Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining 2025-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2025-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita tomonidan fan-texnika, taʼlim, turizm, madaniyat va sport yoʻnalishlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda oʻz faoliyati doirasida taʼsirchan parlament nazoratini olib borish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, oʻtgan davrda Qoʻmita 5 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan va ularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita oʻzi masʼul boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida jami 15 ta ishchi guruh yigʻilishini oʻtkazgan. Shuningdek aksariyat qonun loyihalari Qoʻmita huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muhokama qilingan.
Bundan tashqari Qoʻmita majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining hamda Sport vazirligining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitilgan.
Shu bilan birga 2025-yil 19-avgustda Qoʻmita hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A. Ikramovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar orasida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” parlament soʻrovi yuborilgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabrda boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tegishli ishlar olib borilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qaroriga muvofiq ijro etuvchi hokimiyat bilan qonun ijodkorligi va parlament nazorati doirasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida qator vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar Qoʻmitaga biriktirildi.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti bilan birgalikda hamkorlik memorandumlari imzolangan hamda hamkorlikdagi ish rejalari tasdiqlangan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 1 marotaba ekspert guruhi yigʻilishi hamda 1 marotaba jamoatchilik kengashi yigʻilishi, 9 ta davra suhbati, 4 ta seminar, 1 ta konferensiya, 2 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va 1 ta matbuot anjumani oʻtkazilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 372 ta murojaat koʻrib chiqilgan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fuqarolar bergan 23 ta taklif alohida oʻrganilib, takliflari asosli deb topilgan fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etilgan va ularga minnatdorlik bildirilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 1 809 marotaba chiqish qilingan hamda qonun ijodkorligiga va Qoʻmita faoliyatiga oid materiallarning muntazam yoritib borilishi taʼminlangan.
Shu bilan birga Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligini, ularga alohida eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Qoʻmitaning joylarda qonunlarning ijro etilishi holatini oʻrganishga doir ishlarni yanada jonlantirishga, qonunlarning mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga hamda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga doir tashabbuskorligini kuchaytirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqishda va nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda Qoʻmita huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolarini kengroq jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining 2025-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi:
oʻz faoliyatiga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga;
oʻzi masʼul boʻlgan qonun loyihalarini Qoʻmita huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muntazam ravishda muhokama qilishga;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilishga;
oʻzi koʻrib chiqayotgan qonun loyihalarining va oʻtkazayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazishga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz muddatida koʻrib borishga va fuqarolardan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha kelib tushgan takliflarni ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-oktabr,
№ 1372-V