Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3757]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2026-yil 1-martdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-yanvar,
2-mh-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi D. ASHUROV
2025-yil 25-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 2-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish va uni bekor qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Notarius tomonidan ijro xati notarial idora binosida, videokonferensaloqa orqali, elektron shaklda yoki murojaat qiluvchilarning xohishiga koʻra notarial idora binosidan tashqarida (sayyor tartibda) yoziladi.
Ijro xati videokonferensaloqa orqali yozilganda, uning tasdiqlovchi yozuvida bu haqida koʻrsatiladi hamda yozish jarayoni notarius tomonidan majburiy audio va videoda qayd etiladi.
Ijro xati sayyor tartibda yozilganda, uning tasdiqlovchi yozuvida u yozilgan joyning manzili koʻrsatiladi va yozish hamda imzolash jarayoni notarius tomonidan majburiy audio va videoda qayd etiladi.
Ijro xati notarius tomonidan faqat yuridik shaxslar foydasiga qarzdorlikni undirishni nazarda tutuvchi hujjatlar boʻyicha elektron shaklda yozilishi mumkin. Bunda, ijro xatini yozish va tasdiqlash jarayonida murojaat qiluvchi ishtirok etishi talab etilmaydi.
Ijro xatini yozish jarayonining audio va videoda qayd etilishi talab etiladigan hollarda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxs tasvirga toʻliq tushirilishi shart.
Bunda notarius tomonidan qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, notarial harakat mazmuni va ahamiyati notarius tomonidan ovoz chiqarib tarafga tushuntirib berilishi, hujjat matni murojaat qiluvchiga toʻliq tanishtirilishi, uning asl maqsadiga muvofiqligi tasdiqlanishi hamda toʻliq audio va videoda qayd etilishi lozim.
Agar ijro xati notarial idora binosida yoki sayyor tartibda yozilsa, murojaat qiluvchining barmoq izlari “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (bundan buyon matnda Tizim deb yuritiladi) skaner qilinadi. Bunda murojaat etuvchining jismoniy nuqsoni (barmoqlarning yoʻqligi, barmoq izlari yoʻqolganligi va boshqa) sababli maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish imkoniyati mavjud boʻlmasa, Face-ID bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar ijro xati videokonferensaloqa orqali yoki elektron shaklda yozilsa, ijro xati murojaat qiluvchi tomonidan Face-ID bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuniga (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) asosan Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi.
Rasmiylashtiriladigan hujjat matni fuqaroning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon boʻlsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
3. Agar ijro xati taraf tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni notarius yoki taraf taklif etgan tarjimon tomonidan ogʻzaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqida hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvida kim tomonidan tarjima qilinganligi, shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi hamda matn mazmuni tushuntirilganligi koʻrsatilishi kerak.
Tarjimon hujjat tarjimasini notoʻgʻri yoki yolgʻon tarjima qilganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida koʻrsatiladi.
4. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan bosh tortgan taqdirda, uning murojaati koʻrmasdan qoldiriladi. Bunda, ijro xatini yozish uchun toʻlangan toʻlovlar qaytariladi.
5. Murojaat qiluvchi ijro xatini yozish va bekor qilish uchun oʻzi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi, toʻgʻriligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
6. Notarius va uning xodimlari hamda amalga oshirilayotgan notarial harakatlar toʻgʻrisida oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xabardor boʻlib qolgan shaxslar oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning maxfiy saqlanishini taʼminlashi kerak.
2-bob. Murojaat qilish tartibi
7. Murojaat qiluvchi ijro xatini yozish uchun notarial idoraga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki notarius xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “E-notarius.uz” axborot portali orqali (bundan buyon matnda elektron tarmoq deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtadi.
8. Notarius Tizim orqali kelib tushgan murojaatlarni bir ish kuni ichida koʻrib chiqishi yoki murojaat qiluvchini qabul qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Murojaat qiluvchi elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishni, shuningdek ijro xatini yozish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni joʻnatgan holda tegishli ijro xati loyihasining oldindan tayyorlab qoʻyilishini soʻrab murojaat qilishi mumkin.
10. Murojaat qiluvchi(lar)ning elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish boʻyicha yoʻllagan murojaat(lar)i Tizimda avtomatik tarzda qayd qilinadi.
11. Murojaat qiluvchi(lar) elektron tarmoq orqali ijro xatini yozish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oldindan joʻnatgan holda, tegishli hujjatlarning tayyorlab qoʻyilishi boʻyicha yoʻllagan murojaatlari ularning elektron raqamli imzosi yoki Face-ID bilan tasdiqlanadi.
