Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipovga talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Mazkur parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzolari tomonidan joylarda oliy taʼlim muassasalarida oʻrganilib, tahlil qilindi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Xususan, oliy taʼlim muassasalarida Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Xavfsiz dargoh va xavfsiz talaba” platformasi amaliyotga joriy etildi. “Xavfsiz hudud” loyihasi doirasida “Qalqon” jamoatchilik tuzilmalari faoliyati takomillashtirilib, ularning jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faolligi oshirildi.
Jamoatchilik guruhi profilaktika inspektorlari bilan kelishgan holda talabalar shaharchasi va yotoqxona atrofida 24 soatlik navbatchilik hamda patrullik xizmatini tashkil etmoqda.
2025-2026 oʻquv yilidan boshlab “Ijtimoiy faollik indeksi” joriy etilib, talabalarning maʼnaviy-maʼrifiy va sport sohalaridagi faolligi, barcha xatti-harakatlari platforma orqali onlayn baholab borilmoqda.
Joriy oʻquv yilida “Maʼrifat ulashib” hamda “Adabiy — maʼrifiy haftalik” loyihalariga 280 ming nafar, “Islohotlar bilimdoni”, “Kitobxon”, “Maʼrifat maydoni” kabi loyihalarga 450 ming nafar talaba qamrab olindi.
Ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy obidalar, madaniy meros obyektlari, teatr va muzeylarga tashriflarini tashkil etish orqali talabalarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida joriy oʻquv yilida ham tashrif va sayohatlar tashkil etilib, ularga 1 mln dan ortiq talaba-yoshlar jalb etilishi belgilandi.
“Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Universiada” sport musobaqalariga qamrov — 540 ming nafarga yetkazildi.
“Jaholatga qarshi maʼrifat bilan” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga 620 ming nafar talaba qamrab olindi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun oʻtiladigan “Falsafa” faniga “Korrupsiyaning mohiyati, oqibatlari va unga qarshi kurashish mexanizmlari”, “Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorligining maqsadlari va yoʻnalishlari” va boshqa mavzular kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” maxsus oʻquv kursi dasturi asosida barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun jadval asosida 16 soatlik maxsus kurs mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Samarqand viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari” oʻquv qoʻllanmasi tayyorlanib, joriy yilda chop etildi.
Tyutorlarning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, 2025-yilning avgust oyida Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Joriy yilning yanvar — oktabr oylari davomida jami 1430 nafar tyutor malaka oshirish kurslarida tahsil olib, (357 nafari toʻgʻridan toʻgʻri, 1 073 nafari masofaviy (onlayn) kurslarda oʻqidi) ularning 1 117 nafariga (78%) sertifikat topshirildi.
Ayrim davlat oliy taʼlim muassasalari hamda xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, 4-bosqich uchun ham tyutor lavozimi joriy qilindi yoki mavjud tyutorlarga qoʻshimcha ragʻbatlantirish hisobiga 4-bosqich talabalari biriktirildi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini takomillashtirib borish orqali aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasiga vazirlik tomonidan takliflar berilgan.
Takliflarda taʼlim tashkilotlarida “Huquqiy toʻgarak”lar va “Debat klub”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “Huquqiy bilimlar haftaligi”, “Huquqiy maʼlumot burchaklari” hamda “Taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari huquqlari, burchlari va masʼuliyati” mavzusida ota-onalar majlisini tashkil qilish kabi masalalar nazarda tutilgan.
Hozirda sportning badminton, basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, kurash, stol tennisi, futbol (futzal), shaxmat turlari boʻyicha “Talabalar ligasi” musobaqalari oʻtkazilmoqda. Bunda 141 ta oliy taʼlim muassasasining 281 ming nafar talabasi faol qatnashmoqda.
Parlament soʻrovi natijalari tahlili amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar hamon saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Oliy taʼlim muassasalari yotoqxonalariga talabalar kirish-chiqishini monitoring qilishni raqamlashtirish maqsadida “Face-ID” kamera va turniketlar oʻrnatish maqsadga muvofiq boʻlsa-da, huquqiy hujjat qabul qilinmaganligi natijasida ayrim oliy taʼlim tashkilotlarida ushbu tizim oʻrnatilmagan.
Bugungi kunda faqatgina 35 ta oliy taʼlim tashkilotlarining 103 ta talabalar turar joylari binosiga “Face-ID” kamera va 19 ta oliy taʼlim tashkilotlarining 61 ta talabalar turar joylari binosiga turniketlar oʻrnatilgan boʻlib, bu talabalarni toʻliq nazorat qilish imkonini bermaydi.
Qayd etish joizki, joriy yilning 9 oyi davomida talabalar tomonidan 487 ta jinoyat sodir etilib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 105 taga yoki 13 foizga kamaygan boʻlsa-da, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida talabalar bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni olib borish hamda ota-onalar bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga yetarli eʼtibor qaratilmaganligi sababli talabalar jinoyatchiligi toʻliq bartaraf qilinmayapti.
Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalarida davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi, “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonunlarda belgilangan talablarga toʻliq rioya qilinmayapti.
Yuqorida qayd etilgan masalalar talabalarning oʻqishi va bilim olishini doimiy nazorat qilish, ularning maʼnaviy va ijtimoiy holatini tahlil qilish, mavjud muammolarni bartaraf etishda koʻmaklashish hamda bu borada tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipovga talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisidagi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzosi Z. Bekatovaning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
talabalar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish;
oliy taʼlim muassasalari yotoqxonalariga “Face-ID” kamera va turniketlar oʻrnatish, talabalarning kirish-chiqishini kunlik monitoring qilishni tartibga solishga qaratilgan huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda talabalarning huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishi bilan bogʻliq holatlarni oʻz vaqtida aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish, shuningdek, huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishga moyilligi boʻlgan talabalar bilan doimiy tarbiyaviy mashgʻulotlar oʻtkazib borish;
taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, taʼlim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga alohida eʼtibor qaratish;
talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish hamda ular uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan alohida yoʻl xaritasini tasdiqlab, ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalari talabalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasini tasdiqlab, ijrosini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda sud hukmi bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan talabalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi qisqa metrajli filmlarni suratga olib, talabalar oʻrtasida namoyish etsin.
5. Ushbu Qaror ijrosiga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2026-yil 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari hamda Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari:
talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan doimiy hamkorlik qilsin;
vazirlikning kengaytirilgan hayʼat majlislarida ishtirok etib, ushbu masalani muhokama qilsin;
qoʻmitalar majlislarida mazkur masalalarni har chorakda muhokama qilib borsin;
qoʻmitalarning ish rejalarida oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini oshirish, talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish masalalarini inobatga olsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼullarning axborotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A. Eshmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 19-dekabr,
SQ-228-V-son