Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 14-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3144-1]
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 30-yanvardagi 11-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 10/19/3144/2808-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-mart,
242-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 20-martdagi 242-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 84-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“84. Asosiy vositalar inventarizatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-sonli BHMS) “Inventarizatsiyani tashkil etish va oʻtkazish”ga (roʻyxat raqami 3548, 2024-yil 12-avgust) asosan amalga oshiriladi.”.
2. Quyidagi mazmundagi 111-bob bilan toʻldirilsin:
“111-bob. Asosiy vositalar qiymatini tugatish munosabati bilan ularni balansdan hisobdan chiqarish tartibi
931. Asosiy vositalar qiymati quyidagi hollarda ularni tugatish munosabati bilan balansdan hisobdan chiqarilishi mumkin:
a) belgilangan xizmat muddati tugaganidan (toʻliq eskirish hisoblab yozilganidan) keyin;
b) jismoniy eskirish, baxtsiz hodisalar, tabiiy ofatlar, foydalanishning shart-sharoitlarini buzish oqibatida yaroqsiz holga kelganda;
v) maʼnan eskirganda. Maʼnan eskirgan asosiy vositalar deganda xuddi shunday maqsadda asosiy vositalarning yanada unumdor va tejamkor turlarini ishlab chiqish natijasida qadrsizlanadigan asosiy vositalar tushuniladi;
g) tegishli davlat organlarining qarorlari boʻyicha balansdan chiqib ketganda;
d) tashkilotlarning bino-inshootlari qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va texnik qayta jihozlanishi munosabati bilan.
Tiklanishi mumkin boʻlmagan yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlmagan asosiy vositalar tugatiladi.
Asosiy vositalarning hisobdan chiqarilishi va tugatilishi yuzasidan ixtisosliligi mos keladigan tegishli tashkilotlardan foydalanishga yaroqsizligi toʻgʻrisida xulosa olingandan keyin asosiy vositalarning hisobdan chiqarilishi va tugatilishi haqida qarorlar qabul qilinishi lozim.
932. Asosiy vositalarni tugatish tashkilotlar tomonidan yuqori tashkilot bilan kelishgan holda, yuqori tashkilot mavjud boʻlmaganda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
933. Tashkilotlarda asosiy vositalarni tugatish munosabati bilan ularni hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun rahbar yoki rahbar oʻrinbosari raisligida komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi. Komissiya tarkibiga tashkilotning tegishli mutaxassislari, buxgalteriya xodimlari va moddiy javobgar shaxslari kiritilishi kerak. Komissiya tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tuziladi.
934. Komissiya quyidagi vakolatlarga ega:
a) hisobdan chiqarish kerak boʻlgan asosiy vositalarning bevosita koʻrigini amalga oshirish, bunda zarur texnik hujjatlar (pasport, bosqich rejalari va boshqa hujjatlar), shuningdek buxgalteriya hisobi maʼlumotlaridan foydalanish;
b) ularni tiklashning mumkin emasligini yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligini aniqlash;
v) asosiy vositalarni hisobdan chiqarish sabablarini (toʻliq eskirishni hisoblab yozish, jismoniy eskirish, rekonstruksiya qilish, foydalanishning shart-sharoitlari buzilishi, tabiiy ofatlar va hokazoni) aniqlash;
g) asosiy vositalarning muddatidan oldin foydalanishdan chiqib ketishiga aybdor boʻlgan shaxslarni aniqlash, ushbu shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tashkilot rahbariga takliflar kiritish;
d) tugatilayotgan asosiy vositalarning ayrim uzellari, detallari, materiallari, rangli va qimmatbaho metallaridan foydalanish imkoniyatini belgilash va ularni baholash;
e) tugatilayotgan asosiy vositalardan yaroqli uzellar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallarni olish ustidan nazoratni amalga oshirish, ularning miqdori, ogʻirligini belgilash va tegishli omborga topshirilishini nazorat qilish.
