Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta xomashyosini muqobil manbalar hisobidan moliyalashtirayotgan qishloq xoʻjaligi subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida islohotlarni jadallashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-sentabrdagi PQ-290-son qaroriga muvofiq paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xoʻjaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qishloq xoʻjaligi subyektlarining birja savdolari orqali realizatsiya qilgan paxta xomashyosiga subsidiya olish uchun murojaat qilish tartibi;
subsidiyani moliyalashtirish va ajratish hamda undan foydalanish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda paxta xomashyosi va urugʻliklarini yetishtiruvchilar hamda ularni qabul qilib olgan xoʻjaliklar tomonidan rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura maʼlumotlari “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilish orqali real vaqt rejimida taqdim etilishini yoʻlga qoʻysin;
“Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda 2026-yilning 5-sentabrigacha har oyning 5-sanasida hisobot oyida paxta xomashyosi yetishtiruvchilar tomonidan elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan holda birjada realizatsiya qilingan paxta xomashyosi hamda paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan tola va ikkilamchi mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga taqdim etib borsin;
paxta xomashyosini xarid qilish boʻyicha rasmiylashtirilgan holda subsidiya ajratish uchun taqdim etilgan elektron hisobvaraq-fakturalarga tuzatishlar kiritilishiga hamda bekor qilinishiga yoʻl qoʻymasin.
Bunda asoslangan hisob-kitoblar taqdim etilganda, elektron hisobvaraq-faktura boʻyicha ajratilgan subsidiyalarning qaytarilgan qismi boʻyicha tuzatishlar kiritilishiga ruxsat beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
4. Ushbu qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishiga masʼul etib Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJ hamda tijorat banklari belgilansin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-dekabr,
771-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 771-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million soʻmdan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Bunda subsidiyalar “Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJda tuzilgan fyuchers, forvard, spot shartnomalari (shartnomadan ortiqcha topshirilgan paxta xomashyosi ham inobatga olinadi) hamda “Agrodoks” axborot tizimi orqali urugʻlik paxta yetishtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar doirasida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 28-martdagi PQ-131-son qarorining 8-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda sotilgan va Soliq qoʻmitasining bazasida roʻyxatga kiritilgan elektron hisobvaraq-faktura boʻyicha rasmiylashtirilgan paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun ajratiladi.
Ushbu Vaqtinchalik nizom talablari 2026-yil 1-yanvarga (spot shartnomalari uchun 2026-yil 1-aprelga) qadar 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun tatbiq etiladi.
Mazkur Vaqtinchalik nizom talablari paxta-toʻqimachilik klasterlari, paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan toʻrtinchi va beshinchi sanoat navli paxta xomashyosiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Vaqtinchalik nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
birja — “Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJ;
subsidiya — 2025-yil hosilidan birjada tuzilgan fyuchers, forvard, spot shartnomalari (shartnomadan ortiqcha topshirilgan paxta xomashyosi ham inobatga olinadi) hamda “Agrodoks” axborot tizimi orqali urugʻlik paxta yetishtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar doirasida elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan holda sotilgan va elektron hisobvaraq-faktura Soliq qoʻmitasining bazasida roʻyxatga olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million soʻm miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ajratilgan mablagʻlar hisobidan bir marta beriladigan mablagʻ;
tijorat banki — paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi subyektlarining birlamchi bank hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatuvchi bank;
paxta xomashyosi yetishtiruvchi — 2025-yil hosilidan birjada tuzilgan fyuchers, forvard, spot shartnomalari (shartnomadan ortiqcha topshirilgan paxta xomashyolari ham inobatga olinadi) hamda “Agrodoks” axborot tizimi orqali urugʻlik paxta yetishtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar doirasida paxta xomashyosini sotgan va asosiy faoliyati mahsulot yetishtirish boʻlgan qishloq xoʻjaligi subyekti;
elektron hisobvaraq-faktura (keyingi oʻrinlarda — EHF) — mahsulot sotilgani va sotib olinganini tasdiqlovchi hamda elektron hisobvaraq-faktura aylanish tizimi operatorlari orqali taqdim etiladigan va qabul qilinadigan elektron hujjat.
3. Urugʻlik chigit va xomashyoni qayta ishlab, tola va ikkilamchi mahsulotlarni birjada sotgan paxta xomashyosi yetishtiruvchiga ajratiladigan subsidiya summasi sotilgan paxta tolasi miqdoriga 0,335 koeffitsiyent qoʻllagan holda paxta xomashyosiga aylantirish orqali aniqlanadi.
