Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Namangan viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Namangan viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarining ijrosi parlament nazorati doirasida oʻrganildi.
Oʻrganish koʻrsatganidek, viloyatda joriy yilning birinchi yarim yilligida 35,3 trln soʻmlik yalpi hududiy mahsulot yaratilgan, hudud iqtisodiyoti 7,3 foizga, shu jumladan sanoat hajmi 9,1 foizga, qurilish ishlari 12,7 foizga, bozor xizmatlari 12 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,4 foizga oʻsgan.
Eksport hajmi qariyb 324 mln dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 106,4 foizga oʻsgan. 492 turdagi mahsulot 46 ta xorijiy davlatga eksport qilingan.
Investitsiya dasturlari doirasida 248,6 mln dollarlik 445 ta loyiha ishga tushirilgan, 11 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan. 1,6 mlrd dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.
Kichik va oʻrta tadbirkorlik faoliyati uchun 2,4 trln soʻmlik kreditlar ajratilgan. Hokim yordamchilari va mahalla bankirlari koʻmagida 19,5 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan.
Xususiylashtirish dasturi doirasida 81 ta davlat aktivi hamda 704 ta yer uchastkasi (43 gektar) aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotilgan.
Mahalliylashtirish dasturi boʻyicha 391,6 mlrd soʻmlik import oʻrnini bosuvchi 25 turdagi (shundan 11 tasi yangi) mahsulot ishlab chiqarilgan.
Aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturi doirasida 191 ming kishining bandligi taʼminlangan. Ishsizlarning 13,2 mingi kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan. 8,5 mingdan ziyod oila (31,5 ming aholi) kambagʻal oilalar reyestridan chiqarilgan.
Ogʻir toifadagi 86 ta mahallaning elektr taʼminoti barqarorligini taʼminlash maqsadida 161 ta transformator oʻrnatilgan va 430 km elektr tarmogʻi tortilgan, 70 tasining suv taʼminotini yaxshilash uchun budjetdan ajratilgan 77,8 mlrd soʻm evaziga 11,4 ming xonadonning 6,3 ming gektar tomorqa yer maydonlari iqtisodiy aylanmaga kiritilgan.
Mahalliy budjet daromadlari ijrosi prognozga nisbatan 104 foizga bajarilgan va budjetga tushumlar 1,9 trln soʻmni tashkil qilgan. Tashabbusli budjet dasturi doirasida 198 ta loyiha uchun qariyb 250 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shu bilan birga, oʻrganish natijalari viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan band qilish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda ayrim kamchilik va oʻz yechimini kutib turgan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Mingbuloq (55,5 foiz) va Chust (71 foiz) tumanlarida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmida oʻsish surʼatlari taʼminlanmagan. Eksport prognozi ijrosi Pop (41 foiz), Yangi Namangan (64 foiz) va Norin (68 foiz) tumanlarida bajarilmagan.
16 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan. Shuningdek, oxirgi yillarda tijorat banklari krediti hisobiga ishga tushirilgan 71 ta sanoat loyihasidan bugungi kunda 37 tasi toʻliq quvvatda ishlamoqda, xolos.
Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi asosan Namangan shahri va Pop tumani hissalariga toʻgʻri keladi. Namangan va Chortoq tumanlarida esa investitsiyalar hajmi 25 mln dollarga ham yetmagan.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida Chust tumanida amalga oshirilgan 4 ta (411,8 mlrd soʻm) loyihada atigi 1 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi va Yangiqoʻrgʻon tumanlaridagi loyihalarda qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari tashkil etilmagan.
2023-2024-yillardagi xususiylashtirish dasturlari doirasida 25 ta davlat aktivi balansda saqlovchilar tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazib berilmagani va boshlangʻich narxni pasaytirish mexanizmi oʻz vaqtida qoʻllanilmagani yoki ijro etish organlari tomonidan taqiq qoʻyilishi oqibatida bugungi kunga qadar xususiylashtirilmasdan qolmoqda.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldigʻi yil boshiga nisbatan Yangiqoʻrgʻon (3,7 barobar) va Namangan (1,6 barobar) tumanlarida oshgan.
Shahar va tuman hokimliklari tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishda hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya oʻtkazish imkoniyati, aholi yashash punktlariga yaqinligi kabi mezonlar inobatga olinmaganligi uchun qariyb 2,2 mingta yer uchastkasi bir yildan buyon sotilmagan.
