Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 2-dekabrdagi PQ-413-son, “Qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-420-son hamda Vazirlar Mahkamasining “Qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 11-sentabrdagi 562-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
chigit savdosi hamda texnik chigitni viloyatlararo taqsimlash bilan bogʻliq eski tartiblarni bekor qilish;
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash hamda qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrish vakolatini berish;
ayrim qonunchilik hujjatlaridagi oʻzaro nomuvofiqliklarni bartaraf etish.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-aprel,
221-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-apreldagi 221-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Paxta chigitini yetkazib berish va undan foydalanish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 18-sentabrdagi 199-son qarorida:
a) 2-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
b) 6-band chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy va tarmoq markazlari roʻyxatining “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlari” boʻlimi 4-pozitsiyasi “Mintaqaviy va tarmoq markazining nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2017-yil 17-oktabrdagi PF-5206-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-noyabrdagi PQ-3408-son qarori)” 2018-yil 15-fevraldagi 121-son qaroriga 1-ilovaning 6-bandi “a” kichik bandi chiqarib tashlansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 532-son qarori bilan tasdiqlangan Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ularga malaka toifalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha taʼlim jarayonini takomillashtirishning ilmiy-metodik asoslarini, oʻquv-metodik hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etadi hamda mexanizmlari va metodlarini belgilaydi.
Institut tomonidan veterinariya xizmati mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari toʻlov-kontrakt asosida, veterinariya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari va veterinariya mutaxassislarining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;
8-bandning oltinchi xatboshisidagi “Malaka oshirish markazining” soʻzlari “Institutning” soʻzi bilan almashtirilsin;
9-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Malaka oshirish markazi” soʻzlari “Institut” soʻzi bilan almashtirilsin;
10-bandning birinchi xatboshisidagi “Malaka oshirish markazi” soʻzlari “Institut” soʻzi bilan almashtirilsin;
18-bandning birinchi xatboshisidagi “Markazning” soʻzi “Institutning” soʻzi bilan almashtirilsin;
25-banddagi “5 yil” soʻzi “3 yil” soʻzi bilan almashtirilsin;
40 va 421-bandlardagi “Malaka oshirish markazi” soʻzlari “Institut” soʻzi bilan almashtirilsin;
1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Veterinariya xizmati mutaxassislari malakasini oshirish tizimining
TASHKILIY TUZILMASI
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi |
↓ |
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti |
Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti |
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, respublika tarkibiy boʻlinmalari mutaxassislarining malakasini oshirish |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar veterinariya xizmati hududiy tashkilotlari mutaxassislarining malakasini oshirish |
”. |
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 571-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 9-bandda:
yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agrosanoatni rivojlantirish agentligi”;
oʻn beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 4-bob va 1-paragraf nomidagi “huquqlari” soʻzi “vakolatlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
v) 13-bandda:
birinchi xatboshisidagi “huquqlarga” soʻzi “vakolatlarga” soʻzi bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yigirmanchi xatboshisi bilan toʻldirilsin:
“oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini buzish holatlari sodir etilganda, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish”;
yigirmanchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin”;
yigirmanchi xatboshisi yigirma birinchi xatboshisi deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy koʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 13-sentabrdagi 574-son qarorining 2-bandida:
a) birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi” soʻzlari “Oʻzbekiston fermerlari kengashi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yigʻib-terib olish xizmati bahosining 20 foizini, biroq 250 ming soʻmdan oshmagan qismini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston fermerlari kengashi, “Oʻzagroinspeksiya” va Soliq qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari hamda tijorat banklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblarga asosan 2025-yilning 1-iyuligacha Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab berish”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2025-y., 09/25/221/0335-son)