Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
1-modda. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi 176-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan OʻRQ-473-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda; 2020-yil, № 3, 200-modda, № 5, 299, 300-moddalar, № 6, 334-modda, № 12, 688-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 8, 790-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda) 7-moddasining birinchi qismiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi oʻttiz beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog”;
oʻttiz beshinchi, oʻttiz oltinchi va oʻttiz yettinchi xatboshilari tegishincha oʻttiz oltinchi, oʻttiz yettinchi va oʻttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi 226-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 64-modda; 1997-yil, № 2, 64-modda; 1998-yil, № 5-6, 114-modda, № 9, 164-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 688-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 1-modda:
quyidagi mazmundagi oʻttiz beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog”;
oʻttiz beshinchi, oʻttiz oltinchi va oʻttiz yettinchi xatboshilari tegishincha oʻttiz oltinchi, oʻttiz yettinchi va oʻttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari toʻgʻrisidagi Nizom “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi matndan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvoni mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishda hamda amaliyotga joriy etishda, yashil hududlarni kengaytirishda va koʻkalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlarga va soha vakillariga, shuningdek mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan ekofaollarga beriladi”;
3) Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlarining koʻkrak nishonlari tavsifi “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador” faxriy unvonining koʻkrak nishoniga oid tavsif matnidan keyin quyidagi mazmundagi matn bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog”
Koʻkrak nishoni diametri 30 millimetrli doira shaklida boʻladi va 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Nishonning qalinligi 2,2 millimetr.
Nishonning yuz tomoni markazida, koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida, ikki tomonga ochilgan, asrab-avaylashni ifodalaydigan kaftlar uzra yurtimiz tabiatini aks ettiruvchi vodiy, daryolar va togʻ choʻqqilari tasvirlangan.
Nishonning aylanasi boʻylab pastki oʻng qismida dafna novdasi tasvirlangan va yuqori qismida “XIZMAT KO`RSATGAN EKOLOG” degan yozuv joy olgan.
Nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Tasvirlar va yozuv qabariq.
Nishonning yuz va orqa tomonlari chekkalari qabariq hoshiya bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishonining ichki qismiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
Qadagʻichning boʻyi 16 millimetr, eni 25 millimetr.
Qadagʻichning orqa tomonida nishonni kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich tarzidagi moslama mavjud”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-mart,
OʻRQ-1048-son

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2025-y., 03/25/1048/0255-son)