Uchqoʻrgʻon, Kosonsoy va Uychi tumanlarida davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik korxona va mikrofirmalarning yarmidan ortigʻi faoliyat koʻrsatmayapti.
Aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarida belgilangan ayrim vazifalarning ijrosi taʼminlanmagan.
Xususan, mazkur dasturlar ijrosini muvofiqlashtirib, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish boʻyicha shtab faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilmagan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida aholini daromadli mehnat bilan taʼminlashning maqsadli koʻrsatkichlari doirasida Chust, Uychi, Norin va Yangi Namangan tumanlarida rejaga nisbatan 5 — 10 foizga kam aholi band qilingan. Shuningdek, belgilangan reja investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga atigi 49 foizga, qishloq xoʻjaligi sohasida esa 79 foizga taʼminlangan.
Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash boʻyicha eng past koʻrsatkich Yangi Namangan tumanida qayd etilgan. Jumladan, AT “Xalq banki” va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan rejaning bajarilishi 3 foizni ham tashkil etmagan.
Ishga tushgan investitsiya loyihalarida xotin-qizlar bandligini taʼminlash ishlari manzilli tashkil qilinmaganligi uchun ushbu yoʻnalishda Yangiqoʻrgʻon (5 foiz), Chortoq (6,8 foiz) va Namangan (9,3 foiz) tumanlarida maqsadli koʻrsatkichlar 10 foizga ham bajarilmagan.
Joriy yilning yanvar — iyun oylarida viloyatda kambagʻallik reyestriga kiritilgan oilalarning 14,2 foizi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, bu borada eng past koʻrsatkich Norin (8,8 foiz) va Yangiqoʻrgʻon (12,6 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ayrim loyihalarni amalga oshirishda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolarini qamrab olishga, shu jumladan kambagʻal aholini oʻqitish va bandligini taʼminlash masalasiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Xususan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli texnikumlardagi qisqa muddatli kurslarga oʻqishga jalb qilingan 307 nafar fuqarodan atigi 2 foizi kambagʻallik reyestridagilarni tashkil etadi.
Turizm salohiyati yuqori boʻlgan Pop tumani “Guliston” mahallasida mehmon uylari tashkil etilgan boʻlsa-da, ularga “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilganlarni ishga joylashtirish choralari koʻrilmagan.
Kasbiy koʻnikmalar markazlarida bugungi kunda talab yuqori boʻlgan “suv tejovchi sugʻorish texnologiyalariga xizmat koʻrsatuvchi texnik” hamda “elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatuvchi chilangar” kasblari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil qilinmagan.
Yangi Namangan tumanida ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan kambagʻal oilalar aʼzolarini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga manzilli oʻqitish choralari koʻrilmagan.
Tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar doirasida 2025-yilning birinchi yarim yilligida Yangi Namangan tumanida 5 ta, Chust tumanida 2 ta ogʻir toifadagi mahallada nodavlat oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari ishga tushirilmagan.
Ogʻir toifadagi Norin tumanida kambagʻallik va ishsizlikni keskin kamaytirishning maqsadli koʻrsatkichlari doirasida 1,2 mingga yaqin aholi kambagʻallikdan chiqarilgan va yillik reja atigi 14 foizga bajarilgan.
Yangi yondashuvlar asosida aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish hamda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da joriy yilning birinchi yarim yilligida pilot tariqasida ishga tushirilishi belgilangan Norin tumani, “Tegirmonboshi” mahallasida fotoelektr stansiyasini qurish uchun hanuzgacha yer maydonlari ajratilmagan.
“Kompaniya — kooperativ — dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida 21 ta kooperativ tashkil qilingan, lekin ularning 8 tasida ish oʻrinlari qayd etilmagan, 11 tasida esa atigi 1 tadan ish oʻrni yaratilgan.
Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholining muammolarini tizimli hal etish, shu jumladan moddiy yordam koʻrsatish ishlari ayrim hududlarda sust tashkil qilingan. Shu bilan birga, ajratilgan mablagʻlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Joriy yilning 1-iyul holatiga “Ayollar daftari”ga kiritilgan boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatilishi Pop (11,3 foiz) va Davlatobod (16,7 foiz) tumanlarida 20 foizni ham tashkil qilmagan. Namangan shahri (794 nafar) va Chust tumanida (1,4 ming nafar) tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatilmagan.
