Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bank tizimini isloh qilish boʻyicha qaror va farmonlarida belgilangan asosiy vazifalarni bajarishga qaratildi.
2024-yilning ikkinchi choragida energiya resurslari narxlari erkinlashtirilgani, tibbiy xizmatlar va dori vositalariga qoʻshilgan qiymat soligʻi joriy etilgani natijasida inflyatsiya darajasining sezilarli oʻsishi hamda aholini barqaror daromad olish imkoniyatlarini kengaytirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sharoitida Markaziy bankning asosiy yoʻnalishi narxlar oshishining hamda bank tizimida vujudga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor berildi.
2024 yilda kuzatilgan tendensiyalardan kelib chiqib yuritilgan pul-kredit siyosati, oʻz navbatida, ijobiy real foiz stavkalari shakllanishiga imkon bergan. Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib, iyul oyida asosiy stavka 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirilgan hamda yil davomida ushbu darajada oʻzgarishsiz saqlab qolingan.
Pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini va uning transmission kanalini yaxshilash hamda bank tizimi likvidligini tartibga solish maqsadida har kuni asosiy stavkaning quyi chegarasida overnayt depozit operatsiyalari, kun davomidagi kredit instrumenti joriy etilgan boʻlib, kun davomida garov evaziga foizsiz kreditlar berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Xorijiy valyutadagi depozitlar uchun shakllantiriladigan majburiy zaxira talabi 1-iyuldan boshlab 18 foizdan 14 foizgacha pasaytirilgan va oʻrtachalash meʼyori 80 foizdan 100 foizgacha oshirilgan.
Koʻrilgan pul-kredit choralari natijasida 2024 yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 9,8 foizni, bazaviy inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgan.
Iqtisodiyot tarmoqlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun 287,1 trln soʻmlik kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, jami kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 566,2 trln soʻmga yetgan.
Tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida jami 6,8 trln soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Ushbu imtiyozli kreditlar hisobidan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan 150 mingdan ortiq loyihalarga 2,7 trln soʻmlik va xotin-qizlarning 203 mingdan ortiq loyihalariga 3,2 trln soʻmlik kreditlar ajratilgan.
2024-yilda banklar uchun belgilangan normativlar doirasida olib borilgan makroprudensial siyosat oʻz samarasini berib, yil yakunlari boʻyicha bank tizimida regulyativ kapital miqdori 125 trln soʻmni, tavakkalchilikka tortilgan aktivlar 719 trln soʻmni, kapital yetarlilik koʻrsatkichi 17,4 foizni (minimal talab 13 foiz) tashkil etgan.
Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi koʻmagida Moliyaviy sektorni baholash dasturi oʻtkazilgan hamda banklar faoliyatini nazorat qilish tizimining Bazel talablariga muvofiqligi baholangan.
Omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, uni ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish boʻyicha ishlar davom ettirilib, “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan hamda kafolatlangan omonat miqdori 200 mln soʻm etib belgilangan.
Bunda jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bir qatorda tadbirkorlik subyektlarining ham banklardagi mablagʻlarini kafolatlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda bank kartalari bilan bogʻliq shubhali frod operatsiyalarni aniqlash va ularning oldini olishga doir meʼyoriy-huquqiy asoslar takomillashtirilib, Markaziy bankka kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha bir qator vakolatlar berilgan.
Xususan, kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida onlayn kreditni (mikroqarzni) rasmiylashtirish jarayonida 48 soatgacha boʻlgan vaqtinchalik cheklov joriy etilgan.
Bank kartalari bilan bogʻliq shubhali frod operatsiyalarni aniqlash va ularning oldini olish maqsadida test sinovi tariqasida 34 ta bank va 5 ta toʻlov tashkiloti integratsiya qilingan markazlashgan antifrod tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Shubhali operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga bank kartalari sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash boʻyicha vaqtinchalik tartib joriy etilgan.
Shu bilan birga, tahlillar Markaziy bankning 5 foizlik inflyatsiya boʻyicha target koʻrsatkichiga erishish muddati bilan bogʻliq xatarlar ortib borayotganligini hamda kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish ishlari yetarli emasligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Markaziy bank 5 foizlik inflyatsion targetga 2023-yilda erishishi kutilgan edi. Biroq mazkur targetga 2026-yil yakunlariga borib erishish kutilayotgan boʻlsa, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi prognozlariga koʻra esa, ushbu maqsadga 2027-yilga kelib erishilishi koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, toʻlov tizimlari faoliyatini nazorat qilishda tavakkalchilikka asoslangan nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.
