Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
buyrugʻi
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3403-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-son “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-son “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2022-yil 29-noyabrdagi 326-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3403, 2022-yil 19-dekabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2022-y., 10/22/3403/1098-son) bilan tasdiqlangan Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. ORTIKOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-iyul,
01/7-11/41-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2025-yil 7-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 7-iyuldagi 01/7-11/41-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddimadan “(bundan ijtimoiy soha obyektlari mustasno)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 1-bandda:
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Obyektni sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi qaror quyidagilar tomonidan qabul qilinadi:
munitsipal mulk boʻlgan obyektlar boʻyicha — tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;
respublika mulki boʻlgan obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 10/25/3403-3/0637-son)