Norasmiy tarjima
Yuristlarning roliga oid asosiy prinsiplar
Jahon xalqlari BMT Ustavida inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash borasida hamkorlikni amalga oshirish maqsadidagi majburiyatlarga nisbatan odillik amalda boʻlishini taʼminlaydigan tegishli shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanliklarini bildirayotganliklarini eʼtiborga olib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida barchaning qonun oldida tengligi, aybsizlik prezumpsiyasi, ishlarning qonunga muvofiq taʼsis etilgan vakolatli, mustaqil va xolis sud tomonidan oshkora va adolatli koʻrib chiqilishi, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har qanday insonni himoya qilish uchun zarur kafolatlar olish huquqiga ega ekanlikligi toʻgʻrisidagi prinsiplar kiritilganini eʼtiborga olib,
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda asossiz ushlab turishsiz ham sudlanish huquqining hamda qonun asosida tuzilgan vakolatli, mustaqil va odil sud tomonidan ishning adolatli va oshkora koʻrilish huquqining eʼlon qilinishini eʼtiborga olib,
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustaviga muvofiq, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish va ularni hurmat qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha majburiyatlari toʻgʻrisida eslatib oʻtilishini eʼtiborga olib,
qanday shaklda boʻlmasin, ushlab turilgan yoki qamoqqa mahkum qilingan barcha shaxslarni himoya qilish Prinsiplari toʻplamida qoʻlga olingan shaxs yurist maslahatchisi yordamidan foydalanish, murojaat qilish va u bilan maslahatlashish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilganini eʼtiborga olib,
mahbuslar bilan muomala qilishning andozaviy minimal qoidalarida ishi tergov qilinayotganlarga yuridik yordam va advokat bilan maxfiy muloqot qilishni taʼminlab berish bayon etilganini eʼtiborga olib,
oʻlim jazosiga hukm qilinganlarning himoyasini kafolatlovchi chora-tadbirlarda oʻlim jazosi belgilanishiga sabab boʻlgan jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan har bir shaxs yoki ayblanuvchining huquqlari, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 14-moddasiga muvofiq olib borilayotgan sud jarayonining barcha bosqichlarida tegishli yuridik yordam olish huquqlari tasdiqlanishini eʼtiborga olib,
jinoyatdan va hokimiyat vakolatini suiisteʼmol qilishdan jabrlanganlar uchun Odil sudlovning asosiy prinsiplari toʻgʻrisidagi deklaratsiyada jinoyatdan jabr koʻrganlarning odil sudlovga va adolatli muomalaga, mulkka nisbatan avvalgi huquqlarini tiklash (restitutsiya), kompensatsiya va yordamga ega boʻlishlarini yengillashtirish uchun xalqaro va milliy darajalarda qabul qilinadigan chora-tadbirlarning tavsiya etilishini eʼtiborga olib,
iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari boʻladimi yoki fuqarolikka oid va siyosiy huquqmi, hamma sohada insonlar foydalanishi lozim boʻlgan huquq va erkinliklarining tegishli himoyasini taʼminlab berish uchun, barcha insonlar mustaqil yuqori malakali yuristlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmatlardan haqiqatan ham bahramand boʻla olishlari kerakligini eʼtiborga olib,
yuristlarning kasbiy uyushmalariga oʻz aʼzolarini asossiz aralashuvlar va taʼqiblardan, noqonuniy cheklovlardan himoya qilishda kasbiy meʼyorlar va etikaga rioya etilishini taʼminlashda, barcha ehtiyojmandlarga yuridik xizmatlar taqdim etishda va odil sudlov maqsadlarini amalga oshirishda hukumat va boshqa idoralar bilan hamkorlik qilish hamda davlat manfaatlarini himoyalashda muhim oʻrin ajratilishini eʼtiborga olib,
davlat boshqaruv organlaridan sud organlarining mustaqilligini taʼminlash va mustahkamlash vazifalarini hal etishda aʼzo-davlatlarga yordam berish maqsadlarida tuzilgan quyida keltirilgan asosiy Prinsiplarni oʻz milliy qonunlari va tajribalari doirasida eʼtiborga olishlari va unga rioya etishlari hamda ulardan sudyalar, ayblovchilar (qoralovchilar), advokatlar, ijrochi va qonun chiqaruvchi organlar xodimlari hamda keng jamoatchilik ommasini xabardor qilishlari talab etiladi. Prinsiplar asosan professional yuristlar uchun moʻljallangan, biroq, zarur boʻlganda, professional maqomga ega boʻlmagan, yuristlik vazifasini bajarayotganlar ham ulardan teng foydalanishlari mumkin.
