanvardagi 5-son qarorining “Oʻzbaliq” konsernini tashkil etishga doir qismi hamda “Oʻzoziqovqatsanoat” oziq-ovqat sanoati va “Oʻzbaliq” baliq va baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish konsernlari ustavlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1991-yil 1-apreldagi 79-son qarorining “Oʻzbaliq” konserni Ustavini tasdiqlashga doir qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H.Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 18-avgust,
427-son