Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 24-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 21-fevralda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 21-fevralda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sudlov faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilishini liberallashtirish, umuman odil sudlovga erishish darajasini oshirish, shuningdek sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash imkonini berdi.
Natijada ariza berish, ishda masofadan ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning koʻrilishi haqida maʼlumot olish kabi xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati mavjud.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslari yaratilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791, 792-moddalar, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1, 3-moddalar, № 3, 198, 199-moddalar; 2021-yil, № 1, 8-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda, № 12, 1007-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda, № 8, 827-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 11, 1191-modda, № 12, 1280, 1286-moddalar) 209-moddasiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin:
ikkinchi va uchinchi qismlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsi ishni koʻrayotgan sud tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aniqlanadi”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi, shuningdek guvohning qasamyodi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 24-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261, 266-moddalar, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, № 1, 10-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 463-modda, № 6, 577-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 12, 1280, 1286-moddalar) 166-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi”;
uchinchi va toʻrtinchi qismlar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi”;
beshinchi qism oltinchi qism deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 25-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-462-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 3-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda; 2021-yil, № 1, 9-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 8, 787-modda, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 185-modda, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 12, 1286-modda) 144-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi”;
uchinchi va toʻrtinchi qismlar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi”;
beshinchi qism oltinchi qism deb hisoblansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-mart,
OʻRQ-1047-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2025-y., 03/25/1047/0233-son)