Yuristlar va yuridik xizmatlardan foydalanish
1. Har bir inson himoya maqsadida yordam soʻrab va koʻrilayotgan jinoyat ishining barcha bosqichlarida uning huquqlari va manfaatlari himoyasini taʼminlab berishni soʻrab xohlagan yuristiga murojaat qilish huquqiga ega.
2. Davlat oʻz hududida boʻlgan va ularning yurisdiksiyasiga tushuvchi barcha fuqarolarga, hech bir kamsitishlarsiz, masalan, irqi, tanasining rangi, etnik kelib chiqishi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tugʻilishi, moddiy va boshqa maqomiga koʻra ajratmagan holda, yuristlar xizmatidan foydalanishda amaliy va teng imkoniyatlarni taʼminlashga doir samarali tartib va mexanizmlarni kafolatlashi kerak.
3. Hukumat zaruriyat yuzaga kelsa, nochor boʻlgan, noqulay ahvolga tushib qolgan shaxslarga ham yuridik xizmatlar koʻrsatish uchun yetarli moliyaviy mablagʻlar va boshqa turdagi yordamlarning taqdim etilishini taʼminlaydi. Yuristlarning kasbiy uyushmalari xizmatlar, mablagʻlar va boshqa resurslarni tashkil etish va taʼminlashda hamkorlik qiladilar.
4. Davlat va yuristlarning kasbiy uyushmalari insonlarni ularning qonunga muvofiq huquq va burchlari, asosiy erkinliklarini himoya qilishda yuristlarning tutgan muhim oʻrni toʻgʻrisida xabardor qilishga doir dasturlarni amalga oshirishda hamkorlik qiladilar. Ayniqsa, nochor va noqulay ahvolga tushib qolgan insonlarga, zaruriyat tugʻilganda, oʻz huquqlarini himoya qilish uchun yuristlarga yordam soʻrab murojaat qilish imkoniyatlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi.
Odil sudlov masalalaridagi maxsus kafolatlar
5. Davlat jinoiy javobgarlikda ayblangan har bir odamni hibsga olish yoki qoʻlga tushirishda, uning oʻz xohishiga koʻra, yurist xizmatidan foydalanish huquqi borligi haqida vakolatli organlar darhol xabardor qilishlarini taʼminlaydi.
6. Odil sudlov talablari taqozo qilgan barcha holatlarda, oʻz yuristiga ega boʻlmagan har bir kishi, garchi buning uchun yetarli mablagʻi boʻlmasa ham, huquqbuzarlik xususiyatiga mos boʻlgan umumiy bilim, tajriba va vakolatga ega, unga samarali yuridik yordam koʻrsata oladigan bepul yurist yordamini olishi huquqiga egadir.
7. Shuningdek, davlat tomonidan jinoyat yuzasidan ayb qoʻyilgan yoki qoʻyilmaganidan qatʼi nazar ushlab turilgan va qamoqqa olingan barcha shaxslar darhol, yaʼni ular hibsga olingan yoki ushlangan vaqtdan boshlab, qirq sakkiz soatdan kechiktirmasdan yuristga ega boʻlishlarini taʼminlab berilishi shart.
8. Barcha hibsga olinganlar, qoʻlga tushganlar yoki qamoqdagi mahbuslar uchun ularning oldilariga yuristlarning kirishi uchun kechikmasdan, hech bir aralashuvlarsiz va senzurasiz, maxfiylikka rioya etilgan holda ular bilan aloqa bogʻlashi va maslahatlar berishi uchun mutanosib imkoniyatlar, vaqt va sharoitlar yaratib beriladi. Bunday maslahat-uchrashuvlar huquqiy tartibni saqlash uchun masʼuliyatli shaxslarning ishtirokida amalga oshirilishi mumkin, biroq ularga suhbatdan voqif boʻlish imkoniyati yaratilmasligi kerak.
Malaka va kadrlar tayyorgarligi
9. Davlat, yuristlarning kasbiy uyushmalari va oʻquv muassasalari yuristlarning kasbiy malakasi va tayyorgarligini, ularning kasbga doir talab va maqsadlar hamda axloqiy majburiyatlarni chuqur tushunib yetishlari, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisida milliy va xalqaro qonunlar bilan mustahkamlab qoʻyilgan bilimlarga ega boʻlishlarini taʼminlab beradilar.
