Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAʼLIM XIZMATLARI KOʻRSATISh BOZORINI ShAKLLANTIRIShNI VA KADRLAR TAYYORLASh SOHASIDA MARKETINGNI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish yuzasidan taʼlim tizimining demokratik va bozor islohotlariga muvofiqligini taʼminlash, taʼlim xizmatlari koʻrsatish bozorida raqobatni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sohasida marketingni shakllantirish va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash, shuningdek, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim davlat taʼlim grantlari boʻyicha hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Davlat buyurtmasi boʻyicha oliy maʼlumotli va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash davlatga qarashli va nodavlat taʼlim muassasalariga har yili ajratiladigan davlat taʼlim grantlari asosida amalga oshiriladi.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi har yili navbatdagi yil uchun tasdiqlanadigan Davlat budjeti loyihasi bilan birgalikda oliy oʻquv yurtiga umumiy, shu jumladan, davlat grantlari hisobiga qabul qilishning koʻrsatkichlari — kvotalarini belgilasinlar.
Kelgusi yilgi davlat taʼlim grantlari hisobiga oʻqitish xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan respublika budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
2. Belgilansinki, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmanomalariga koʻra mutaxassislar tayyorlash taʼlim muassasalari tomonidan kontrakt asosida amalga oshiriladi. Korxonalar va tashkilotlarning grantlari taʼlim va ilmiy muassasalarga ham, bevosita fuqarolarga ham ajratilishi mumkin. Korxonalar grantlari bevosita fuqarolarga faqat ularning taʼlim va ilmiy muassasalarga kirish uchun tanlovdan oʻtish natijalariga koʻra ajratiladi.
Taʼlim va ilmiy muassasalarning taʼlim jarayoni bilan bogʻliq, shu jumladan, oʻqituvchilar va ilmiy rahbarlar mehnatiga haq toʻlash, moddiy-texnik bazani mablagʻ bilan taʼminlash, rivojlantirish va uni mustahkamlash xarajatlari tarkibiga shartnoma shartlarida korxonalar, tashkilotlar va fuqarolardan olingan mablagʻlar ham kiritiladi.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda buyurtmanomalar va prognozlarni hisobga olgan holda 1-martga qadar oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-meʼyoriy koʻrsatkichlari talablaridan kelib chiqib abituriyentlarni qabul qilishning miqdoriy koʻrsatkichlarini aniqlasin va ularni Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga taqdim etsin.
4. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi davlatning tegishli ixtisoslikdagi mutaxassislarga boʻlgan talablari asosida, iqtisodiy tarmoqlar va sektorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning tanlangan ustuvorliklarini, uzluksiz taʼlim tizimini yuqori malakali pedagogik kadrlar bilan taʼminlashni hisobga olgan holda, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-meʼyoriy koʻrsatkichlaridan kelib chiqib har yili 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
oʻqish tamom boʻlgandan soʻng bakalavrlardan yanada maqsadli foydalanishni hisobga olgan holda bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga davlat taʼlim grantlari va kontraktlar boʻyicha;
taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalarning, boshqa tashkilotlar hamda korxonalarning ehtiyojlari va buyurtmanomalarini hisobga olgan holda magistraturaga davlat taʼlim grantlari va kontraktlar boʻyicha abituriyentlar qabul qilishning miqdoriy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida takliflar taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilishga doir taqdim etilgan loyihalarni koʻrib chiqib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilishning umumiy koʻrsatkichlarini, shu jumladan, ajratiladigan davlat taʼlim grantlari sonini tasdiqlaydi.
Oliy oʻquv yurtlariga navbatdagi oʻquv yili uchun talabalar qabul qilishga doir materiallar har yili 1-mayga qadar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
5. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi Davlatga qarashli va nodavlat oʻquv yurtlari uchun taʼlim grantlari toʻgʻrisidagi nizomni 1998-yil may oyiga qadar ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar. Nizomda:
taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalar uchun respublika budjetidan davlat taʼlim grantlari ajratish tartibi;
korxonalar va tashkilotlar tomonidan taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalarga hamda fuqarolarga toʻlov-kontrakt asosida grantlar ajratish tartibi;
davlatga qarashli va nodavlat taʼlim muassasalarining davlat taʼlim grantlarini olishlari uchun ular oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi;
tomonlarning majburiyatlari va taʼlim xizmatlari koʻrsatish shartlari bajarilishi uchun ularning javobgarliklari;
bozor mexanizmi bilan davlat manfaatlariga rioya etishni oqilona qoʻshib olib borishni hisobga olgan holda davlat taʼlim grantlari asosida taʼlim olgan mutaxassislardan foydalanish tartibini nazarda tutsinlar.
6. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Mehnat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 1998-yil 1-martga qadar:
oliy taʼlim muassasalari marketing xizmatlari uchun taʼlim xizmatlariga talab prognozi boʻyicha meʼyoriy-uslubiy hujjatlarni;
taʼlim xizmatlari koʻrsatish bozorini shakllantirish maʼlumotlarining respublika axborot bazasini ishlab chiqsin va amalga kiritsin.
7. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar oʻz vazirliklarida, shuningdek, har bir oliy taʼlim muassasasida mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga umumiy smeta doirasida marketing xizmatlari boʻlinmalari tuzilishini taʼminlasinlar, ularga korxonalar va tashkilotlarning hamda respublika fuqarolarining taʼlim xizmatlari koʻrsatishga boʻlgan talablarini oʻrganish funksiyasini yuklasinlar.
8. Tijorat banklariga yirik korxonalarning investitsiya loyihalari uchun kreditlar ajratishda biznes-rejalarda va texnik-iqtisodiy asoslashlarda tashkil etilayotgan ishlab chiqarishlar uchun mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash rejalari va ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari mavjudligiga alohida eʼtibor berish tavsiya etilsin.
9. Mehnat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi bilan birgalikda:
yosh mutaxassislar uchun ish joylarini taqdim etuvchi ish beruvchilarni, shuningdek, ishlab chiqarishdagi ishini oʻqish bilan birga olib boradigan shaxslarni;
oʻz bazalarida kadrlarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlash uchun, shu jumladan, taʼlim olayotganlarni ishlab chiqarish amaliyotiga va stajirovkaga qabul qilish yoʻli bilan ishlab chiqarish va ilmiy potensiallardan samarali foydalanuvchi korxonalar va ilmiy tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni 1998-yilning 1-iyuniga qadar ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-yanvar,
48-son