Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 28-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2472-4]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi PQ-257-son “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2013-yil 11-iyundagi 16 va 14-son qarori (roʻyxat raqami 2472, 2013-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 343-modda) bilan tasdiqlangan Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror 2025-yil 1-iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-may,
16-son
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-may,
17-son
Kelishildi:
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. OLLOYOROV
2025-yil 28-aprel
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 25-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligining 2025-yil 15-maydagi 16-son va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining 2025-yil 6-maydagi 17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-bandning uchinchi xatboshisidagi “tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari (bundan buyon matnda TIEK deb yuritiladi)” degan soʻzlar “davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy komissiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 271-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“271. Nogironligi boʻlgan shaxslar maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatgichli yengil transport vositalarini boshqarishga yaroqli ekanliklarini aniqlash uchun pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatni koʻrsatgan holda ariza bilan turar joydagi davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy komissiyasiga murojaat qiladi.”.
3. 272-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“272. Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy komissiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish muddati 3 kalendar kundan oshmasligi kerak. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish muddati murakkab, qoʻshimcha tibbiy koʻrik talab etilganda davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy komissiyasi rahbari tomonidan, asoslangan xolda, 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxsga 083h shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma faqat “B” toifasidagi shaxsiy transport vositasini boshqarishga yaroqli yoki yaroqsiz deb beriladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2025-y., 10/25/2472-4/0477-son)