Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 11-mayda qabul qilingan, 2023-yil 6-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan maʼqullangan va 2025-yil 10-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti 168-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ustidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunni yanada maromiga yetkazishni taqozo etadigan takliflari va mulohazalari inobatga olingan holda, ikkinchi oʻqish tartib-taomilidan boshlab davom ettirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini uch oy ichida maromiga yetkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-aprel,
766-V-son