Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2021-yil 11-oktabrdagi 1386-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 10, 1027-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kelib tushgan murojaatlarda koʻtarilgan masalalar deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida bevosita joyiga chiqib oʻrganilishini tashkil etish hamda ularni hal qilish choralarini koʻrish;
Qonunchilik palatasining Fuqarolar qabulxonasida jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining, shu jumladan olis hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning fraksiya aʼzolari tomonidan videokonferensaloqa rejimidagi qabulini siyosiy partiyalarning hududiy tashkilotlari orqali tashkil qilish tavsiya etilsin.
3. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
Qonunchilik palatasining davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini va hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitishga (“hukumat soati”) bagʻishlangan majlislarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida bildirilayotgan tizimli muammolarni koʻtarish (savol berish) va tegishli takliflar kiritib borishga alohida eʼtibor qaratsin;
qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha jismoniy shaxslardan va yuridik shaxslarning vakillaridan kelib tushgan takliflarni ular ishtirokida muhokama qilib borish amaliyotini yanada kengaytirsin hamda asosli taklif yoʻllagan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida Qonunchilik palatasining Faxriy yorligʻi yoki Tashakkurnomasi bilan taqdirlash yuzasidan taklif kiritib borsin;
asosli deb topilgan takliflarda ilgari surilgan gʻoyalardan kelib chiqib, deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda taklif bildirgan fuqarolarning Qonunchilik palatasi majlislarida bevosita ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Qonunchilik palatasining Devoni:
Qonunchilik palatasi deputatlarining jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining videokonferensaloqa rejimidagi qabuli uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin;
Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlari uchun “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi, ularni koʻrib chiqishda davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari” mavzusida oʻquv seminar tashkil etish choralarini koʻrsin;
Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni tizimli ravishda tahlil qilib borsin hamda ularning belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi ustidan muntazam ravishda nazorat oʻrnatsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
5. Siyosiy partiyalarga jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini videokonferensaloqa rejimida qabul qilish uchun siyosiy partiyalarning hududiy tashkilotlarida zarur shart-sharoitlar yaratish, murojaat etuvchilarning shaxsini aniqlash choralarini koʻrish, shuningdek videokonferensaloqa rejimida qabullarni oʻtkazishga tashkiliy jihatdan koʻmaklashish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-mart,
625-V-son