Ijro xati loyihasi murojaat qiluvchi va notarius tomonidan kelishilgan vaqtda oldindan tayyorlab qoʻyiladi.
12. Murojaat qiluvchi ijro xatini yozish uchun notariusga nizosiz talablar boʻyicha mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
3-bob. Murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash tartibi
13. Murojaat qiluvchi notarial idoraga bevosita oʻzi kelganda uni notarius yordamchisi, notarius yordamchisi mavjud boʻlmaganda kotib yoki notarius stajyori yoxud notarius qabul qiladi va uning maqsadiga aniqlik kiritadi.
Bunda notarius yordamchisi (kotib yoki notarius stajyori) murojaat qiluvchini notarius qabuliga elektron navbatga yozib qoʻyishi va bu haqda notariusni xabardor qilishi yoki bevosita notarius qabuliga yoʻnaltirishi mumkin, bundan notarius qabuliga navbatga yozilgan murojaat qiluvchi mavjud boʻlmagan hollar mustasno.
14. Notarius murojaat qiluvchining shaxsini aniqlaydi.
Murojaat qiluvchining shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, haydovchilik guvohnomasi, ID-kartasi;
Keyingi tahrirga qarang.
harbiy xizmatchilar — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar yoxud ID-kartalar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
Keyingi tahrirga qarang.
chet el fuqarolari — ularning milliy pasporti (qonunchilik hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinishi lozim) yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, ID-kartasi yoxud diplomatik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
xorijdagi doimiy yashovchi va konsullik roʻyxatida turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
fuqaroligi boʻlmagan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-karta.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning aslini taqdim etish talab etilmaydi. Bunda murojaat qiluvchining shaxsi uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli asosida tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Notarius murojaat qiluvchining muomala layoqatini u bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlaydi.
16. Notariusda murojaat qiluvchining ruhiy holati buzilganligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz xatti-harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydi yoki shu harakatlarni boshqara olmaydi deb yoxud spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik va psixotrop moddalarni isteʼmol qilishi oqibatida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyadi deb hisoblash uchun asos boʻlsa (shubha tugʻdirsa), ammo shu shaxsning muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmasa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni kechiktiradi va sudning shu shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topganligi toʻgʻrisidagi qarori mavjud yoki mavjud emasligini Tizim orqali tekshiradi.
17. Notarius ijro xatini yozishda ishtirok etuvchi shaxsning bosim yoki kuchli ruhiy hayajonlanish ostida deb hisoblash uchun asosi boʻlsa (shubha tugʻdirsa) notarial harakatni amalga oshirishni kechiktiradi va zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Notarius ushbu qarordan norozi tarafning sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishi lozim.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan boʻlsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishda muomala layoqati cheklangan shaxs homiysining yozma roziligini talab etadi. Bunda homiyning roziligi alohida ariza taqdim etish koʻrinishida boʻladi.
18. Yuridik shaxslar ishtirokidagi ijro xatlarini yozishda notarius tomonidan ularning huquq layoqati tekshiriladi. Yuridik shaxslarning huquq layoqatini tekshirish paytida notarius yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan tanishib chiqishi, shuningdek u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini hamda amalga oshirilayotgan notarial harakatlar ularning taʼsis hujjatlariga muvofiq yoki muvofiq emasligini Tizim orqali tekshirishi shart.
19. Ijro xati vakilning murojaatiga asosan rasmiylashtirilgan taqdirda, uning vakolati tekshiriladi.
Vakilning vakolati uning nomiga berilgan ishonchnoma va (yoki) vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va boshqalar) bilan tasdiqlanadi. Bunda, vakolat beruvchi jismoniy shaxs boʻlsa, uning oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi Tizim orqali “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida tekshiriladi va olingan maʼlumotnoma Tizimda saqlanadi.
Notarius taʼsis hujjati boʻyicha notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxslarning rahbarlaridan notarial harakatlarni bajarish uchun ishonchnoma talab qilmaydi. Bunday hollarda ularning mansab mavqeyini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Vakil tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma shubha tugʻdirgan taqdirda, notarius uni tasdiqlagan mansabdor shaxs (tashkilot) orqali tegishli ravishda tekshirishi lozim. Notarial tasdiqlangan ishonchnomaning bekor boʻlgan yoki boʻlmaganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali tekshiriladi.
