Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga:
2025-yil yakuniga qadar 18 ta qattiq-maishiy chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish, 14 ta maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish borasidagi vazifalar ijrosini taʼminlash;
qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, shu jumladan, koʻmish orqali organik oʻgʻit hamda yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish boʻyicha 11 ta loyihani ishga tushirishni tezlashtirish;
samarasiz loyihalarni tanqidiy jihatdan qayta koʻrib chiqish, ularning oʻrnini istiqbolli loyihalar bilan toʻldirish, yildan yilga oʻtuvchi loyihalar bilan bogʻliq muammolarni, shuningdek moliyalashtirish masalalarini hal etish orqali “Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi”da 2022 — 2025-yillar uchun belgilangan reja koʻrsatkichlariga erishish;
elektromobillarning yaroqsiz akkumulyatorlarini saqlash hamda utilizatsiya qilish uchun qayta ishlashning maxsus tizimini yoʻlga qoʻyish borasidagi ishlarni tezlashtirish va yakuniga yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi yozma javob maʼlumotida qayd etilgan, parlament soʻrovini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-iyul,
1106-V-son