OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 30-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3683]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2025-yil 25-sentabr,
875-son
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 2025-yil 25-sentabrdagi 875-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 2019-yil 20-dekabrdagi 1236-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3216, 2020-yil 31-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2020-y., 10/20/3216/0120-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari aviatsiyasining uchuvchilar tarkibini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-ilovasi matnidagi “Doimiy yashash joyi” degan soʻzlar “Yashash joyi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 2020-yil 11-fevraldagi 130-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3226, 2020-yil 16-mart) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2020-y., 10/20/3226/0313-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmaga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Turgan joyi boʻyicha tahsil olayotgan yoki rasmiy mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar ushbu hududdagi mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmaga murojaat qilishlari mumkin.”;
1-ilovaning matnidagi “doimiy yoki vaqtinchalik yashash manzili” degan soʻzlar “yashash yoki turgan joyi manzili” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2025-y., 10/25/3683/0891-son)