Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MINGBULOQ NEFT KONINI SANOAT YOʻLI BILAN OʻZLAShTIRISh UChUN JOY TAYYORLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mingbuloq neft koni oʻzlashtirilishi va burgʻulash ishlari yuqori anomal qatlamli bosim sharoitlarida olib borilishi munosabati bilan hamda atrofdagi aholi yashaydigan joylarning ekologik xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi.
1. Vazirlar Mahkamasi Mingbuloq neft koni oʻzlashtirilishining atrof muhitga taʼsirini oʻrganish va shaharchalar aholisini bu zonadan koʻchirish maqsadga muvofiqligini aniqlash boʻyicha tashkil etgan komissiyaning quduqlarning atrof muhitga taʼsiri ehtimol tutilayotgan zonalar, joyning sanitariya holati va neft konida favqulodda hodisalar yuz berganda aholini himoya qilish normalari toʻgʻrisidagi xulosasiga rozilik bildirilsin.
2. Namangan viloyati hokimligining koʻchirilayotgan aholi uchun yangi shaharcha qurilishi joyini Zadaryo tumanining markazi Jomashoʻyning janubiy tomonida Mingbuloq konining ehtimol tutilayotgan chegarasidan 8 km masofada belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Namangan viloyati hokimligining buyurtmasi boʻyicha uch oy muddatda tuman markazi Jomashoʻyni rivojlantirishning bosh rejasini hamda “Mingbuloq neft” korxonasi neftchilari shaharchasi joylashtirilishini hisobga olgan holda zarur ijtimoiy infrastrukturaga ega boʻlgan yangi turar joy dahasi qurilishi loyihasini ishlab chiqsin.
4. Namangan viloyati hokimligi:
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-iyundagi 240-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan komissiya bilan kelishgan holda neft koni taʼsiri zonasida yashovchi aholini bosqichma-bosqich koʻchirish tartibini belgilasin va bundan keyin neft koniga tutash joylarda uy-joy va obyektlar qurilishini toʻxtatsin;
1994-yil 1-dekabrgacha tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilangan tartibda birinchi navbatda koʻchirilayotgan aholining yakka tartibda qurilgan imorati va qishloq xoʻjaligi ekinlari qiymatini aniqlasin hamda materiallarni “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etsin.
5. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi bilan birgalikda koʻchirilayotgan aholiga moʻljallangan yangi turar joy dahasi qurish loyihasi ishlab chiqilgandan soʻng bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga uy-joy va ijtimoiy infrastruktura obyektlari qurilishini mablagʻ bilan taʼminlash toʻgʻrisida taklif kiritsin.
6. “Oʻzsanoatxoʻjalikqurilish” davlat korporatsiyasi, “Oʻzdehqonchilikqurilish” va “Oʻzjamoaxoʻjalikqurilish” birlashmalari, “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni hamda Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligiga 1995—1997-yillarda yangi dahaga koʻchib keluvchilarning birinchi bosqichi uchun uy-joy va ijtimoiy infrastruktura obyektlari qurilishini Namangan viloyati hokimligi buyurtmasi boʻyicha bajarish topshirilsin.
7. Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Aloqa vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda yangi turar joy dahasida ichki va tortib keltiriladigan muhandislik kommunikatsiyalarini qurish boʻyicha takliflar kiritsinlar, oʻz kuchlari bilan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashni va ularning qurilishini 1995-yil oxirigacha tugallashni taʼminlasinlar.
8. Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni va Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi buyurtmasi boʻyicha Sirdaryoning “Mingbuloq” koniga tutash joylaridagi qirgʻoqlarini himoya qilish va mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar hamda 1996-yil oxirigacha ularni amalga oshirsinlar.
9. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan birgalikda Norin yer osti chuchuk suv manbaini va Sirdaryo suvini neft mahsulotlari bilan ifloslanishdan muhofaza qilishni taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining Mingbuloq konida otilib chiqqan neftni jilovlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va bu mintaqada tabiiy resurslardan samarali foydalanish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida 1992-yil 18-martdagi 135-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q. J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 2-avgust,
394-son