Tovarlarni boʻlib-boʻlib yoki kechiktirib toʻlash (nasiya savdosi) asosida amalga oshiriladigan faoliyatni tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy talablar mavjud emasligi aholi qarz yukining haddan tashqari ortib borishiga, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlaridan olingan kreditlarning oʻz vaqtida qaytarilmasligiga va ularning muammoli kreditlarga aylanishiga sabab boʻlmoqda.
Joriy yilning 1-yanvar holatiga nasiya savdosi faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning jami kredit portfeli qoldigʻi 8,5 trln soʻmni tashkil etgan.
Parlament nazorati doirasida Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishda muammoli kreditlar miqdori joriy yil boshiga nisbatan 252,2 mlrd soʻmga yoki 38 foizga ortganligi aniqlangan.
Tijorat banklari tomonidan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Fuqarolik kodeksining 744-moddasi talablariga amal qilinmagan holda sud qarori mavjud 20 nafar tadbirkorlik subyektiga jami 3,4 mlrd soʻmlik kredit foizi va penya hisoblangan.
Jumladan, tadbirkorlarga ATB “Agrobank” tomonidan 15 ta holatda 1,7 mlrd soʻm, AT “Xalq banki” tomonidan 1 ta holatda 141,2 mln soʻm va ATB “Mikrokreditbank” tomonidan 4 ta holatda 1,6 mlrd soʻmlik kredit foizi va penya koʻrinishidagi qarzdorlik hisoblangan.
Kredit shartnomalarida uning asosiy summasi va foizlarini toʻlash usuli (differensial yoki annuitet) koʻrsatilmagan hamda tijorat banklari tomonidan mijozlarga bu haqida tushuntirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-12-sonli qaroriga muvofiq Qashqadaryo viloyati boʻyicha joriy yilning I choragida tijorat banklari tomonidan 41 ming aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali maqsadli koʻrsatkichlar ijrosi 145 foizga bajarilganligi hisobotlarda qayd etilgan boʻlsa-da, shundan 6 mingdan ortiq aholi bandligi soliq organlari maʼlumotlar bazasida qayd etilmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Sayxunobod tajribasi asosida 11 ta mikroloyiha tashabbuskorining 375 mln soʻmlik oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan boʻlishiga qaramasdan, ushbu mikroloyihalar tijorat banklari hisobotiga qoʻshib yozilgan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar boʻyicha balansdan tashqari hisobvaraqlarda yuritilayotgan qarzdorliklar miqdori joriy yil boshiga nisbatan 3,6 mlrd soʻmga yoki 2,3 foizga kamaygan boʻlsa-da yuqoriligicha (155,5 mlrd soʻm) qolmoqda.
Dastur doirasida tijorat banklari tomonidan 18 ta holatda marketpleys tizimida taʼminotchi korxona rahbarlariga 573,4 mln soʻmlik imtiyozli kredit berilishiga yoʻl qoʻyilgan hamda 1,3 mingta holatda yetkazib berilgan mahsulot va xizmatlar uchun 35,4 mlrd soʻmlik kreditlar belgilangan muddatlarda ajratilmagan.
