Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MULKINI XUSUSIYLASHTIRISHDA XORIJIY SARMOYALARNI JALB QILISHNI RAGʻBATLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning samarali mexanizmini yaratish, qimmatli qogʻozlar bozorida chet el investorlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-2-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-noyabrdagi 511-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan).
Oldingi tahrirga qarang.
3. Davlat komissiyasi:
(3-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 362-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 133-modda)
Davlat mulkini sotishda tender savdolari oʻtkazish Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
xorijiy baholash kompaniyalarini 1 va 3-ilovalarga* muvofiq korxonalar qiymatini baholashga ikki oy muddatda jalb qilsin;
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda 1 — 3-ilovalarda qayd etilgan obyektlar prospektini, ularning xorijiy investorlar uchun qiziqish tugʻdiradigan ishlab chiqarish — iqtisodiy va moliyaviy tavsifnomalari, shuningdek ushbu obyektlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlarni koʻrsatgan holda, nashr qilsin.
4. Belgilansinki:
xorijiy investorlar tomonidan korxonalar yoki aksiyalar paketlari erkin almashtiriladigan valyutaga sotib olinadi, investitsiya majburiyatlari esa xorijiy valyutada ham, qiymati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari yetkazib berish tarzida ham shakllantiriladi;
xorijiy investordan korxonalar yoki aksiyalar paketlari qiymati uchun toʻlov sifatida tushadigan xorijiy valyutadagi mablagʻlar, ularni keyinchalik Markaziy bankka majburiy tartibda toʻliq hajmda belgilangan tartibda sotish sharti bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi maxsus valyuta hisob raqamiga oʻtkaziladi;
Keyingi tahrirga qarang.
korxonalar yoki aksiyalar paketlarini xorijiy investorlarga sotishdan olingan milliy valyutadagi tushumni taqsimlash Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
xususiylashtiriladigan korxona tomonidan xorijiy investorning investitsiya majburiyatlari hisobiga olingan pul mablagʻlari va texnologiya asbob-uskunalari daromad (foyda) soligʻiga va qoʻshilgan qiymat soligʻiga tortish obyekti boʻlib hisoblanmaydi.
5. Xususiylashtirilayotgan korxonalarni yoki aksiyalar paketlarini xorijiy investorlarga sotish tartibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat mulki qoʻmitasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingini olish boʻyicha 6-ilovaga* muvofiq tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 6-ilova berilmaydi.
7. Belgilab qoʻyilsinki, xorijiy investorlarning Oʻzbekiston emitentlari aksiyalarini respublika fond bozorida sotishdan olgan daromadini erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilish:
agar koʻrsatib oʻtilgan aksiyalar erkin almashtiriladigan valyutaga sotib olingan boʻlsa;
xorijiy investor aksiyalarni ularni sotib olgan sanadan keyin kamida 12 oy oʻtgach sotgan taqdirda amalga oshiriladi.
Pul-kredit siyosati boʻyicha Respublika komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Xorijiy investorlarning Oʻzbekiston emitentlari aksiyalari muomalada boʻlishidan olingan daromadlarini erkin almashtiriladigan valyutaga konvertatsiya qilish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Toshkent” Respublika fond birjasi bilan birgalikda qimmatli qogʻozlarni xorijiy investorlarga erkin almashtiriladigan valyutaga sotish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda tegishli meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqqan va tasdiqlagan holda, 1999-yil 1-yanvargacha maxsus savdo maydonchasi tashkil etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 9-martdagi 119-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Hukumat qarorlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Markaziy banki ushbu qarordan kelib chiqadigan idoraviy meʼyoriy hujjatlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda qabul qilsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 18-noyabr,
477-son
Xususiylashtirilayotgan korxonalarni yoki aksiyalar paketlarini xorijiy investorlarga sotish
TARTIBI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Tartib xususiylashtirilayotgan korxonalarni yoki aksiyalar paketlarini xorijiy investorlarga sotish shartlari va mexanizmini belgilab beradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi xorijiy investorlarga sotish uchun qoʻyiladigan korxonalar (aksiyalar paketlari) roʻyxatlari, shuningdek ular haqidagi zarur maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida va ixtisoslashtirilgan nashrlarda, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalarida va ixtisoslashtirilgan nashrlarda muntazam ravishda eʼlon qilinishini tashkil etadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi emitent korxona hamda u tarkibiga kiruvchi xoʻjalik uyushmasi (korporatsiya, konsern va boshqalar) bilan birgalikda korxona va u emissiya qilgan aksiyalar toʻgʻrisidagi axborotlarni oshkor qiladi, kutiladigan xorijiy investorlarning korxona bilan, uning asosiy texnik-iqtisodiy, moliyaviy va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari bilan tanishishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, xorijiy investorlarni izlashni va ular bilan muzokaralar olib borilishini tashkil etadi.
4. Erkin savdoda va xorijiy investorlarga sotish uchun moʻljallangan aksiyalar xorijiy investorlarga tender, shu jumladan investitsiya savdolarida hamda birja savdolarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi buyruqlari boʻyicha sotiladi.
5. Korxonalar va davlat mulki ulushidan aksiyalar, aksiyalar nazorat paketlari xorijiy investorlarga tender, shu jumladan investitsiya savdolarida Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra sotiladi.