Shuningdek, “Yoshlar daftari”dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha eng past reyting koʻrsatkichi Pop, Norin va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida qayd etilgan. Ushbu tumanlarda jamgʻarmalarda mablagʻ yetishmasligi oqibatida 230 nafar kishiga amaliy yordam koʻrsatilmagan.
Mahalliy budjet daromadlari ijrosini taʼminlash, shu jumladan muddati oʻtgan soliq qarzdorligini undirish borasida ayrim hududlarda ishlar samaradorligi past. Jumladan, soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi yil boshiga nisbatan Mingbuloq (3,7 barobar), Uchqoʻrgʻon (2,3 barobar), Toʻraqoʻrgʻon (1,6 barobar), Norin (1,4 barobar), Pop (1,3 barobar), Namangan (1,3 barobar) va Chust (1,1 barobar) tumanlarida oshgan.
Tashabbusli budjetining 2024-yilgi mavsumlari doirasida 11 ta obyekt bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmagan. Shuningdek, loyihalar amalga oshirilishida 161 ta holatda 14 mlrd soʻmlik xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Namangan viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A. Eshmuratovning Namangan viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosi yuzasidan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Qishloq xoʻjaligi, Energetika vazirliklari, Markaziy bank, Soliq, Turizm, Oila va xotin-qizlar qoʻmitalari, Kadastr, Yoshlar ishlari, Davlat aktivlarini boshqarish agentliklari hamda Namangan viloyati hokimligiga Namangan viloyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosi boʻyicha aniqlangan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilsin.
3. Namangan viloyati hokimligi:
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun Norin, Uychi, Chust va Yangi Namangan tumanlari hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari hamda ushbu tumanlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari rahbarlari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqsin;
joriy yilda sohaga masʼul barcha hududiy tashkilotlarning bir nafardan malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash dasturi ijrosini muvofiqlashtirib, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish boʻyicha shtab faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan har bir loyihada kambagʻal oila aʼzolarining manzilli biriktirilishini nazoratga olsin;
bir hafta muddatda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun mahalliy budjetda shakllangan qoʻshimcha manbalar hisobidan ijtimoiy jamgʻarmalarga zarur mablagʻlarni ajratish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga kiritsin;
mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Pop, Norin va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida “Yoshlar daftari”da turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga hamda Namangan shahri va Chust tumanidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordam koʻrsatish ishlarini jadallashtirsin va oʻrnatilgan tartibda daftarlardan chiqarish choralarini koʻrsin;
xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan davlat koʻchmas mulk obyektlari hamda yer uchastkalari haqida, shuningdek, bu borada tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida tuman (shahar) hokimi yordamchilarini jalb etgan holda targʻibot va tashviqot ishlarini keng koʻlamda olib borsin;
hududlarni iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini hamda urbanizatsiya jarayonlarini chuqur tahlil qilgan holda, infratuzilma mavjud boʻlgan yerlarni auksion savdolariga chiqarish choralarini koʻrsin;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda kelishuv jarayonida boʻlgan yerlarni ikki hafta muddatda kelishish ishlarini yakunlab, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarsin;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar hamda yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlarining davlat mulkidagi bino va inshootlarni imtiyozli ravishda ijaraga olish imkoniyatlarini oʻrgansin hamda qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanish borasida amaliy yordam koʻrsatsin;
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi bilan birgalikda Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarida qora olxoʻri va qulupnaychilikni rivojlantirish, milliy brend yaratish, ixtisoslashuv darajasini yanada kengaytirish maqsadida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi taʼsisligida “Namangan — Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasini tashkil etish choralarini koʻrsin;
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda Davlat budjeti daromadlari ijrosini taʼminlashda, shu jumladan muddati oʻtgan soliq qarzdorligini qisqartirish borasida Mingbuloq, Uchqoʻrgʻon, Toʻraqoʻrgʻon, Norin, Pop, Namangan va Chust tumanlari soliq inspeksiyasi rahbarlarining masʼuliyatini oshirsin;
