Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish sohasida samarali davlat nazoratini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim omillarni bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
yoqilgʻi-energetika resurslarini behuda sarflash hamda ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash;
sifatsiz yoqilgʻi mahsulotlari realizatsiyasiga chek qoʻyish borasida davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish.
2. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-fevral,
PF-20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-fevraldagi PF-20-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-77-son Farmonining 5-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) tomonidan yoqilgʻi-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va isteʼmol qilish faoliyati bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari doirasida sutkaning istalgan vaqtida oʻtkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi. Bunda ushbu tekshiruvlarga masʼul boʻlgan xodimlar tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini tekshiruv yakuniga yetishi bilan toʻldirishi shart”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-184-son Farmoniga 2-ilovaning 12-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ | ||
12. | Quyidagi masalalar boʻyicha tezkor nazorat tadbirlarini oʻtkazish: yoqilgʻi-energiya resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va isteʼmol qilish faoliyati bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ushbu sohadagi talablarga rioya etish; yoqilgʻi-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish hamda isteʼmolchilarga realizatsiya qilinayotgan yoqilgʻi-energiya resurslari sifatini (neft va gaz mahsulotlaridan namunalar olish, laboratoriyada tahlil qilish, miqdorini oʻlchash va tarqatish) nazorat qilish. | Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi |
”. |
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-fevraldagi “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-54-son qarorining 3-bandida:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzenergoinspeksiya tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish hamda isteʼmolchilarga realizatsiya qilinayotgan yoqilgʻi-energiya resurslari sifatini nazorat qilish (neft va gaz mahsulotlaridan namunalar olish, laboratoriyada tahlil qilish, miqdorini oʻlchash va tarqatish) bilan bogʻliq oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari doirasida sutkaning istalgan vaqtida oʻtkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi. Bunda ushbu tekshiruvlarga masʼul boʻlgan xodimlar tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini tekshiruv yakuniga yetishi bilan toʻldirishi shart”;
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2025-y., 06/25/20/0122-son)