4-bob. Kar-soqovlik nuqsoni va koʻzi ojiz boʻlgan shaxslar ishtirokida ijro xatini yozish
20. Ijro xatini yozishni soʻrab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir, zaif eshituvchi), koʻzi ojiz (koʻr, zaif koʻruvchi) boʻlgan shaxs(lar) murojaat qilsa (elektron shaklda va videokonferensaloqa shaklida qilingan murojaatlar bundan mustasno) hamda u(lar) savodsiz boʻlsa, ijro xatini tasdiqlash paytida u(lar) bilan muomala qila oladigan va hujjatning mazmunini u(lar)ning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini tasdiqlovchi surdo yoki tiflo tarjimon hozir boʻlishi shart.
Agarda notarius kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir, zaif eshituvchi) boʻlgan fuqarolar bilan muloqot qila olsa va koʻzi ojiz (koʻr, zaif koʻruvchi) fuqaro uchun moʻljallangan moslama bilan ishlay olsa, unda surdo yoki tiflo tarjimonning ishtiroki talab etilmaydi. Bu holatda notarius oʻzi tomonidan jismoniy nuqsoni mavjud boʻlgan fuqarolar bilan shaxsan muloqot qilganligi haqida hujjat matni va tasdiqlovchi yozuvida yozib qoʻyadi.
21. Notarius mazkur harakatlarni amalga oshirishda shaxsning surdo yoki tiflo tarjimonning imzosi haqiqiyligini shahodatlashni alohida notarial harakat sifatida roʻyxatga olmaydi.
Surdo tarjimonning vakolati unga Oʻzbekiston Karlar jamiyati tomonidan va tiflo tarjimonning vakolati unga Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati tomonidan berilgan ishonchnoma va xizmat guvohnomasi orqali aniqlanadi.
22. Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir, zaif eshituvchi) boʻlgan hamda muomala layoqatiga ega boʻlgan savodli shaxs notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilsa, hujjat uning oʻzi tomonidan shaxsan yoki notarius tomonidan oʻqib chiqiladi.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir, zaif eshituvchi) boʻlgan, muomala layoqatiga ega boʻlgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli shaxs oʻz imzosi bilan hujjat mazmuni oʻzining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan boʻlsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar hujjat bilan birga tikib qoʻyiladi.
23. Mazkur Nizomning 20 — 22-bandlarida belgilangan tartibda ijro xatini yozish jarayoni audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
24. Surdo tarjimon yoxud tiflo tarjimon hujjat tarjimasini notoʻgʻri yoki yolgʻon tarjima qilganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida koʻrsatiladi.
5-bob. Ijro xatini yozishga qoʻyiladigan umumiy talablar
25. Ijro xati quyidagi hollarda yoziladi:
taqdim etilgan hujjatlar qarzdorning undirib oluvchidan qarzdor ekanligi yoki boshqa majburiyatini shubhasiz tasdiqlasa;
majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganda daʼvo qilish huquqi vujudga kelgan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlmasa.
Agar ijro xati berish haqidagi talab uchun qonunchilikda boshqa muddat belgilangan boʻlsa, ijro xati shu muddat ichida beriladi.
26. Notariuslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir ming baravarigacha boʻlgan quyidagi fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha ijro xati yoziladi:
notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.
27. Ijro xatida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
ijro xatini yozayotgan notariusning ismi va otasining ismini bosh harflari, familiyasi, lavozimi;
undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari, jismoniy shaxslar uchun tugʻilgan sanasi, shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
undirib olish amalga oshiriladigan muddat;
undirib olinishi kerak boʻlgan summalar yoki talab qilib olinishi kerak boʻlgan narsalar (koʻchar mulklar), shu jumladan toʻlanishi kerak boʻlgan penya, foizlar;
undirib oluvchi toʻlagan yoki qarzdordan undirilishi kerak boʻlgan davlat boji hamda huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun toʻlovlar summalari;
qarzdor ijro xatiga qarshi asoslantirilgan eʼtirozlarini bildirib, xususan tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish orqali ijro xatini yozgan notariusga ijro xati nusxasini yuborgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ijro xatini bekor qilishni soʻrab murojaat qilish huquqi tushuntirilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
ijro xati yozilgan sana (yil, oy, kun);
ijro xatining elektron reyestrda qayd etilgan tartib raqami;
ijro xatini yozgan notariusning imzosi, muhri va (yoki) QR-kodli (matrik shtrixli kodli) imzosi.
28. Ijro xati, agar qonunchilikda boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, u yozilgan kundan boshlab uch yil muddat ichida majburiy ijro uchun taqdim etilishi mumkin.
Ijro xatini taqdim etishning oʻtkazib yuborilgan muddatini, shuningdek ijro xati boʻyicha undirishni tiklash qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Notarius ijro xatini yozgandan soʻng uni undiruvchi va qarzdorga (uning oila aʼzolaridan biriga) topshirishi yoki ularga pochta yoxud boshqa aloqa vositalari orqali, shu jumladan ijro xati joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini qayd etish imkonini beruvchi vositalardan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil telefonga (mavjud boʻlganda) yuboradi.