10. Davlat, yuristlarning kasbiy uyushmalari va oʻquv muassasalari har qanday shaxsning professional yuridik amaliyotni boshlashi yoki davom ettirishida unga zarar yetkazishi mumkin boʻladigan ajratishlar, yaʼni irqi, terisining rangi, etnik kelib chiqishi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa eʼtiqodlari, milliy va ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, tabaqaviy, iqtisodiy va boshqa holatlari boʻyicha har qanday kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmaslikni taʼminlaydilar. Bunda yurist tegishli mamlakatning fuqarosi boʻlishi kerak, degan talab kamsitish sifatida koʻrilmasligi kerak.
11. Yuridik xizmatlarga ehtiyojlar taʼminlab berilmaydigan, oʻziga xos madaniyatga, anʼanalar yoki tiliga ega boʻlgan, ilgari kamsitish va tahqirlashlar qurboni boʻlgan turli guruhlar, jamoalar mavjud mamlakatlarda davlat, yuristlarning kasbiy uyushmalari va oʻquv muassasalari bunday guruhlar nomzodlarining yuridik maʼlumot olishlari hamda yurist kasbini egallashlari uchun imkoniyatlar yaratishga harakat qilishlari lozim.
Vazifa va majburiyatlar
12. Har qanday holatlarda ham yuristlar adliya sohasining masʼul xodimlari sifatida, oʻz kasblariga monand obroʻ va qadr-qimmatni saqlab qolishga harakat qiladilar.
13. Mijozlarga xizmat koʻrsatishda yuristlar quyidagi ishlarni bajaradilar:
a) mijozlarga ularning yuridik huquqlari va majburiyatlari yuzasidan va mijozlarning huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlgan huquqiy tizimning faoliyati haqida maslahatlar berish;
b) mijozlarga har qanday imkon darajasidagi vositalar va ular yoki ularning manfaatlarini himoya qilish uchun koʻrilgan qonuniy choralar bilan yordam koʻrsatish;
s) mijozlarga, zarur boʻlganda, sudlarda, tribunallarda yoki maʼmuriy organlarda yordam koʻrsatish.
14. Mijozlarning huquqlarini himoya qilishda va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashishda yuristlar, shuningdek, milliy va xalqaro meʼyorlar tomonidan tan olingan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ham himoya qilishlari kerak; ular, ayni paytda qonunga va umumeʼtirof etilgan meʼyorlarga, shu bilan birga, yuristlik kasbi etikasiga muvofiq ravishda erkin va halol xatti-harakatlarni amalga oshirishlari kerak.
15. Yuristlar doim oʻz mijozlari manfaatlari himoya qilishga qatʼiy rioya etadilar.
Yuristlarning oʻz majburiyatlarini bajarishlari boʻyicha kafolatlar
16. Davlat yuristlar oʻz majburiyatlarini bajarishlari uchun quyidagilarni taʼminlab beradi:
a) oʻz kasbiy vazifalarini qoʻrqitishsiz, toʻsiqlarsiz, taʼqibsiz yoki asossiz aralashuvlarsiz bajara olishini;
b) oʻz mijozi bilan muloqot qilishi uchun ularga mamlakat ichida yoki uning tashqarisida erkin harakatlanib yurishini (harakatlanish erkinligini);
s) umumqabul qilingan kasbiy majburiyatlari, andozalar va axloqiy meʼyorlarga muvofiq ravishda amalga oshirayotgan xatti-harakatlari uchun taʼqibdan, taʼqib xavfidan yoki sud, maʼmuriy, moddiy va boshqa javobgarlikdan himoya qilishni.
17. Kasbiy majburiyatlarini bajarayotgan yuristlarning xavfsizligiga nisbatan xatar tugʻilsa, davlat tomonidan ularga muvofiq himoya taʼminlab beriladi.
18. Yuristlar vazifalarini bajarishlari natijasida oʻz mijozlari yoki ular manfaatlari bilan tenglashtirilmasligi kerak.
19. Advokat huquqi tan olinadigan birorta ham sud yoki maʼmuriy organ yuristning sudda oʻz mijozi manfaatlarini himoya qilish huquqini rad etmaydi, faqat bundan yuristning milliy qonunchilik va amaliyotlarga hamda mazkur prinsiplarga muvofiq oʻz kasbiy faoliyatini bajarish huquqidan mahrum qilingan holatlar mustasno.
