Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “GʻARBDA ISHLAB CHIQARILGAN SAMOLYOTLARGA TEXNIK XIZMAT KOʻRSATISH MARKAZINI TASHKIL ETISH BOʻYICHA LOYIHANING IKKINCHI BOSQICHINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA” 2003-YIL 19-MAYDAGI 224-SON QARORIGA OʻZGARTIRISH KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Gʻarbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga xizmat koʻrsatishga doir yangi texnologiya jarayonlarini ildamlik bilan oʻzlashtirish va investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ikkinchi bosqichini tugallash boʻyicha “Uzbekistan airways technics” avia korxonasi tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar roʻyxatini D-Chock (ogʻir bazaviy xizmat koʻrsatish, taʼmirlash)gacha kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Gʻarbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirishning ikkinchi bosqichi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “DZ BANK” kreditor bank tanlov asosida aniqlanganligi va qarz bitimi tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining “Gidro-Geratebau” kompaniyasi bilan tuzilgan kontraktning umumiy qiymatini 620,0 ming AQSh dollari summasiga kamaytirish va koʻrsatib oʻtilgan summani boʻyoqchilik angarini va kolibrlash stansiyasini zamonaviylashtirish va jihozlash, dok asbob-uskunalari sotib olish uchun “Lyuftganza Texnik AG” kompaniyasi bilan tuzilgan kontraktga koʻchirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Gʻarbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish boʻyicha loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 19-maydagi 224-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshida “4008,57” raqamlari “4628,57” raqamlari bilan, “1516,43” raqamlari “896,43” raqamlari bilan almashtirilsin.
4. Loyihani amalga oshirish bosqichlari tuzilmasi oʻzgarganligini hisobga olib “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi loyihaning uchinchi bosqichini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrishda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun texnik-iqtisodiy asoslarga tegishli tuzatishlar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.F.Fayzullayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-may,
218-son