Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2025-yil 18-noyabr kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida”gi QL-145-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”)(ikkinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslariga fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-147-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Markaziy Osiyo-Xitoy” formati kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomni ratifikatsiya qilish haqida”gi QL-149-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi QT-5-sonli qonunchilik taklifi toʻgʻrisida (koʻrib chiqish uchun);
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayevning “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga moʻljallangan dasturining ijrosi, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda qonunchilik hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksiga muvofiqlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish haqida.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-noyabr,
№ 1450-V