II. XUSUSIYLASHTIRILAYOTGAN KORXONALAR VA AKSIYALAR PAKETLARINI XORIJIY INVESTORLARGA SOTISH SHAKLLARI
6. Korxonalar yoki aksiyalar paketlari xorijiy investorlarga:
korxona (aksiyalar paketi)ning erkin almashtiriladigan valyutadagi sotib olish narxi oʻtkazish mavzusi hisoblanadigan tender savdolarida;
investor tomonidan korxonani texnika bilan qayta jihozlash va ishlab chiqarishni renovatsiya qilish boʻyicha oʻziga investitsiya majburiyatlari olgan holdagi korxona yoki aksiyalar paketlari mavzusi hisoblanadigan investitsiya tender savdolarida sotilishi mumkin. Bunda xorijiy investorning investitsiya majburiyatlari korxona (aksiyalar paketi)ning erkin almashtiriladigan valyutadagi sotib olish narxi uchun haq toʻlash yoki unga qoʻshimcha sifatida qabul qilinishi mumkin;
birja savdolarida sotilishi mumkin.
7. Korxonalar (aksiyalar paketlari) tender savdolarida, shu jumladan investitsiya savdolarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qaroriga 3-ilovada belgilangan tartibda sotiladi.
Tender savdolarini oʻtkazish korxonani baholashda qatnashayotgan xorijiy investitsiya banklari tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Savdolarni tashkil etuvchi investitsiya banki xaridor yoki xaridor vakili boʻlishi mumkin emas.
Korxonalar va davlat mulki ulushi aksiyalari, aksiyalar nazorat paketlari savdolari natijalari boʻyicha gʻolib aniqlanmagan taqdirda Vazirlar Mahkamasi tomonidan ularni sotishning boshqa usuli belgilanishi mumkin.
8. Aksiyalar paketi xorijiy investorlarga erkin almashtiriladigan valyutaga birja savdolarida ushbu maqsadlar uchun maxsus tashkil etiladigan savdo maydonchasida sotiladi.
Xorijiy investor broker bilan tuzadigan shartnoma-topshiriqnomada investorning aksiyalar paketlari qiymatini erkin almashtiriladigan valyutada toʻlash boʻyicha majburiyatlari nazarda tutilgan boʻlishi kerak. Bunda vositachilar va birja xizmatlari haqi bevosita xorijiy investor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida toʻlanadi.
9. Korxonalar va aksiyalar paketlari qiymati uchun toʻlov sifatida xorijiy investordan tushadigan erkin almashtiriladigan valyutadagi mablagʻlar 1999-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining Markaziy bankdagi maxsus valyuta schyotiga oʻtkaziladi, keyinchalik birjadan tashqari valyuta bozori xarid kursi boʻyicha toʻliq hajmda majburiy ravishda Markaziy bankka sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Korxonalar yoki aksiyalar paketlarini xorijiy investorlarga sotishdan olingan milliy valyutadagi tushumni taqsimlash Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni hisobga olish, taqsimlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
III. KORXONALARNI VA AKSIYALAR PAKETLARINI XORIJIY INVESTORLARGA SOTISH SHARTLARI
11. Xorijiy investorlar tomonidan korxonalar yoki aksiyalar paketlari erkin almashtiriladigan valyutaga sotib olinadi, investitsiya majburiyatlari esa xorijiy valyutada ham, qiymati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari yetkazib berish tarzida ham shakllantiriladi.
12. Korxonalar (aksiyalar paketlar)ni xorijiy investorlarga sotish xorijiy sherik tomonidan shartnoma boʻyicha olingan majburiyatlar toʻliq hajmda bajarilgunga qadar ularni begonalashtirish huquqisiz amalga oshiriladi.
13. Investitsiya tender savdolari yakunlari boʻyicha yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartlashuvlar asosida tuziladigan shartnomalarda korxonani texnika bilan qayta jihozlash va ishlab chiqarishni renovatsiya qilish boʻyicha xorijiy investor tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlarining hajmi, qiymati, shakli va bajarilish muddatlari aniq kelishib olinishi, shuningdek, ular belgilangan muddatda bajarilmaganligi uchun sanksiya koʻzda tutilishi kerak.
14. Shartnomada koʻzda tutilgan shartlar, shu jumladan investitsiya majburiyatlari xorijiy investor tomonidan bajarilmagan taqdirda bitishuv qonunchilik bilan belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Hukumat qarorlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qarorida:
a) 9-bandning uchinchi xatboshi “Korxonalarni va” soʻzlari bilan boshlansin;
b) Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibiga 2-ilovaning 2.3.2-bandidagi “bitishuv summasining 1 foizi miqdorida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) 3-ilovada:
3-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari quyidagi yangi tahrirda bayon qilinsin:
“tender obyekti korxona yoki aksiyalarning aniq paketi;
tender mavzusi korxona (aksiyalar paketi)ni sotish, shu jumladan investitsiya majburiyati sharti bilan yoxud ushbu shartlarsiz sotish bahosi”;
9-banddagi “6 oy oldin” soʻzlari “3 oy oldin” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining “1998-yilda Oʻzbekiston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti toʻgʻrisida” 1997-yil 5-dekabrdagi 540-son qaroriga 15-ilova quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi bilan daromadlarga ikki tomonlama soliq solishning oldini olish haqidagi bitimlarga ega boʻlmagan davlatlar rezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning dividendlari bundan mustasno”.