Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
Mediatorlarni tayyorlash dasturiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 26-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3134-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 31-yanvardagi 54-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3134, 2019-yil 31-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2019-y., 10/19/3134/2554-son) bilan tasdiqlangan Mediatorlarni tayyorlash dasturiga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-may,
14-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 22-maydagi 14-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Mediatorlarni tayyorlash dasturiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kurslari professional mediatorlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi, professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi (bundan buyon matnda Markazlar deb yuritiladi), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi.”.
2. 2-banddagi “72 soatdan koʻp boʻlmagan” degan soʻzlar “davomiyligi 36 soatdan 72 soatgacha boʻlgan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 3-banddagi “Markazlarga” degan soʻz “Markazlarga va Institutga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 13-bandda:
oltinchi xatboshidagi “Markazlar” degan soʻz “Markazlar va Institutning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “Markazlarning” degan soʻz “Markazlar va Institutning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 15-bandning birinchi xatboshisidagi “Markazlarda” degan soʻz “Markazlar va Institutda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 10/25/3134-2/0469-son)