Rivojlanishga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Bosh Assambleya,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy yoki gumanitar xarakterga ega boʻlgan muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish bilan bogʻliq va irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼi nazar barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmatni oshirish va rivojlantirishga tegishli maqsad va tamoyillarini inobatga olib,
aholi farovonligini doimiy ravishda oshirishga va barcha shaxslarning rivojlanishda faol, erkin va konstruktiv ishtirok etishi hamda ushbu jarayonda yaratilgan imtiyoz, sharoitlarni adolatli taqsimlanishiga qaratilgan rivojlanish keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayon ekanligini tan olib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga muvofiq, har bir inson Deklaratsiyada belgilangan huquq va erkinliklar toʻliq amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ijtimoiy va xalqaro tartib huquqiga ega ekanligini inobatga olib,
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qoidalariga ishora qilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalarining insonning har tomonlama rivojlanishi, barcha xalqlarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga, shuningdek dekolonizatsiya, kamsitishni oldini olish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish hamda ularga rioya qilish, Nizomga muvofiq xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashish masalasiga tegishli shartnoma, konvensiya, rezolyutsiya va boshqa hujjatlariga ishora qilib,
xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini, unga koʻra barcha xalqlar oʻz siyosiy mavqeyini erkin belgilash, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotini amalga oshirish huquqiga ega ekanligini eslatib,
shuningdek, inson huquqlari toʻgʻrisidagi ikki Xalqaro paktning tegishli qoidalariga muvofiq xalqlarning oʻzlarini barcha tabiiy boyliklari va resurslari ustidan toʻliq suverenitetdan foydalanish huquqini eslatib,
Nizomga muvofiq davlatlarning irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, belgilaridan va har qanday boshqa farqlardan qatʼi nazar barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish va unga rioya etilishiga koʻmaklashish majburiyatini inobatga olib,
kolonializm, neokolonializm, aparteyid, irqchilik va irqiy kamsitishning barcha turlari, xorijiy hukmronlik va istilo, tajovuz va milliy suverenitetga, milliy birlik va hududiy yaxlitlikka tahdid, urush tahdidi natijasi hisoblangan holatlar taʼsirida jabrlangan xalqlar va shaxslarning inson huquqlarini ommaviy va qoʻpol buzilishini bartaraf etish, insoniyatning katta qismini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga hissa qoʻshadi deb hisoblab,
inson va xalqlarning rivojlanishi va toʻlaqonli namoyon boʻlishi yoʻlida jiddiy toʻsiqlar mavjudligidan xavotirlanib, xususan, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni rad etish bilan bogʻliq, shuningdek barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklari ajralmas hamda bir-biriga bogʻliq ekanligini hisobga olgan holda, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish, ragʻbatlantirish, himoya qilish va rivojlanishiga koʻmaklashish uchun teng eʼtibor va ustuvorlik berilishi kerak deb hamda ayrim inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish, hurmat qilish va amalga oshirish, boshqa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rad etishni oqlay olmaydi deb hisoblab,
xalqaro tinchlik va xavfsizlik rivojlanishga boʻlgan huquqni amalga oshirishning muhim omili ekanligini hisobga olib,
qurolsizlanish va taraqqiyot oʻrtasida chambarchas bogʻliqlik mavjudligini va qurolsizlanish sohasidagi taraqqiyot, rivojlanish sohasidagi taraqqiyotni sezilarli darajada tezlashtirishi hamda qurolsizlanish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida boʻshatilgan mablagʻlar barcha xalqlarning, xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar xalqlarining iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi va farovonligiga yoʻnaltirilishi lozimligini tasdiqlagan holda,
inson rivojlanish jarayonining asosiy subyekti ekanligini hamda shuning natijasida inson rivojlanish siyosatining asosiy ishtirokchisi va benifitsiari (foyda oluvchisi) sifatida qaralishi kerakligini tan olib,
xalqlar va shaxslarning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlatlarning asosiy majburiyati ekanligini eʼtirof etib,
rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilishga koʻmaklashishga qaratilgan xalqaro darajadagi saʼy-harakatlar, yangi xalqaro iqtisodiy tartibni oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan birga olib borilishi kerakligini anglab,
rivojlanishga boʻlgan huquq insonning ajralmas huquqi ekanligini hamda rivojlanish uchun imkoniyatlar tengligi, davlatning ham, davlatni tashkil etuvchi insonlarning ham mutlaq huquqi (imtiyozli huquqi) ekanligini tasdiqlab,
quyidagi Rivojlanishga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi deklaratsiyani eʼlon qiladi:
1-modda
1. Rivojlanishga boʻlgan huquq insonning ajralmas huquqi boʻlib, ushbu huquq har bir inson va barcha xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy taraqqiyotda ishtirok etish huquqini beradi hamda ushbu huquqning taʼminlanishi orqali barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻliq amalga oshirilishi mumkin, shuningdek undan va uning afzalliklaridan foydalanish imkoniyatlaridan foydalanishga koʻmaklashadi.
