Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻRTA TIBBIYOT TAʼLIMI TIZIMINI RIVOJLANTIRISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING BEGʻARAZ YORDAMINI JALB ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Hamshiralik taʼlimi tizimini yaxshilash boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumatining begʻaraz yordami jalb etilishini va undan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumati hamshiralik taʼlimi tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 292 mln. yen miqdorida grant berish toʻgʻrisida qaror qabul qilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov qayd etilgan grantni olish uchun Ayirboshlash notasini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga begʻaraz yordamni (grantni) olish va ajratilayotgan mablagʻlarga xizmat koʻrsatish uchun barcha zarur tartib-qoidalarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qayd etilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatilganligi uchun Yaponiya tomonining vositachiligiga haq toʻlash uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga soʻmlarda zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
5. Hamshiralik taʼlimi tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan begʻaraz yordam hisobiga Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinayotgan asbob-uskunalar va materiallar bojxona toʻlovlari, shu jumladan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinsin.
6. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi (H. Karomatov) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda berilayotgan begʻaraz yordam mablagʻlaridan va uning doirasida olib kelinayotgan asbob-uskunalar va materiallardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihaning xorijiy qatnashchilariga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlanmasdan koʻp martalik vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ular vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-mart,
158-son