Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 2-martdagi PQ-150-son hamda “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 22-yanvardagi PQ-17-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-150-son qaroriga asosan “Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan otryad aʼzolari Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy taʼlim muassasalari hamda oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyozga ega boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-17-son qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishida oʻqish muddati toʻrt yilni tashkil etadigan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra qoʻshimcha ball berish;
“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga nomzodlarni oʻqishga qabul qilish tartibini belgilash.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-iyun,
392-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyundagi 392-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandning birinchi xatboshisidagi “viloyatlar kesimida” soʻzlari “respublika yoki viloyatlar kesimida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 12, 44, 47, 71 va 72-bandlardagi “fizika va matematika” soʻzlari “fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 33-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha nomzodning matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha oʻquv dasturlarini oʻzlashtirganlik darajasini har tomonlama va xolisona baholash”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. 34-band quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi — oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
hujjatlarni oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash”.
5. Quyidagi mazmundagi 431-band bilan toʻldirilsin:
“431. Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasi tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda ushbu Nizomga 91-ilovada keltirilgan metodikaga asosan baholanadi”.
6. 46 va 62-bandlar “fizika” soʻzidan keyin “, Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishida matematika, informatika va axborot texnologiyalari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. Quyidagi mazmundagi 611-band bilan toʻldirilsin:
“611. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 2-martdagi PQ-150-son qaroriga asosan “Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi”.
8. 62 va 65-bandlardagi “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. 64-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“64. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi 562-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, oʻtkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va gʻoliblarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq:
xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari, shuningdek, vazirlik akademik litseylarining huquqshunoslik fani boʻyicha idoraviy fan olimpiadasi gʻoliblari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng;
“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishiga hujjat topshirgan matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari boʻyicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgach, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga koʻra, belgilangan qabul kvotalari doirasida oʻqishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadilar”.
10. Quyidagi mazmundagi 91-ilova bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
91-ILOVA
91-ILOVA
Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlikni baholash metodikasi
1. Nomzodning informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasi kollegiallik prinsipi asosida tegishli mutaxassislar tomonidan baholanadi.
2. Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasi nomzod tomonidan tanlab olingan biletdagi savolga javob berish va amaliy topshiriqni bajarish orqali baholanadi.
3. Biletda informatika va axborot texnologiyalari fanidan 1 ta nazariy savol va 1 ta amaliy topshiriq aks ettiriladi.
Nomzodlarga beriladigan savol va topshiriqlar malakali mutaxassislar tomonidan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi va qabul yilining 30-mayiga qadar tayyorlanadi. Biletlardagi savollarning takrorlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Savol va topshiriqlar Qabul komissiyasi raisi tomonidan 1-iyunga qadar tasdiqlanadi.
5. Savol va topshiriqlar Qabul komissiyasi kotibida saqlanadi va kotib ularning oshkor qilinmasligi uchun masʼul hisoblanadi.
6. Nomzodlarning informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasi ushbu fan boʻyicha kamida uch nafar malakali mutaxassis jalb etilgan holda baholanadi.
7. Nomzodlar imtihon topshirish uchun roʻyxat boʻyicha ketma-ketlikda auditoriyaga kiritiladi. Auditoriyadagi nomzodlar soni 5 nafardan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Nomzod biletlardan birini tanlaydi va biletning raqamini oʻqib eshittiradi hamda tayyorlanish uchun ajratilgan joyga borib oʻtiradi.
9. Nomzodga tayyorlanishi uchun 20 daqiqa vaqt beriladi. Nomzod tayyorlanish uchun ajratilgan vaqt tugashidan oldin javob berishga tayyorligini bildirsa, unga javob berishga ruxsat beriladi.
10. Informatika va axborot texnologiyalari fani boʻyicha nomzodning bilim va amaliy koʻnikmalari komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan 30 ballik tizimda quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
a) biletdagi birinchi nazariy savol uchun (15 ballik tizimda):
savol mazmun va mohiyatini toʻliq ochib bersa, javobni mantiqan va ketma-ketlikda izchil ifodalasa, javobni yoritishda ishonchli dalillarga havola qilsa — 15 ball;
savol mazmun va mohiyatini ochib bersa, javobni mantiqan va ketma-ketlikda izchil ifodalasa — 10 ball;
savol mazmun va mohiyatini qisman ochib bersa, javobni ifodalashda mantiqiylik va ketma-ketlik qisman buzilsa — 5 ball;
savol mazmun va mohiyatini ochib bera olmasa — 0 ball;
b) biletdagi ikkinchi amaliy topshiriq uchun (15 ballik tizimda):
amaliy topshiriq ketma-ketlikka rioya qilingan holda kompyuter yordamida toʻliq bajarilsa, amaliy dasturiy vositalar toʻgʻri tanlansa va ular bilan ishlash qoidalariga hamda texnika xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya qilinsa, amaliy topshiriqni mantiqiy fikrlab, xatosiz va kamchiliklarsiz bajarsa — 15 ball;
amaliy topshiriq ketma-ketlikka rioya qilingan holda kompyuter yordamida toʻliq bajarilsa, amaliy dasturiy vositalar toʻgʻri tanlansa va ular bilan ishlash qoidalariga hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinsa, amaliy topshiriqni mantiqiy fikrlab, 1-2 ta qoʻpol boʻlmagan xato va kamchiliklar bilan bajarsa — 10 ball;
amaliy topshiriq ketma-ketlikka qisman rioya qilingan holda kompyuter yordamida bajarilsa, amaliy dasturiy vositalar toʻgʻri tanlansa va ular bilan ishlash qoidalariga hamda texnika xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya qilinmasa, amaliy topshiriqni 3-4 ta qoʻpol boʻlmagan xato va kamchiliklar bilan bajarsa — 5 ball;
amaliy topshiriq bajarilmasa, amaliy dasturiy vositalar notoʻgʻri tanlansa va ular bilan ishlash qoidalariga hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasa — 0 ball.
11. Komissiya aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballar muhokama qilinib, har bir nomzodga oʻrtacha arifmetik ball qoʻyiladi.
12. Har bir nomzodning ogʻzaki savol-javob natijalari ushbu Metodikaga ilovaga muvofiq shakldagi qaydnomaga komissiya kotibi tomonidan kiritiladi.
13. Qaydnoma komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida qabul komissiyasining masʼul kotibiga topshiriladi.
Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlikni baholash metodikasiga
ILOVA
ILOVA
Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlikni baholash boʻyicha QAYDNOMA | ||||
20__ yil “____” _______________ | ||||
T/r | Nomzodning F.I.O. | Nomzodning savolga bergan javobi va topshiriqni bajarishi boʻyicha qoʻyilgan ballar | ||
nazariy savol | amaliy topshiriq | nomzodning toʻplagan umumiy bali | ||
1. | ||||
2. | ||||
3. | ||||
... | ||||
Komissiya aʼzolari: | _________________________ | _____________ | ||
(F.I.O.) | (imzo) | |||
_________________________ | _____________ | |||
(F.I.O.) | (imzo) | |||
_________________________ | _____________ | |||
(F.I.O.) | (imzo) | |||
”. | ||||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2025-y., 09/25/392/0547-son)