Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 29-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 1-noyabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 1-noyabrda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi pirotexnika buyumlarining muomalasi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Pirotexnika buyumlari
Pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun moʻljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.
Pirotexnik tarkib gazsimon va kondensatsiyalangan mahsulotlarning yonishi (portlashi) jarayonida issiqlik energiyasini hamda mexanik energiyani ishlab chiqaruvchi komponentlar aralashmasidir.
Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I — V sinflariga boʻlinadi.
Pirotexnika buyumlarini xavflilikning sinflari boʻyicha tasniflash mezonlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
4-modda. Pirotexnika buyumlarining erkin muomalasi
Oʻzbekiston Respublikasida xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, oʻtkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarining muomalasi qonunchilik hujjatlarida va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
5-modda. Pirotexnika buyumlarining cheklangan muomalasi
Oʻzbekiston Respublikasida xavflilikning II — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, joʻnatish, oʻtkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Xavflilikning II — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarishga, tayyorlashga, saqlashga, tashishga va oʻtkazishga ruxsat beriladi.
Xavflilikning III — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar oʻtkazish maqsadida, xavflilikning II — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini sanoat va harbiy maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga, tashishga, saqlashga va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
6-modda. Pirotexnika buyumlarining mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar oʻtkazish maqsadidagi muomalasi
Xavflilikning III — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Pirotexnika buyumlarini mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7-modda. Pirotexnika buyumlarining sanoat maqsadidagi muomalasi
Xavflilikning II sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlari sanoat maqsadida foydalanish uchun yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, tashilishi, saqlanishi va ulardan foydalanilishi mumkin.
Xavflilikning III — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini sanoat maqsadida foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, saqlash hamda ulardan foydalanish portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qoʻllagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya doirasida amalga oshiriladi.
8-modda. Pirotexnika buyumlarining harbiy maqsaddagi muomalasi
Xavflilikning II — V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini harbiy maqsadda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan vakolatli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda. Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati
Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati boshqa organlar tomonidan ham oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, tashish, oʻtkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish holatlarini aniqlash hamda ularga barham berish, shuningdek aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
10-modda. Nizolarni hal etish
Pirotexnika buyumlarining muomalasi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
11-modda. Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilsin:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar, № 7, 629-modda, № 8, 826, 829, 831-moddalar, № 9, 954, 964, 965-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1078, 1083, 1084-moddalar, № 11, 1187, 1188, 1189-moddalar, № 12, 1279, 1280, 1282, 1286, 1287-moddalar; 2025-yil, № 1, 5, 8-moddalar, № 2, 187, 188, 196, 198, 201-moddalar, № 3, 368, 376-moddalar, № 4, 517, 521-moddalar, № 5, 643, 644-moddalar, № 6, 729-modda) 1851-moddasi birinchi qismining sanksiyasidagi “besh baravaridan yigirma baravarigacha” degan soʻzlar “oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 16-sentabrda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-407-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 272-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 588, 591-moddalar, № 10, 674-modda, № 12, 891-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 466-modda, № 6, 570-modda, № 10, 984-modda; 2023-yil, № 7, 537-modda; 2024-yil, № 3, 244-modda, № 9, 958, 964-moddalar, № 12, 1291-modda) 17-moddasining birinchi qismiga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
oʻttiz oltinchi xatboshidagi “pirotexnika buyumlarining” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
oʻttiz yettinchi xatboshidagi “pirotexnika buyumlarini” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyulda qabul qilingan “Qurol toʻgʻrisida”gi OʻRQ-550-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 7, 388-modda; 2020-yil, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 466-modda, 2024-yil, № 2, 105-modda) 17-moddasining uchinchi qismidagi “va pirotexnika buyumlari” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076, 1079-moddalar, № 11, 1191-modda, № 12, 1280, 1285-moddalar; 2025-yil, № 1, 4, 6-moddalar, № 2, 188, 189, 195, 197-moddalar, № 4, 519, 520-moddalar, № 5, 648-modda) ilovaning 21-bandi “b” kichik bandi chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-701-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar; 2025-yil, № 1, 3, 6-moddalar, № 2, 189, 197-moddalar, № 3, 376-modda, № 4, 519, 520, 521-moddalar, № 5, 644, 645-moddalar) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 1-ilovaning 22-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
2) 2-ilovaning 24-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
3) 4-ilova:
I boʻlimining 18-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
II boʻlimining 24-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
13-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
14-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Pirotexnika buyumlarini mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida tasdiqlasin;
portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qoʻllagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash tartibi pirotexnika buyumlarining sanoat maqsadidagi muomalasini tartibga solish uchun takomillashtirilishini nazarda tutuvchi qarorni ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida qabul qilsin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
15-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-yanvar,
OʻRQ-1111-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2026-y., 03/26/1111/0037-son)