Ushbu toifadagi paxta xomashyosi yetishtiruvchiga subsidiya paxta xomashyosini qayta ishlashdan olinadigan urugʻlik chigitni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida hamda tola, texnik chigit, lint, pux va ulyuk mahsulotlari birja savdolari orqali EHF rasmiylashtirgan holda toʻliq sotilgandan keyin 2026-yil 1-avgustga qadar ajratiladi.
2-bob. Subsidiya olish uchun murojaat qilish va subsidiya ajratish tartibi
4. Paxta xomashyosi yetishtiruvchi subsidiya olish uchun oʻzi yetishtirib sotgan mahsulotni bir marta yoki bir necha qismga boʻlib sotishidan qatʼi nazar, bir marotaba murojaat qilish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Birjada sotilgan paxta xomashyosi, urugʻlik chigit yoki paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan tola, texnik chigit, lint, pux va ulyuk mahsulotlari boʻyicha rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qoʻmitasining bazasida roʻyxatga olingan boʻlishi shart.
5. Paxta xomashyosi yetishtiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasida (keyingi oʻrinlarda — Agroportal) shaxsiy kabinet ochish orqali subsidiya olish toʻgʻrisida ariza beradi.
Arizada paxta xomashyosi yetishtiruvchi tomonidan sotilgan mahsulot, seleksiya navi, sinfi va konditsion miqdori hamda shartnomada koʻrsatilgan summaga asosan shakllantirilgan EHF koʻrsatiladi.
Elektron dastur ushbu maʼlumotlar asosida paxta xomashyosi yetishtiruvchi tomonidan birjada sotilgan mahsulot miqdori, sotilgan mahsulotga EHF rasmiylashtirilishi boʻyicha maʼlumotlarni toʻliq shakllantirib, ajratilishi lozim boʻlgan subsidiya miqdorini hisoblab beradi.
Bunda rasmiylashtirilgan EHF Soliq qoʻmitasining axborot tizimidan Agroportalga integratsiya qilish orqali uzatiladi.
6. Agroportalda shakllantirilgan subsidiya ajratiladigan paxta xomashyosi yetishtiruvchilar roʻyxati har oyning 10-sanasida (ushbu sana ish kuni boʻlmaganda keyingi ish kunida) Jamgʻarmaga (Qishloq xoʻjaligi vazirligining rasmiy xati bilan) yuboriladi.
7. Jamgʻarma subsidiya ajratiladigan paxta xomashyosi yetishtiruvchilar roʻyxati kelib tushgandan keyin uch ish kuni ichida:
hisoblangan subsidiya miqdori sotilgan mahsulot miqdoriga mutanosibligini har oyning boshida Soliq qoʻmitasi hamda birjaning unda sotilgan va EHF rasmiylashtirilgan mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumotlari bilan taqqoslab oʻrganib chiqadi hamda xatoliklar aniqlangan taqdirda, maʼlumotlarga aniqlik kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga qaytaradi;
hisob-kitoblarda xatoliklar aniqlanmagan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga subsidiyani ularning bank hisobvaragʻiga (23410) oʻtkazib berish uchun tegishli mablagʻni tijorat bankiga joylashtiradi.
8. Tijorat banki paxta xomashyosi yetishtiruvchiga ajratilgan subsidiyani uch bank ish kuni ichida uning 23410 hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
3-bob. Subsidiya mablagʻlaridan foydalanish
9. Tijorat banki paxta xomashyosi yetishtiruvchining 23410 hisobvaragʻiga kelib tushgan subsidiyani, birinchi navbatda, 2025-yilda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit va ularga hisoblangan foizlarni hamda oldingi yillarda ajratilgan imtiyozli kreditlar boʻyicha qarzdorliklarni soʻndirishga yoʻnaltiradi.
Imtiyozli kreditlar va ularga hisoblangan foizlar boʻyicha qarzdorliklar qoplangandan keyin qolgan mablagʻlar dastlab soliqlar va majburiy toʻlovlarga, soʻng esa lizing boʻyicha joriy qarzdorliklarni soʻndirishga yoʻnaltiriladi.
Bunda soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha oldindan toʻlovni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Imtiyozli kreditlar va ularga hisoblangan foizlar, soliqlar va majburiy toʻlovlar hamda lizing boʻyicha qarzdorliklar boʻlmaganda, subsidiya paxta xomashyosi yetishtiruvchining asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi va ushbu mablagʻdan paxta xomashyosi yetishtiruvchilar erkin foydalanadi.
