Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON TARIXI DAVLAT MUZEYINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonning koʻp asrlik tarixini xolisona va har tomonlama aks ettirish, xalqimizning jahon madaniyati rivojidagi boy madaniy hamda intellektual merosini keng targʻib etish va oʻsib kelayotgan yosh avlodni oʻz oʻlkasidan faxrlanish, Vataniga cheksiz mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga katta ahamiyat berib, yuksak insoniy va maʼnaviy ideallarni qaror toptirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston tarixi muzeyiga Davlat muzeyi maqomi berilsin.
2. Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi mavzu-ekspozitsiya rejasining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish hamda uning mazmunini uzluksiz boyitib borish uchun taniqli olimlar, jamoat va davlat arboblaridan iborat ilovaga* muvofiq tarkibda doimiy ishlovchi Ekspert kengashi tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
3. Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, ijodiy uyushmalar, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 10 kun muddatda Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini va mavzu ekspozitsiya rejasini ishlab chiqsin hamda Ekspert kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
4. Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi bir hafta muddatda Muzey toʻgʻrisidagi Nizomni va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikki yilligini nishonlash arafasida muzey ochilishiga bagʻishlangan ekspozitsiyalarni yangilash boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasiga Vazirlar Mahkamasining rezerv fondidan Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, mukammal tuzatish va badiiy bezash uchun taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq maqsadli qoʻshimcha mablagʻlar ajratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-avgust,
402-son