Shuningdek, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 8 ta holatda hokim yordamchilari tomonidan 834,8 mln soʻmlik imtiyozli kreditlar hisobiga oʻzlariga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlgan marketpleys tizimidagi taʼminotchi korxonalar orqali mahsulot (xizmatlar) yetkazib berilib, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
a) narxlar barqarorligini taʼminlash doirasida pul-kredit siyosati instrumentlari taʼsirchanligini oshirish yoʻnalishida:
oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasining 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichgacha pasayishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiy shakllantirishni davom ettirsin;
asosiy stavka boʻyicha qarorlarning iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga taʼsiri samaradorligini oshirish va pul bozorida ijobiy real stavkalar shakllanishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
pul-kredit siyosatini yuritishda maʼlumotlarga asoslangan yondashuvni qoʻllashni davom ettirib, yangilangan maʼlumotlar hamda prognozlardan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini moslashtirib borsin;
b) tijorat banklarining bardoshliligini oshirishga qaratilgan makroprudensial siyosat choralarini takomillashtirish yoʻnalishida:
yangi kapital instrumentlarini joriy qilish hamda banklar faoliyati ochiqligi va shaffofligini oshirish choralarini koʻrsin;
banklar kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablarni bosqichma-bosqich Bazel III standarti meʼyorlariga muvofiqlashtirib borsin;
mikromoliya banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqsin;
tovarlarni boʻlib-boʻlib va kechiktirib toʻlashga berish faoliyati (nasiya savdosi) bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar faoliyatini tartibga solish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib, mazkur yoʻnalishda meʼyoriy-huquqiy asoslarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;
d) toʻlov xizmatlari bozorida zamonaviy toʻlov xizmatlarini yanada takomillashtirish yoʻnalishida:
QR-kod orqali toʻlovni amalga oshirishning yagona standartini joriy qilsin;
toʻlov tizimida jismoniy shaxslar uchun mobil ilovadan foydalangan holda ularning bank hisobvaraqlaridan pul oʻtkazmalari xizmatini joriy etsin;
amaliyotda kuzatilayotgan muammolardan, xavf-xatarlardan kelib chiqib, raqamlashtirishni yanada takomillashtirishga jiddiy eʼtibor qaratsin;
xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etish orqali Markaziy bankning kiberxavfsizlik strategiyasini ishlab chiqish choralarini koʻrsin;
“CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazi ish faoliyati 24/7 rejimida yuritilishini tashkil etsin;
e) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda aholi bandligini taʼminlash, uni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish yoʻnalishida:
tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish hamda faoliyatini kengaytirish hisobiga 1 470 ming;
ishsizlarni mavjud boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish orqali 430 ming;
har bir mahallada oʻrtacha 40 tadan jami 377,6 mingta mikroloyihani amalga oshirish hisobiga 755 ming, shuningdek, “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida soddalashtirilgan tartibda loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi kredit mahsulotlarini joriy qilish orqali 250 ming;
hududlarda drayver loyihalarni ishga tushirish hisobiga 122 ming hamda mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalari hisobiga 21 ming;
aholiga yer maydonlarini ijaraga berish, shu jumladan, “kompaniya-kooperativ-dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida kooperativlar tashkil etish hisobiga 300 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
f) aholining moliyaviy savodxonlik va moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish hamda bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoyalash tizimini kuchaytirish yoʻnalishida:
2025 — 2030-yillarga moʻljallangan moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy strategiyasini amalga oshirish yuzasidan zarur choralar koʻrsin;
tijorat banklari bilan birgalikda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida moliyaviy xizmatlar koʻrsatish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqsin;
mahalla bankirlarining salohiyatini oshirish (oʻqitish) boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻysin, har bir tuman, shahardagi bittadan mahallada mahalla bankiri faoliyatini namunali tashkil etib, ijobiy tajribani ommalashtirsin.
g) uch oy muddatda tijorat banklari tomonidan Fuqarolik kodeksiga amal qilmagan holda, sud qarori boʻlishiga qaramasdan tadbirkorlik subyektlaridan kredit foizi va penya undirish holatlarini oʻrganib, ortiqcha hisoblangan yoki undirilgan mablagʻlarni tadbirkorlik subyektlariga qaytarsin hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan joriy yilning 1-sentabriga qadar Oliy Majlis Senatiga axborot kiritsin.
h) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tijorat banklari bilan birgalikda yil yakuniga qadar muammoli kreditlarni kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Markaziy bank, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida mahsulotlar yetkazib beruvchi “marketpleys” elektron savdo tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan choralar koʻrilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tegishli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda har chorakda marketpleys tizimida mahsulotlar narxining oʻsishini va hududdagi ichki bozor narxiga mutanosib boʻlishini platforma orqali nazorat qilib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar hisobiga xarid qilingan chorva mollarini (qoramol, qoʻy, echki) belgilangan tartibda tuman (shahar) veterinariya boʻlimlari tomonidan identifikatsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga davlat dasturlari doirasida kredit ajratilishi va ulardan samarali foydalanish holati ustidan doimiy deputatlik nazoratini oʻrnatib, kredit mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi, loyihalarning ishga tushirilishi borasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari rahbari axborotini eshitib borish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari joylarda 2025-yildagi yangi ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar, xotin-qizlar biznesini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarga kreditlar ajratilishi va ularning maqsadli sarflanishi bilan bogʻliq muhim masalalarni har chorakda qoʻmita majlislarida muhokama qilib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (T. Ishmetov) mazkur Qaror ijrosi yuzasidan 2026-yilning 15-fevraliga qadar har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
9. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 26-iyun,
SQ-148-V-son