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirish, norasmiy band boʻlgan shaxslarning faoliyatini belgilangan tartibda rasmiylashtirish boʻyicha nazorat va targʻibot ishlarini kuchaytirsin.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda joriy yilning ikkinchi yarim yilligida viloyatdagi kasbiy koʻnikmalar markazlarida yangi turdagi — “elektromobillarni taʼmirlovchi va ularga texnik xizmat koʻrsatuvchi chilangar” hamda “suv tejovchi sugʻorish texnologiyalariga xizmat koʻrsatuvchi texnik” kasblari boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilsin, Uchqoʻrgʻon tumanida 15 gektar yer maydonida gidroponika usulida kooperatsiya asosida qulupnay yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalasini oʻrganib, Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda maqsadli jamgʻarmalar orqali kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashni ragʻbatlantirish uchun “mahalla yettiligi” tomonidan berilgan tavsiyanomalarga asosan subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam mablagʻlarining oʻrnatilgan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, Soliq qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda pilla yetishtirishga jalb qilingan aholi va ish beruvchilar oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini qonunchilikka muvofiq tarzda rasmiylashtirish hamda ularning mehnatiga toʻlangan haqini soliq hisobotlarida qayd etilishidagi muammolarni oʻrganib chiqsin va yechimi yuzasidan asoslantirilgan takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Markaziy bank:
Yangi Namangan, Norin tumanlarida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarish, shu jumladan xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish borasida AT “Xalq banki” va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hududiy boʻlinmalari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin hamda Oliy Majlis Senatiga oʻn kun muddatda tegishli axborot kiritsin;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda “Kompaniya — kooperativ — dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida Kosonsoy (1 ta), Mingbuloq (1 ta), Chust (1 ta), Namangan (1 ta), Chortoq (2 ta) va Yangiqoʻrgʻon (2 ta) tumanlarida tashkil qilingan qishloq xoʻjaligi kooperativlarida kambagʻal oilalar aʼzolarining rasmiy bandligini taʼminlash hamda ularga kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan subsidiyalar ajratish choralarini koʻrsin.
7. Energetika vazirligi “Yashil energiya” MCHJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda:
joriy yilning ikkinchi yarim yilligida pilot tariqasida Norin tumanida, keyinchalik qolgan 5 ta tumandagi ogʻir toifadagi mahallalarda fotoelektr stansiyasini qurish, mahallalardagi kambagʻal oila aʼzolarini oʻqitish va ularni fotoelektr stansiyalariga ishga qabul qilish ishlarini jadallashtirsin;
ogʻir toifadagi mahallalarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha ayrim ortda qolgan loyihalarda ishlarni toʻliq yakunlab, joriy yilning 15-sentabriga qadar foydalanishga topshirsin.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar “Raqamlashtirish orqali farovonlik sari dasturi” asosida oʻqitilgan va saralab olingan kambagʻal oila aʼzolarining 394 nafarini bandligini taʼminlashga koʻmaklashsin.
9. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda kambagʻal oilalarning 160 nafar aʼzosini kommunal sohada talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻrgatish ishlarini yakunlab, joriy yil yakuniga qadar boshqaruv servis kompaniyalari va qurilish tashkilotlariga ishga qabul qilinishini taʼminlasin.
10. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda joriy yilgi investitsiya dasturi doirasidagi 819 ta loyihada 7 136 nafar kishi, shu jumladan kambagʻallik reyestriga va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni manzilli tashkil qilsin. Bunda, mahallalardagi hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollarini masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
joriy yilning birinchi yarim yilligida maqsadli jamgʻarmalar (Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi, Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmasi) hisobidan Namangan viloyatida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashni ragʻbatlantirish uchun mablagʻ ajratilmagani sabablarini oʻrganib, bu borada mutasaddilarning masʼuliyatini oshirsin;
Kosonsoy tumani “Oʻrikzor”, “Chorbogʻ“ va “Sadacha” mahallalarida umumtaʼlim maktabining yoʻqligi, mingdan ortiq maktab oʻquvchilari 2-3 km uzoqlikdagi maktablarga qatnab tahsil olayotganligi, shuningdek kelgusida aholining oʻsishini inobatga olib, ushbu mahallalarga yaqin joylashgan va toʻliq quvvatda ishlamayotgan Sanoatda axborot-texnologiyalari texnikumi binosida umumtaʼlim maktabini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqsin;
mazkur Qaror ijrosi yuzasidan dastlabki axborotni joriy yilning 25-oktabrigacha hamda yakuniy axborotni 2026-yilning 15-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.
12. Xalq deputatlari Namangan viloyati, tuman va shahar Kengashlariga yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni, shuningdek, viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarining ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini Kengash sessiyalarida tizimli ravishda eshitish va tanqidiy muhokama qilish, ortda qolayotgan masalalar boʻyicha qoʻshimcha choralarni belgilash tavsiya etilsin.
13. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 15-avgust,
KQ-222-V-son