Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirining
buyrugʻi
“Futbol boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) oʻzini tutish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 6-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2430-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2013-yil 22-fevraldagi 162-son “Futbol boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) oʻzini tutish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2430, 2013-yil 22-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 8-son, 113-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-noyabr,
9-mh-son
Kelishildi:
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 24-noyabr
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2025-yil 24-noyabr
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
2025-yil 19-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2025-yil 29-noyabrdagi 9-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Futbol boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) oʻzini tutish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Buyruqning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:”.
2. Qoidalarda:
1) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan sport inshootlarida (bundan buyon matnda sport inshootlari deb yuritiladi) futbol boʻyicha sport musobaqalari va tomosha tadbirlarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) oʻzini tutish tartibini belgilaydi.”;
2) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Sport inshootiga kirish vaqtida tomoshabinlar (muxlislar):
sport inshooti hududiga va tribunalariga chiptalar yoki kirish huquqini beruvchi boshqa hujjatlar boʻyicha kirish va sport inshootining umumiy sigʻimi doirasida ularda koʻrsatilgan joylarni egallash;
sport inshooti hududida joylashgan saqlash kameralari, garderoblar, bufetlar, qahvaxonalar, maʼlumotlar byurosi, telefonlar, kioskalar va shu kabilardan belgilangan tartibda foydalanish;
plastik surnaylar, dastasi plastikdan boʻlgan bayroqchalar, dastasi yoʻq bayroqlar, fotoapparatlar, mobil telefonlarni sport inshootiga olib kirish huquqiga ega.”;
3) 4-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Sport inshootiga kirish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) majburiyatlari:”;
ikkinchi xatboshidagi “kelishga” degan soʻz “kelish” degan soʻz bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “koʻrsatishga hamda ularning xavfsizlik va tartibni saqlash boʻyicha qonuniy talablarini bajarishga majbur” degan soʻzlar “koʻrsatish hamda ularning xavfsizlik va tartibni saqlash boʻyicha qonuniy talablarini bajarish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 5-banddagi “chogʻida” degan soʻz “vaqtida” degan soʻz bilan almashtirilsin;
5) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Futbol boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazilayotgan vaqtda tomoshabinlarning (muxlislarning) majburiyatlari:
jamoat tartibiga va umumiy qabul qilingan xulq-odob normalariga rioya qilish;
sport inshootining jihozlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish;
sport inshootiga tashrif buyurish tartibiga rioya qilish;
yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish;
boshqa jamoalarning muxlislariga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlmaslik;
boshqalarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishlari, atrofdagilarga xavf soladigan harakatlarni sodir etmaslik;
shubhali predmetlar va buyumlarni koʻrganda, shuningdek tutun yoki yongʻin sodir boʻlganda zudlik bilan sport inshooti maʼmuriyati yoki huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xabar berish;
favqulodda vaziyatlarda vahima koʻtarmaslik, fuqarolarni evakuatsiya qilishga toʻsqinlik qiluvchi xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik, sport inshooti maʼmuriyati, ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillarining evakuatsiyaga doir qonuniy talablarini bajarish;
davlat ramzlariga, shuningdek Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Professional futbol ligasi, klublar va jamoalarning ramzlariga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
futbol boʻyicha sport musobaqalari tashkilotchilari, sport inshooti maʼmuriyati, ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillarining ushbu Qoidalar talablariga, umumiy qabul qilingan xulq-odob normalariga va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga doir qonuniy talablarini bajarish.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/2430-1/1144-son)