Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SIFAT” OʻZBEKISTON PAXTA TOLASINI SERTIFIKATLASh MARKAZINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustda oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston paxtasining yuqori likvidli xomashyo tovarlari xalqaro bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, paxta tolasini joʻnatishdan oldin yuqori darajada sertifikatlashni taʼminlash va uning paxta birjalaridagi qiymat koʻrsatkichlarini koʻtarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, “Oʻzdavstandart” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Paxta loyihasini amalga oshirish agentligining mintaqaviy laboratoriyalar tarmoqlariga ega boʻlgan “Sifat” Oʻzbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi (Oʻzbekiston “Sifat” markazi)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston “Sifat” markazi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi tarkibiga kiruvchi Paxta mahsulotini va kanop tolasini standartlash va sertifikatlash “Sifat” boshqarmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan Bitim asosida faoliyat koʻrsatuvchi “Paxta” tolasini sertifikatlash va marketing” kichik loyihasini joriy etish boʻlimi negizida tashkil qilinadi va ularning huquqiy vorisi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2, 3 va 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 220-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 19-son, 221-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Oʻzbekiston “Sifat” markazi bilan birgalikda bir oy muddatda xalqaro tashkilotlarni markazning tashkil etilganligi toʻgʻrisida xabardor qilsin va uning tegishli ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlib kirishiga doir zarur tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida tuzilgan Zayom toʻgʻrisidagi bitim doirasida Paxtachilikni takomillashtirish loyihasini amalga oshirish haqida” 1995-yil 31-oktabrdagi 421-son qaroriga 6-ilovaga muvofiq respublikada paxta tolasini sertifikatlash viloyat laboratoriyalarini qurish va jihozlash amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston “Sifat” markazi paxta tolasini albatta sertifikatlashni taʼminlash maqsadida markaz va uning mintaqaviy laboratoriyalarini paxta tolasini sertifikatlash organi sifatida belgilangan tartibda “Oʻzdavstandart” markazida akkreditatsiya qilsin.
7. Oʻzbekiston “Sifat” markazi, paxta loyihasi qatnashchisi sifatida, daromad va mulk soliqlaridan, bojxona poshlinalaridan va yigʻimlaridan roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtidan boshlab 5 yil muddatga ozod qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 220-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 19-son, 221-modda)
9. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston “Sifat” markazini va uning mintaqaviy laboratoriyalarini zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston “Sifat” markazi Toshkent shahar, Mannon Uygʻur koʻchasi, “Qizil Sharq” berk koʻchasi, 109-uyga joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida tuzilgan Zayom toʻgʻrisidagi bitim doirasida Paxtachilikni takomillashtirish loyihasini amalga oshirish haqida” 1995-yil 31-oktabrdagi 421-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
12-bandning birinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
12-bandning ikkinchi xatboshidagi va 2-ilovadagi “Sifat” boshqarmasiga” soʻzlari “Oʻzbekiston “Sifat” markaziga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 20-mart,
122-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 220-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 19-son, 221-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 220-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 19-son, 221-modda)