11. Tijorat banki subsidiyaning paxta xomashyosi yetishtiruvchining 23410 hisobvaragʻiga oʻtkazib berilmagan qismini sababini koʻrsatgan holda uch bank ish kuni ichida toʻligʻicha Jamgʻarmaga qaytaradi.
Ajratilgan mablagʻlar ushbu Vaqtinchalik nizomning 9-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilarida belgilangan toʻlovlardan boshqa toʻlovlarga yoʻnaltirilganda yoki uch bank ish kuni ichida paxta xomashyosi yetishtiruvchining 23410 hisobvaragʻiga oʻtkazib berilmaganda yoxud sababli ravishda oʻtkazib berilmagan qismi Jamgʻarmaga qaytarilmaganda, tijorat bankiga nisbatan qonunchilik hujjatlarda belgilangan miqdorda jarimalar qoʻllanadi.
Bunda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari yakuni boʻyicha tuzilgan xulosa (dalolatnoma) hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanilishini monitoring qilish boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan monitoring yakuni boʻyicha tuzilgan xulosa (dalolatnoma) asos boʻladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Ushbu Vaqtinchalik nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
13. Tijorat banklari paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga ajratilgan subsidiyaning oʻz vaqtida va ushbu Vaqtinchalik nizomda belgilangan maqsadlarda sarflanishi yuzasidan javobgar hisoblanadi.
14. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizom talablari doirasida mablagʻ ajratish yakunlangandan keyin nazorat tariqasida oʻrganish oʻtkaziladi.
15. Ushbu Vaqtinchalik nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-dekabrdagi 771-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 11-martdagi 130-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, don uchun makkajoʻxori, dukkakli, moyli, sholi va ozuqabop ekinlarni yetishtirish xarajatlarini kreditlash hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish uchun talab etiladigan aylanma mablagʻlarini toʻldirishga “revolver” kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 4-banddagi “va moyli” soʻzlari “, moyli, sholi va ozuqabop” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2-ilovada:
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Qarz oluvchi bugʻdoy yetishtirish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlar uchun “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali kiritilgan toʻlov topshiriqnomalariga muvofiq kreditdan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni va xizmat koʻrsatuvchilarni ixtiyoriy tanlaydi. Bunda 2026-yil 1-martga qadar toʻlov topshiriqnomalari qarz oluvchining tanloviga koʻra anʼanaviy usulda qogʻoz shaklida yoki “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali elektron shaklda, 2026-yil 1-martdan boshlab faqat mazkur platforma orqali elektron shaklda taqdim etiladi”;
g) 3-ilovada:
birinchi xatboshidagi “saqlovchi va eksport qiluvchilarga” soʻzlari “saqlovchi va eksport qiluvchilar, shuningdek, chorvachilik va issiqxona xoʻjaliklariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“d” kichik banddagi “ozuqabop” soʻzi “ozuqabop va moyli” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi “e” va “j” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“e) issiqxona xoʻjaliklariga hosil qiymatining 50 foizigacha miqdorda aylanma mablagʻlarni toʻldirish hamda chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish xarajatlarini kreditlash toʻgʻrisidagi bitim moliya yili boshida tuziladi;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili 1-yanvarga qadar 1 gektar maydonda kartoshka yetishtirish xarajatlarini tovar-moddiy resurslar bahosini hisobga olgan holda ishlab chiqib, Jamgʻarmaga taqdim etadi”;
ikkinchi xatboshidagi “meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish” soʻzlari “meva-sabzavot mahsulotlarini (ozuqabop va moyli ekinlar bundan mustasno) yetishtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 8 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatga”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“issiqxona xoʻjaliklariga hosil qiymatining 50 foizi miqdorida aylanma mablagʻlarni toʻldirish hamda ular tomonidan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish xarajatlarini kreditlash uchun yillik 10 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr hamda soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatga joylashtiradi;
kartoshka yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 8 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga”;
toʻrtinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
7-bandning uchinchi xatboshisidagi “sabzavot” soʻzi “meva-sabzavot” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Kredit miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan har yili eʼlon qilinadigan minimal narx asosida hamda tuproqning bir bonitet balliga nisbatan normativ hosildorligini (sentner/gektar), shuningdek, issiqxonada yetishtiriladigan mahsulotlar qiymati va chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish xarajatlari boʻyicha taqdim etiladigan maʼlumotlarini hisobga olgan holda belgilanadi”;
ikkinchi xatboshidagi “meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish” soʻzlari “meva-sabzavot mahsulotlarini (ozuqabop va moyli ekinlar bundan mustasno) yetishtirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) 6 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatga”;
quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin;
