Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirishga, sifatli adabiyotlarni chop etishni koʻllab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish maqsadida ushbu Qonun bilan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilashga, kitobxonlik madaniyatini ragʻbatlantirishga qaratilgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilmoqda.
Ushbu Qonun noshirlik mahsulotlarining qonunchilikka muvofiq sifatli chop etilishiga hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-noyabrda qabul qilingan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-731-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 11, 1063-modda; 2022-yil, № 11, 1061-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 6-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi “kitobxonlikni ragʻbatlantirish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) quyidagi mazmundagi 151-modda bilan toʻldirilsin:
“151-modda. Bosh muharrir
Bosh muharrir nashriyot tahririyatining ijodiy faoliyatiga rahbarlik qiladigan, nashriyotning mavzu rejalari ishlab chiqilishi hamda nashrlarning qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar) talablariga muvofiq tayyorlanishi uchun masʼul boʻlgan shaxsdir.
Bosh muharrir lavozimiga oliy maʼlumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan shaxs tayinlanadi. Bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Nashriyot nashrlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinadi.
Bosh muharrir nashriyotning ijodiy faoliyati uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Bosh muharrir nashrlarning mavzu yoʻnalishlaridan kelib chiqib, tegishli ekspertlar va olimlarning yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining taqrizlarini mustaqil ravishda olishga yoki muallifdan (mualliflardan) ularning taqdim etilishini talab qilishga haqli”;
3) 24-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “muallifning” degan soʻz “bosh muharrirning va muallifning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
OʻRQ-1093-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 03/25/1093/1004-son)