935. Tashkilotlarning bino-inshootlari qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va texnik qayta jihozlanishi munosabati bilan asosiy vositalar tugatiladigan hollarda komissiya hisobdan chiqarishga taqdim etilgan asosiy vositalarning yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlangan tashkilotlarning bino-inshootlari qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, zamonaviylashtirilishi va texnik qayta jihozlanishi rejasiga muvofiqligini tekshirishi kerak.
Bunda komissiya asosiy vositalarni tugatish dalolatnomasida tasdiqlangan rejaning bandi va sanasiga havola qiladi.
936. Asosiy vositalarni tugatish dalolatnomalarida tugatilayotgan asosiy vositalarni tavsiflaydigan quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
asosiy vositani ishlab chiqarish yoki barpo etish yili, uning tashkilotga kelib tushish sanasi, foydalanishga topshirish sanasi;
asosiy vositaning dastlabki (qayta baholanganlari uchun — tiklash) qiymati, buxgalteriya hisobi maʼlumotlari boʻyicha foydalanishning butun muddati uchun hisoblab yozilgan eskirish summasi;
asosiy vositani tugatish sabablari va qismlarga boʻlishdan olinishi mumkin boʻlgan yaroqli uzellari, detallari, materiallari, rangli va qimmatbaho metallarining borligi va ulardan keyinchalik foydalanish imkoniyatlari.
937. Transport vositasini tugatishda u bosib oʻtgan yoʻl koʻrsatiladi.
938. Baxtsiz hodisalar yoki foydalanishning shart-sharoitlari buzilishi natijasida shikastlangan asosiy vositalar qiymatini balansdan hisobdan chiqarishda asosiy vositalarni tugatish dalolatnomasiga baxtsiz hodisalar yoki foydalanishning shart-sharoitlari buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomaning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, ushbu holatlar boʻyicha sabablar aniqlanadi va aybdor shaxslarga nisbatan koʻrilgan choralar ushbu dalolatnomada koʻrsatiladi.
939. Tabiiy ofatlar oqibatida chiqib ketgan asosiy vositalar qiymatini balansdan hisobdan chiqarishda tugatish dalolatnomasiga maxsus Hukumat komissiyasining xulosasi ilova qilinishi mumkin.
9310. Komissiya tomonidan tuzilgan asosiy vositalarni tugatish dalolatnomalari ularning balansida asosiy vositalar qayd etilgan tashkilot rahbari tomonidan tegishli yuqori tashkilotlar bilan kelishgan holda, yuqori tashkilot mavjud boʻlmaganda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda tasdiqlanadi.
9311. Asosiy vositalarni tugatish dalolatnomalari tasdiqlanguniga qadar asosiy vositalarni qismlarga boʻlish va demontaj qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qismlarga boʻlingan va demontaj qilingan asosiy vositaning boshqa asosiy vositani taʼmirlash uchun yaroqli boʻlgan barcha uzellari, detallari, materiallari, rangli va qimmatbaho metallari ular hisobga olinadigan tegishli hisobvaraqlarga asosiy vositalarni tugatish komissiyasi tomonidan belgilanadigan foydalanish narxi boʻyicha kirim qilinadi. Yaroqsiz uzellar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallar ikkilamchi xomashyo (temir-tersak, qiyqindi yoki oʻtin) sifatida kirim qilinadi hamda tashkilotning xohishi boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishlatiladi.
9312. Budjet tashkilotlari uchun tugatilgan asosiy vositalarni qismlarga ajratish va demontaj qilishdan olingan tovar-moddiy boyliklarni sotishdan olingan mablagʻlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqsimlanadi.
9313. Asosiy vositalar budjet tashkilotlari tomonidan yuqori tashkilot bilan kelishgan holda, yuqori tashkilot mavjud boʻlmaganda mustaqil ravishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa budjet tashkilotlariga bepul (tekinga) berilishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2025-y., 10/25/3144-1/0344-son)