Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
2025-yil 8-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan asosiy vazifalarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
(a) oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari va ularni ishga olgan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish;
(b) “Kelajakka qadam” dasturini tijorat banklari oʻrtasida ommalashtirish;
(v) oliy taʼlim tashkilotlari oʻquv dasturlariga biznes koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan aniq fanlarni kiritish;
(g) oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini nazorat qilib borish tartibini takomillashtirish;
(d) oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan startap va innovatsion loyihalarni grant mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlash.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
PQ-328-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
(a) “a” kichik banddagi “bitiruvchi bosqich talabalari uchun “Oʻzmilliybank” AJ” soʻzlari “bitiruvchi bosqich talabalari va oliygohni tamomlaganiga 3 yildan oshmagan bitiruvchilar uchun 1-ilovaga muvofiq Dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli banklar)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) “b” kichik bandning birinchi xatboshisidan “va quyi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. 3-bandda:
(a) birinchi xatboshidagi “Oʻzmilliybank” AJga” soʻzlari “vakolatli banklarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida bitiruvchi bosqich talabalarining oʻquv jarayonida korxona (tashkilot)da amaliyot (keyingi oʻrinlarda — amaliyot) oʻtash xarajatlarini moliyalashtirish hamda eng yaxshi startap va innovatsion loyihalarga grant mablagʻlari taqdim etish uchun begʻaraz asosda mablagʻ ajratilsin”;
3. Quyidagi mazmundagi 31 — 35-bandlar bilan toʻldirilsin:
“31. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi resurslarning vakolatli banklar oʻrtasidagi taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
32. Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlagan tadbirkorlik subyektlariga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar (keyingi oʻrinlarda — imtiyozli kredit) ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Bunda:
(a) imtiyozli kredit tadbirkorlik subyektlariga har bir milliard soʻm qiymatgacha boʻlgan mablagʻ uchun kamida bir nafar bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi;
(b) imtiyozli kredit ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun ajratiladi;
(v) tadbirkorlik subyekti uning imtiyozli kredit olishiga sabab boʻlgan bitiruvchi(lar) oʻrtasida ikki yil davomida mehnat shartnomasi bekor boʻlgan taqdirda, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor boʻlgan sanadan tijorat stavkasiga oʻzgartiriladi, bundan ushbu xodim(lar) oʻrniga bir oy muddatda boshqa bitiruvchi(lar)ni ishga qabul qilingan hollar mustasno.
33. Amaliyot oʻtash xarajatlarini moliyalashtirish hamda eng yaxshi startap va innovatsion loyihalarga grant mablagʻlari taqdim etishda shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) vakolatli banklar tomonidan tegishli miqdordagi mablagʻlarni oliy taʼlim tashkilotlariga oʻtkazish uchun oliy taʼlim tashkiloti, ish beruvchi va talaba oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) asos boʻladi, individual kasbiy taʼlim dasturi shartnomaga ilova qilinadi;
(b) shartnomada tomonlarning bitiruvchini ishga joylashtirish boʻyicha aniq majburiyatlari va mazkur majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi;
(v) oliy taʼlim tashkiloti tomonidan talabaning amaliyoti muddatiga mos ravishda har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorigacha toʻlovlar amalga oshiriladi;
(g) zaruratga koʻra, ish beruvchining buyurtmasiga muvofiq talabaning chet eldagi oliy taʼlim tashkiloti hamda korxonalarda qisqa muddatli kurslarga qatnashish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida toʻlovlar amalga oshiriladi;
(d) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi vakolatli banklar bilan hamkorlikda bitiruvchilar oʻrtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi hamda tanlov gʻoliblariga kamida ikki nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan bir milliard soʻmgacha grant mablagʻlari ajratiladi.
34. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv dasturlariga biznes koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha tanlov fani kiritilishini taʼminlasin.
35. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini taʼminlashga hamda statistik maʼlumotlar yuritilishiga masʼul etib belgilansin.”.
4. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. 2025-yil 15-noyabr kuniga qadar:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakolatli banklar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarni tasdiqlasin;
Markazlarga vakolatli banklarning masʼul xodimlari biriktirilsin;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markazlarning hududiy boʻlinmalari oliy taʼlim tashkilotlarida joylashtirilishini taʼminlasin”.
5. Quyidagi mazmundagi 1-ilova bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Kelajakka qadam” dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklari
ROʻYXATI
1. “Oʻzmilliybank” AJ
2. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB
3. “Asakabank” AJ
4. AT “Xalq banki”
5. “Mikrokreditbank” ATB
6. “Agrobank” ATB
7. “Turonbank” ATB
8. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB”.
6. Quyidagi mazmundagi 2-ilova bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchi talabalari bandligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ajratiladigan resurslarning tijorat banklari oʻrtasidagi
TAQSIMOTI
mln. AQSH doll. ekv. | |||||
T/r | Tijorat banki nomi | Ajratiladigan resurs | Bitiruvchilar bandligini taʼminlash** (nafar) | ||
Jami | shu jumladan: | ||||
kredit liniyasi | begʻaraz asosda* | ||||
1. | “Oʻzmilliybank” AJ | 20 | 16 | 4 | 6 000 |
2. | “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
3. | “Asakabank” AJ | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
4. | AT “Xalq banki” | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
5. | “Mikrokreditbank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
6. | “Agrobank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
7. | “Turonbank” ATB | 10 | 8 | 2 | 3 000 |
8. | “Biznesni rivojlantirish banki” ATB | 10 | 8 | 2 | 3 000 |
JAMI | 100 | 80 | 20 | 30 000 | |
Izoh:
* talabalarning amaliyot oʻtash xarajatlarini moliyalashtirish, grant mablagʻlarini ajratish uchun yoʻnaltiriladi;
** kredit mablagʻlari ajratish hamda mahallabay ishlash tizimi asosida tadbirkorlar bilan manzilli ishlash orqali taʼminlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)