“kartoshka yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz (shundan bank marjasi 4 foiz) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga;
issiqxona xoʻjaliklariga hosil qiymatining 50 foizi miqdorida aylanma mablagʻlarni toʻldirish hamda ular tomonidan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish xarajatlarini kreditlash uchun yillik 14 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) 6 oylik imtiyozli davr hamda soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatga qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz kredit ajratadi”;
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Qarz oluvchi meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlar uchun “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali kiritilgan toʻlov topshiriqnomalariga muvofiq kreditdan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni va xizmat koʻrsatuvchilarni ixtiyoriy tanlaydi. Bunda 2026-yil 1-martga qadar toʻlov topshiriqnomalari qarz oluvchining tanloviga koʻra anʼanaviy usulda qogʻoz shaklida yoki “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali elektron shaklda, 2026-yil 1-martdan boshlab faqat mazkur platforma orqali elektron shaklda taqdim etiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 25-dekabrdagi 680-son qaroriga 1-ilovada:
a) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Jamgʻarma oʻzining kredit resurslarini tijorat bankiga paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun normativ hosildorlik (sentner/gektar), paxta yigʻim-terimi va yakuniy hisob-kitob xarajatlarini moliyalashtirish uchun fyuchers va spot shartnomalari boʻyicha yalpi hosildorlik asosida moliya yilidan oldingi yilning 1-noyabrida eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan kelib chiqib, hisoblangan qiymat asosida joylashtiradi”;
b) 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Qarz oluvchi paxta xomashyosini yetishtirish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlar uchun “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali kiritilgan toʻlov topshiriqnomalariga muvofiq kreditdan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni va xizmat koʻrsatuvchilarni ixtiyoriy tanlaydi. Bunda 2026-yil 1-martga qadar toʻlov topshiriqnomalari qarz oluvchining tanloviga koʻra anʼanaviy usulda qogʻoz shaklida yoki “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali elektron shaklda, 2026-yil 1-martdan boshlab faqat mazkur platforma orqali elektron shaklda taqdim etiladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini muqobil manbalar hisobidan moliyalashtirish va samarali faoliyat yuritayotgan qishloq xoʻjaligi subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 24-iyuldagi 466-son qarorida:
a) 9-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq qoʻmitasi — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini hamda birjada tuzilgan shartnomalarga asosan sotilgan paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan EHFlarni oʻrganib chiqadi va haqqoniyligini tasdiqlaydi, shuningdek, EHFlarga asossiz tuzatishlar kiritilishiga hamda bekor qilinishiga (zarur hollarda EHF boʻyicha ajratilgan subsidiyalarning qaytarilgan qismi bundan mustasno) yoʻl qoʻymaydi”;
b) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. “Subsidiya.mf.uz” portaliga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga va haqqoniyligiga subsidiya oluvchi hamda masʼul tashkilotlar, shuningdek, EHFlarga tuzatishlar kiritilmasligi va bekor qilinmasligiga Soliq qoʻmitasi javobgar hisoblanadi”;
v) 14-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) shartnoma va EHFda aks ettirilgan sana, raqam hamda hosil turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bir-biriga mos kelmaganda”;
a) nomidagi “oʻz mablagʻlari hisobidan xarid qilingan” soʻzlari “oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilgan hamda xarid qilingan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi qiymatining 10 foizi hamda birjada tuzilgan shartnomalarga asosan paxta xomashyosini xarid qilganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizini qoplab berish uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi”;
ikkinchi xatboshida “Bunda subsidiyalar” soʻzlaridan keyin “paxta xomashyosini yetishtirish uchun amalga oshirilgan toʻlov hujjatlari va qabul kvitansiyalari (PK-17) boʻyicha rasmiylashtirilgan, shuningdek,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 2-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“subsidiya — paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan qabul kvitansiyalaridagi (PK-17) paxta qiymati, biroq normativ hosildorlik miqdoridan oshmagan paxta qiymatining 10 foizini hamda birjada tuzilgan shartnomalarga asosan paxta xomashyosini xarid qilganda, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan bir martalik ajratiladigan mablagʻ”;
toʻrtinchi xatboshida “oʻz mablagʻlari hisobidan” soʻzlaridan keyin “paxta xomashyosini yetishtirgan hamda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
g) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Subsidiyalar paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga oʻz mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosini yetishtirish uchun amalga oshirilgan toʻlov hujjatlari va qabul kvitansiyalari (PK-17) boʻyicha, shuningdek, birjada tuzilgan shartnomalarga asosan xarid qilingan har hosil yilidagi paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan barcha EHFlar boʻyicha mavsum yakunida umumlashtirilgan holda ajratiladi.
