Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shu jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlarining oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga oʻziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxslarning qiynoqqa solinishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash chogʻida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin ularni tergov hibsxonalarining oʻzida majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini joriy etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin ular tergov hibsxonasining oʻzida majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Ushbu Qonun gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʻllash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 29-sentabrda qabul qilingan “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi OʻRQ-298-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 9, 251-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 9, 964-modda, № 12, 1285-modda) kuyidagi mazmundagi 271-modda bilan toʻldirilsin:
“271-modda. Qamoqqa olinganlarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin tergov hibsxonasining oʻzida majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Majburiy tibbiy koʻrik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan eʼtiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan oʻtkaziladi.
Qamoqqa olinganni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda boʻlgan xodimi ishtirok etadi.
Majburiy tibbiy koʻrikni oʻtkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.
Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha belgilangan namunadagi tibbiy maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy maʼlumotnomaning bir nusxasi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan qamoqqa olingan u bilan imzo qoʻydirib tanishtirilganidan keyin uning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga topshiriladi.
Tibbiy maʼlumotnomaning koʻchirma nusxasi qamoqqa olinganning yoki uning advokatining talabiga asosan tegishincha qamoqqa olinganga yoki uning advokatiga taqdim etiladi.
Majburiy tibbiy koʻrik chogʻida qamoqqa olinganning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga maʼlum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.
Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga oʻtkazilganda yoki protsessual harakatlar oʻtkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-iyun,
OʻRQ-1072-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2025-y., 03/25/1072/0546-son)