30. Undiruvchining iltimosiga koʻra, qarzdor tomonidan oʻn kun ichida ijro xatini yozgan notariusga shikoyat kelib tushmagan taqdirda ijro xati Tizimda notariusning QR-kodli (matrik shtrixli kodli) imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida qarzdorning yashash joyidagi, agar qarzdor yuridik shaxs boʻlsa, uning joylashgan yeridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tegishli boʻlinmasiga mazkur muddat oʻtgandan soʻng ijro uchun yuboriladi.
6-bob. Ijro xati loyihasini tayyorlash tartibi
31. Tegishli hujjatlar talab qilib olingan va maʼlumotlar tekshirilganidan soʻng notarius, notarius yordamchisi, stajyori yoki kotibi tomonidan ijro xati loyihasi tayyorlanadi.
32. Ijro xati matni aniq va ravshan yozilgan boʻlishi lozim, hujjatning mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech boʻlmaganda bir marta soʻz bilan, hujjatning matnida baholar koʻrsatilsa, raqam hamda soʻz bilan yozilishi, yuridik shaxslarning nomlari esa ularning organlari joylashgan yerni koʻrsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi, soliq toʻlovchining shaxsiy identifikatsiya raqami koʻrsatilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzili, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami toʻliq koʻrsatilgan holda yozilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda chet el fuqarolari qatnashayotgan boʻlsa, ularning fuqaroligi ham koʻrsatib oʻtilishi kerak.
Bunda ijro xatining mazmuni Tizimga aniq va toʻliq kiritilishi lozim.
33. Bir xil shakldagi hujjatlar boʻyicha (masalan, bank kreditlari, kommunal xizmatlar uchun toʻlanadigan toʻlovlar hamda shu kabilar) bir qancha ijro xatlari berishni amalga oshirish paytida notarial idorada qarzdorlarning roʻyxatlari olinadi. Bunda undiruvchi va qarzdorlarning toʻliq nomi va manzili, toʻlov muddatlari, ijro xati boʻyicha qarz undirish summasi, zarur hollarda esa boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatiladi.
Notarius ijro xatlari yozishda roʻyxatda koʻrsatilgan qarzdorlarning qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatning bir nusxasini notarial idorada qoldiradi.
34. Ijro xati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Tizimga kiritiladi va har bir ijro xati alohida tartib raqami bilan roʻyxatga olinadi. Bunda ijro xatining tasdiqlangan elektron shakli Tizimda saqlanadi.
7-bob. Ijro xatini yozish uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi
35. Ijro xatini yozishda notarius tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan davlat boji va Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlariga (roʻyxat raqami 3235, 2020-yil 29-may) muvofiq huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiriladi.
36. Murojaat qiluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Tizimga toʻliq kiritilganidan soʻng notarial harakat uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori Tizimda avtomatik ravishda hisoblanadi, toʻlov kvitansiyalari (invoys) murojaat qiluvchiga beriladi va uning Tizimga kiritilgan mobil telefoni raqamiga toʻlovlarning miqdori, notarial harakatni tasdiqlash kodi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “ishonch telefoni” raqami koʻrsatilgan SMS xabar yoʻllanadi.
Murojaat qiluvchining mobil telefoni mavjud boʻlmaganda, istisno tariqasida, Tizimga u tomonidan koʻrsatilgan, notarial idoraga birga kelgan boshqa shaxsning mobil telefoni raqamini, agar faqat oʻzi kelgan boʻlsa, notariusning mobil telefoni raqamini kiritishga ruxsat etiladi.
37. Toʻlovlar amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumotlar Tizimga kelib tushgandan hamda notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qiluvchi notarial harakatni tasdiqlash kodini notariusga berganidan soʻng tasdiqlanadi.
38. Bir xil shakldagi hujjatlar yuzasidan bir qancha ijro xatlari berilganda, roʻyxatda koʻrsatilgan qarzdorlarning har biri boʻyicha alohida toʻlov kvitansiyalari (invoys) beriladi.
Toʻlovlar amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumot toʻlov kvitansiyalari (invoys) Tizimda saqlanadi.
8-bob. Ijro xatiga tuzatish kiritish yoki uni bekor qilish tartibi
39. Notarius oʻz tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaxslarning iltimosiga koʻra ijro xatining barcha nusxalariga uning mohiyatini oʻzgartirmaydigan tuzatishlarni kiritishi yoki uning aniq arifmetik xatolarinigina tuzatishi mumkin.
