Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 6-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1883-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 22-noyabrdagi 26/6-son qarori (roʻyxat raqami 1883, 2008-yil 23-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 535-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-may,
10/14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-maydagi 10/14-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. Quyidagi mazmundagi 51-band bilan toʻldirilsin:
“51. Bank tomonidan ushbu Nizomda nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki ularda notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu Bankka kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda, xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun besh ish kunidan kam boʻlmagan muddat (imkoniyat) beradi.
Bunda, arizani koʻrib chiqish muddati xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻxtatib turiladi.”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar oʻsha kunning oʻzida roʻyxatdan oʻtkaziladi va Bankka ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron tasdiqnoma yuboriladi.
Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda ariza navbatdagi ish kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga kelib tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Vakolatxonani akkreditatsiya qilish (akkreditatsiyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki akkreditatsiya qilishni rad etish) toʻgʻrisidagi qarorni ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qabul qilingan vaqtdan boshlab bir oy muddat ichida qabul qiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2025-y., 10/25/1883-2/0417-son)