Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining
buyrugʻi
Oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2431-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2012-yil 28-dekabrdagi 508-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 9-son, 120-modda) bilan tasdiqlangan Oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-noyabr,
443-son
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 11-noyabrdagi 443-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 18-banddagi va 27-bandning ikkinchi xatboshisidagi “oshirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar “qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 20-banddagi “50” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin.
3. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Kontrakt asosida oʻqitish uchun toʻlov oʻquv yilining quyidagi muddatlarida:
belgilangan toʻlov miqdorining kamida 25 foizi — talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15-sentabrgacha hamda ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar uchun 1-oktabrgacha yoki oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha;
belgilangan toʻlov miqdorining kamida 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgacha va 100 foizi 1-maygacha yoki oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha amalga oshiriladi.
Bunda, Davlat komissiyasi tomonidan mazkur bandda nazarda tutilgan toʻlovlarni amalga oshirish muddatlari uzaytirilishi mumkin.
Qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyent Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizini bajargandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.”.
4. 24-bandning uchinchi xatboshisidagi “Oshirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar “Qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 28-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda, qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinganlar birinchi kursda talabalar safidan chetlashtirilganda qaytariladigan toʻlov miqdori oʻquv yilining oxiriga qadar qolgan oylar sonini tegishli oʻquv yiliga tasdiqlangan oʻqitishning qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorining oʻn ikkidan bir qismiga koʻpaytirish orqali aniqlanadi va kontraktning tegishli tarafi yozma murojaatiga koʻra qaytarib beriladi.”.
6. 34-bandda:
birinchi xatboshidagi “oshirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar “qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va stajirovka oʻtashlariga;”;
oʻn uchinchi xatboshidagi “eng kam ish haqining” degan soʻzlar “mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 50-bandning oʻn birinchi xatboshisidagi “eng kam ish haqining” degan soʻzlar “mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.11.2025-y., 10/25/2431-5/1080-son)