Ijro xatidagi tuzatishlar tegishli matnning oxirida notariusning imzosidan oldin izohlanishi, notariusning imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Bunda, tuzatishlar shunday qilinishi kerakki, oʻchirilgan barcha soʻzlar va raqamlarni boshlangʻich matnda oʻqish imkoni boʻlishi lozim.
Ijro xatiga kiritilgan tuzatishlar tegishli tartibda Tizimga kiritiladi.
40. Notarius yoʻl qoʻygan xatosi natijasida oʻzi rasmiylashtirgan ijro xatining notoʻgʻriligini bilib qolgan taqdirda, u ana shu ijro xatini belgilangan tartibda bekor qilish choralarini koʻrish uchun bu haqda prokurorga xabar qilishga majbur. Notarius prokurorga xabar qilganligi toʻgʻrisida tegishli hududiy adliya organlarini xabardor qiladi.
41. Qarzdor ijro xatiga qarshi asoslantirilgan eʼtirozlarini bildirib, xususan tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish orqali ijro xatini yozgan notariusga ijro xati nusxasini yuborgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ijro xatini bekor qilishni soʻrab murojaat qilishga haqli.
Bunday holda notarius ijro xatini bekor qilib, bu haqda qaror chiqaradi. Ijro xatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorda notarius undiruvchi bildirgan talab daʼvo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligi haqida tushuntiradi.
Ijro xatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror nusxasi undiruvchi va qarzdorga (uning oila aʼzolaridan biriga) topshirilishi yoki ularga pochta yoxud boshqa aloqa vositalari orqali, shu jumladan qaror joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini qayd etish imkonini beruvchi vositalardan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil telefonga (mavjud boʻlganda) yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-bob. Ijro xati yozishni rad qilish tartibi
42. Notarius quyidagi hollarda ijro xati yozishni rad etadi, agar:
bunday ijro xatini yozish qonunga zid boʻlsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yoki zarur vakolatlari boʻlmagan vakil ijro xati yozishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa;
yuridik shaxs manfaatida yozilgan ijro xati uning ustavida yoki nizomida koʻrsatilgan maqsadlarga zid boʻlsa;
ijro xati yozish qonun talablariga muvofiq boʻlmasa;
ijro xati yozish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmasa;
qarzdor jismoniy shaxs vafot etgan boʻlsa;
murojaat qiluvchi ijro xatini yozish uchun toʻlovni amalga oshirmasa;
undiruvchi qarzdorlikni haqiqatda mavjudligini isbotlab bera olmasa.
Ijro xatini yozish rad etilgan taqdirda, notarius ijro xati yozishni rad etish haqida murojaat qilingan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan qaror chiqaradi.
Notarius ijro xatini yozish toʻgʻrisidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.
43. Notarius ijro xati yozishni rad etganda toʻlangan davlat boji hamda huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun toʻlovlar qaytariladi.
10-bob. Yakuniy qoida
44. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Ijro xatini yozish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Notarial tasdiqlangan bitimlar boʻyicha ijro xatini olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) notarial tasdiqlangan bitimning nusxasi;
b) undiruvchi tomonidan qarzdorga toʻlov muddatini oʻtkazib yuborganligi toʻgʻrisida yuborilgan bildirishnoma;
v) qarzdorlik faktini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (elektron yoki yozma).
Bunda 2020-yil 1-yanvardan keyin rasmiylashtirilgan bitimlar Tizim orqali notarius tomonidan tekshiriladi hamda undiruvchidan talab etilmaydi.
2. Oʻzaro tuzilgan oddiy yozma shakldagi bitimlar boʻyicha ijro xatini olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) oʻzaro tuzilgan bitimning nusxasi;
b) undiruvchi tomonidan qarzdorga toʻlov muddatini oʻtkazib yuborganligi toʻgʻrisida yuborilgan bildirishnoma;
v) qarzdorlik faktini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (elektron yoki yozma).
3. Ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha ijro xatini olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) hisobvaraqning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
b) undiruvchi tomonidan qarzdorga toʻlov muddatini oʻtkazib yuborganligi toʻgʻrisida yuborilgan bildirishnoma;
v) qarzdorlik faktini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (elektron yoki yozma);
d) qarzdorlik koʻchmas mulk bilan bogʻliq boʻlsa, uning kadastr raqami;
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlik Tizim orqali notarius tomonidan tekshiriladi.
Mazkur hujjatlar idoralararo elektron axborot almashuvi orqali olinishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3757/0058-son; 10.08.2026-y., 10/26/3757-1/0829-son)