20. Yuristlar sudda yoki boshqa birorta sudga doir yoki maʼmuriy organda oʻzlarining xizmat vazifalarini bajarishda ular tomonidan yozma yoki ogʻzaki shaklda qilingan vijdonan bayonotlari uchun fuqarolik va jinoiy immunitetga ega boʻlishlari kerak.
21. Vakolatli organlarning majburiyati — yuristga hokimiyat ixtiyorida yoki nazorati ostida boʻlgan tegishli maʼlumot, fayl yoki hujjatlardan mijozlariga zarur yuridik yordam koʻrsatish uchun yetarli vaqt davomida foydalanish imkoniyatini taʼminlab berishdan iborat. Bunday imkoniyat imkon qadar tezroq taʼminlanishi kerak.
22. Hukumat yuristlar va ularning mijozlari oʻrtasidagi barcha suhbatlar va maslahatlashuvlarning maxfiyligini tan oladi va uni taʼminlab beradi.
Eʼtiqod va uyushmalar erkinligi
23. Yuristlar ham boshqa fuqarolar singari oʻz fikrlarini, eʼtiqod va qarashlarini erkin ifoda etish huquqiga egadirlar. Xususan, ular huquqiy masalalarga, inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlash va qoʻllab-quvvatlashga doir munozaralarda ishtirok etish va mahalliy, milliy hamda xalqaro tashkilotlarning aʼzolari boʻlish yoki tashkil etish va ularning majlislarida qatnashish huquqiga egadirlar, bunda oʻzlarining qonunga muvofiq yoki qonuniy tashkilotlarning aʼzolari sifatida olib borayotgan kasbiy faoliyatlarida hech bir toʻsiqlarga duch kelmasliklari kerak. Mazkur huquqlarni amalga oshirish davomida yuristlar oʻz xatti-harakatlarida ayni paytda qonunga va umumeʼtirof etilgan meʼyorlarga, shuningdek, yuristlik kasbi etikasiga amal qiladilar.
Yuristlarning kasbiy uyushmalari
24. Yuristlar ularning manfaatlarini ifoda etadigan, bilimlarini uzluksiz takomillashtirib borish va tayyorgarlik koʻrishlariga hamda ularning kasbga doir manfaatlarini himoya qilishga yordam beradigan mustaqil kasbiy uyushmalarni tuzish va ularga aʼzo boʻlish huquqiga egadirlar. Kasbiy uyushmalarning ijrochi organlari aʼzolar orasidan tayinlanadi va ular oʻz vazifalarini tashqaridan hech bir aralashuvlarsiz amalga oshiradilar.
25. Yuristlarning kasbiy uyushmalari barcha shaxslarning amaliy va yuridik xizmatga teng ega boʻlishlarini taʼminlash va yuristlar qonunlarga, tan olingan andozalar va axloqiy meʼyorlarga muvofiq, mijozlarga maslahatlar berish va yordam koʻrsatish ishlarini noqonuniy aralashuvlarsiz bajarish imkoniyatiga ega boʻlishlari yoʻlida hukumat bilan hamkorlik qiladilar.
Intizomiy chora-tadbirlar
26. Yuristlar oʻzlarining tegishli idoralari va qonunchilik organlari orqali milliy qonunlarga muvofiq, anʼanalar hamda tan olingan xalqaro andozalar va hujjatlar asosida yuristlarning kasbga doir axloqiy kodekslarini ishlab chiqadilar.
27. Yuristlar ustidan ularning kasbiy faoliyatiga bogʻliq ravishda kelib tushgan ayblov va shikoyatlar kechiktirilmasdan hamda odilona, tegishli chora-tadbirlarga muvofiq koʻrib chiqiladi. Yuristlar ishning adolat bilan koʻrib chiqilishi va oʻz tanlovi boʻyicha yuridik yordam olish huquqiga egadirlar.
28. Yuristlarga nisbatan qoʻllaniladigan maʼmuriy chora-tadbirlar huquqshunoslar tomonidan tashkil etilgan xolis intizomiy qoʻmitalar, qonunda koʻzda tutilgan mustaqil organlar tomonidan yoki sudlarda koʻriladi hamda mustaqil sud nazoratiga olinadi.
29. Barcha axloqiy chora-tadbirlar kasbga doir axloqiy kodekslar va yuristlarning kasbiy etikasi va andozalari hamda ushbu prinsiplarga muvofiq belgilanadi.
(imzolar)