Bunda fyuchers, forvard va spot shartnomalarining har biri boʻyicha xarid qilingan paxta xomashyosi uchun hisob-kitoblar toʻligʻicha subsidiya oluvchilarning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi, shuningdek, Jamgʻarmaning imtiyozli kreditlari hamda tijorat kreditlari hisobidan xarid qilingan shartnomalar (2025-yil hosiliga qisman imtiyozli kredit olingan va yil yakuniga qadar soʻndirilgan shartnomalar bundan mustasno) boʻyicha subsidiya ajratilmaydi”;
d) 5-bandda “paxta xomashyosini” soʻzlaridan keyin “yetishtirgan va” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
e) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Subsidiya oluvchi oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi qiymatining 10 foizini hamda birjada tuzilgan shartnomalarga asosan paxta xomashyosini xarid qilganda, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizini qoplashga subsidiya olish uchun “Subsidiya.mf.uz” portaliga oʻzining shaxsiy kabineti orqali quyidagi maʼlumotlarini kiritadi:
davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning raqami va sanasi;
yuridik shaxsning toʻliq nomi;
tashkiliy-huquqiy shakli xos raqami (THSH);
amalga oshirayotgan faoliyat turi kodi (IFUT);
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini (STIR);
bank rekvizitlari (bank boʻlimi nomi, MFO va 23210 maxsus hisobvaragʻi);
elektron manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
pochta manzili;
a) oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi boʻyicha:
oʻz mablagʻi hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan qabul kvitansiyalari (PK-17);
Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman (Quvasoy shahar) boʻlimlari tomonidan tasdiqlangan tuproqning bir bonitet balliga nisbatan normativ hosildorligi (sentner/gektar) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
b) oʻz mablagʻlari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi boʻyicha:
birjada paxta xomashyosini sotib olish boʻyicha tuzilgan elektron shartnomalar (raqami va sanasi);
paxta xomashyosi xaridi oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi elektron toʻlov hujjati (raqami va sanasi);
EHFlar raqamlari va sanasi (integratsiya orqali).
Bunda “Subsidiya.mf.uz” portali paxta xomashyosini yetishtirish uchun amalga oshirilgan toʻlov hujjatlari va qabul kvitansiyalari (PK-17) boʻyicha maʼlumotlar, shuningdek, birjada tuzilgan shartnomalarga asosan xarid qilingan paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan EHF yuzasidan maʼlumotlar xato kiritilgan hollarda subsidiya oluvchini har bir xatolik boʻyicha avtomatik ravishda xabardor qiladi”;
j) 9-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq qoʻmitasi — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini hamda birjada tuzilgan shartnomalarga asosan sotilgan paxta xomashyosi boʻyicha rasmiylashtirilgan EHFlarni oʻrganib chiqadi va haqqoniyligini tasdiqlaydi, shuningdek, EHFlarga tuzatishlar kiritilishiga va bekor qilinishiga (zarur hollarda EHF boʻyicha ajratilgan subsidiyalarning qaytarilgan qismi bundan mustasno) yoʻl qoʻymaydi”;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tijorat banklari — subsidiya oluvchining bank rekvizitlarini (bank boʻlimi nomi, MFO va hisobvaragʻini) solishtirib chiqadi, paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini amalga oshirish uchun Jamgʻarmaning kredit resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar yoki tijorat kreditlari ajratilmaganini hamda paxta xomashyosi haqiqatda paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobidan yetishtirilganini va xarid qilinganini tasdiqlaydi”;
z) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. “Subsidiya.mf.uz” portaliga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga va haqqoniyligiga subsidiya oluvchi hamda masʼul tashkilotlar, shuningdek, EHFlarga tuzatishlar kiritilmasligi va bekor qilinmasligiga Soliq qoʻmitasi javobgar hisoblanadi”;
i) 12-banddagi “8 foizi” soʻzlari “10 foiz qismi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
k) 14-bandda:
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) paxta xomashyosi Jamgʻarmaning kredit resurslari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlar yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirilganda, shuningdek, ushbu kreditlar hisobidan xarid qilinganda”;
“g” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) shartnoma va EHFda aks ettirilgan sana, raqam hamda hosil turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bir-biriga mos kelmaganda”;
“e” kichik banddagi “8 foizidan” soʻzlari “10 foiz qismidan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 09/25/771/1138-son; 29.04.2026-y., 09/26/206/0425-son)