Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga avtomototransport vositalari bilan bogʻliq savdo tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Avtomototransport vositalarini sotib olish va tasarruf etish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish, avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlar tuzishda fuqarolar va yuridik shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
avtomobilsozlik sohasida distribyutor va diler tushunchalariga aniqlik kiritish;
distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanilgan avtomototransport vositalarini sotib olish va sotish, shuningdek, ilgari foydalanilgan avtomototransport vositasiga almashtirish imkonini beruvchi “TRADE-UP” dasturini joriy etish.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-avgust,
535-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-avgustdagi 535-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“avtomototransport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, ularning distribyutor va diler tashkilotlari, shuningdek, distribyutor tashkilotlarining dilerlik tashkilotlari”;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan distribyutor va diler tashkilotlariga, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha;”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalarini sotishda;”;
oltinchi-yettinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi-sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlash (tasarruf etish huquqisiz ishonchnomalar bundan mustasno) distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasini, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish boshqa shaxsga berish taqiqlanmaganligi va xatlab qoʻyilmaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
Notariuslar tomonidan avtomototransport vositasini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi shartnomani rasmiylashtirish davomida murojaat qiluvchilar tomonidan avtomototransport vositalari agregatlar raqamlarining roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan koʻzdan kechiriladi va bu haqda shartnomada aks ettiriladi.
Distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasini, shu jumladan, ular tomonidan “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga qadar avtomototransport vositalari sotib oluvchining tanloviga koʻra, xohlagan DYHXX organlarida agregatlar raqamlari roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan koʻzdan kechirilishi lozim. Bunda agregatlar raqamlarining roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan maʼlumotnoma taqdim etiladi hamda ushbu maʼlumotnoma koʻzdan kechirgan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi va otasi ismining bosh harflari, koʻzdan kechirilgan sana koʻrsatilgan va mansabdor shaxs imzosi qoʻyilgan holda shtamp bilan tasdiqlanadi. Maʼlumotnoma 10 kun mobaynida amal qiladi.
Avtomototransport vositasi koʻzdan kechirilganligi uchun toʻlov undirilmaydi”;
v) 10-bandning birinchi va uchinchi xatboshilaridagi “ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari” soʻzlari “distribyutor yoki diler tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
oʻn toʻrtinchi-oʻn beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“TRADE-IN” — ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni toʻlagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish;
distribyutor tashkiloti — Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish boʻyicha ishlab chiqaruvchi bilan tegishli distribyutorlik kelishuviga ega yuridik shaxs;
quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi-oʻn sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“diler tashkiloti — Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish boʻyicha distribyutor tashkiloti yoki ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxs;
“TRADE-UP” — ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasini ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni toʻlagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirish”;
b) 7-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi mazmundagi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“Distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasini, shu jumladan, ular tomonidan “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishdan oldin:
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 24-moddasi toʻrtinchi qismi talablariga rioya etgan holda xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinishi;
avtomototransport vositasi raqam agregatlari va boshqa texnik parametrlarining roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlariga mos kelishi yuzasidan tekshirilishi uchun sotib oluvchining tanloviga koʻra xohlagan hududiy DYHXX organlariga taqdim etilishi zarur.”;
uchinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
v) 18-bandda:
beshinchi-oltinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“distribyutor yoki diler tashkiloti tomonidan realizatsiya qilingan yangi va ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalariga, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha avtomototransport vositalariga beriladigan elektron hisob-maʼlumot;
distribyutor yoki diler tashkiloti bilan tuzilgan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasi oldi-sotdi shartnomasi, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha tuzilgan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasi oldi-sotdi shartnomasi”;
quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ishlab chiqaruvchi va distribyutor yoki diler tashkiloti, shuningdek, distribyutor va diler tashkilotlari oʻrtasida avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomasi va topshirish-qabul qilish dalolatnomasi”;
oʻn uchinchi xatboshi oʻn toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 33-bandning “v1” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v1) distribyutor yoki diler tashkiloti tomonidan, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasi sotib olinganda;”;
d) 36-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “ixtisoslashtirilgan savdo korxonasi” soʻzlari “distribyutor yoki diler tashkiloti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 361-band kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“361. Distribyutor yoki diler tashkiloti tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasi sotib olinganda, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uchun distribyutor yoki diler tashkiloti vakili hududiy DYHXX organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
distribyutor yoki diler tashkilotining arizasi;
distribyutor yoki diler tashkiloti vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan distribyutor yoki diler tashkiloti vakilining ishonchnomasi;
distribyutor yoki diler tashkiloti bilan avtomototransport vositasining egasi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi;
avtomototransport vositasining ROʻDRB va roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnomasi.
Distribyutor yoki diler tashkiloti tomonidan sotib olingan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositasini, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha distribyutor va diler tashkiloti tomonidan DYHXX organlarida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishda maʼlumotnoma beriladi (vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilgan avtomototransport vositasiga ROʻDRB va roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma berilmaydi).
Mazkur maʼlumotnoma avtomototransport vositasini boshqarish huquqini bermaydi (distribyutor yoki diler tashkilotining joylashgan manziliga yoki avtomototransport vositasini saqlash joyiga yetib olish bundan mustasno).
Distribyutor va diler tashkilotlari tomonidan ilgari foydalanishda boʻlgan avtomototransport vositalarini sotib olganlik uchun, shu jumladan, “TRADE-IN” va “TRADE-UP” dasturlari boʻyicha ularni DYHXX organlarida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida yigʻim toʻlanmaydi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2025-y., 09/25/535/0776-son)