2. Rivojlanishga boʻlgan huquq xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini toʻliq amalga oshirishni nazarda tutadi, bu inson huquqlari toʻgʻrisidagi ikkala Xalqaro paktning tegishli qoidalariga muvofiq, xalqlarning barcha tabiiy boyliklari va resurslari ustidan toʻliq suverenitetga boʻlgan ajralmas huquqini amalga oshirishni oʻz ichiga oladi.
2-modda
1. Inson rivojlanish jarayonining asosiy subyekti hisoblanadi hamda u rivojlanishga boʻlgan huquqning faol ishtirokchisi va benifitsiari boʻlishi lozim.
2. Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini toʻliq hurmat qilish zarurligini yodda tutgan holda, barcha insonlar individual va jamoaviy rivojlanish uchun, shuningdek inson shaxsining erkin va har tomonlama jamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga javobgardirlar, shuning uchun ular rivojlanish uchun muhim boʻlgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tartibni qoʻllab-quvvatlashlari va himoya qilishlari kerak.
3. Davlatlar, butun aholi va barcha shaxslarning farovonligini doimiy oshirishga hamda rivojlanish jarayonida faol, erkin va konstruktiv ishtirok etishi, bu yoʻlda yaratilgan neʼmatlarni barchaga adolatli taqsimlanishiga qaratilgan tegishli milliy rivojlanish siyosatini belgilash huquqiga va majburiyatiga egadirlar.
3-modda
1. Davlatlar rivojlanishga boʻlgan huquqni roʻyobga chiqarish uchun milliy va xalqaro shart-sharoitlar yaratilishi uchun asosiy masʼuliyatni oʻz zimmalariga oladilar.
2. Rivojlanishga boʻlgan huquqni amalga oshirish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq davlatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikka oid xalqaro huquq tamoyillarini toʻliq hurmat qilishni talab etadi.
3. Davlatlar rivojlanishni taʼminlash va uning yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishda bir-biri bilan hamkorlik qilishi kerak. Davlatlar oʻzaro suveren tenglik, oʻzaro bogʻliqlik, manfaatdorlik va hamkorlikka asoslangan yangi iqtisodiy tartibni oʻrnatishga hissa qoʻshishi, inson huquqlariga rioya qilish va ulardan foydalanishga yordam beradigan tarzda oʻz huquqlarini amalga oshirishi va oʻz majburiyatlarini bajarishi kerak.
4-modda
1. Davlatlar individual va jamoaviy tartibda xalqaro rivojlanishga boʻlgan huquqni toʻliq roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish maqsadida choralar koʻrishlari lozim.
2. Rivojlanayotgan mamlakatlarning jadal rivojlanishini taʼminlash uchun doimiy chora-tadbirlar rejasini qabul qilish kerak. Rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlarga qoʻshimcha ravishda, ushbu mamlakatlarni har tomonlama rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida tegishli vositalar va imkoniyatlar bilan taʼminlagan holda samarali xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish lozim.
5-modda
Davlatlar aparteyid, irqchilik va irqiy kamsitishning barcha turlari, kolonializm, xorijiy hukmronlik va istilo, tajovuz, xorijiy aralashuv va milliy suverenitetga, birlikka va hududiy yaxlitlikka tahdid, urush tahdidlari va xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini tan olishdan bosh tortish kabi holatlar natijasida yuz bergan bunday vaziyatlardan jabr koʻrgan xalqlar va shaxslarning inson huquqlarini ommaviy va qoʻpol buzilishini bartaraf etish uchun qatʼiy choralar koʻrishlari kerak.
6-modda
1. Barcha davlatlar irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmat va rioya etilishini ragʻbatlantirish hamda mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida hamkorlikni taʼminlashi kerak.
2. Barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklari ajralmas va bir-biriga bogʻliqdir; fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish, ragʻbatlantirish hamda himoya qilishga teng eʼtibor va ustuvorlik berilishi kerak.
3. Davlatlar fuqarolik va siyosiy huquqlar, shuningdek iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga rioya qilmaslik natijasida rivojlanish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrishlari kerak.
7-modda
1. Barcha davlatlar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni oʻrnatish, saqlash va mustahkamlashga hissa qoʻshishi kerak va shu maqsadda samarali xalqaro nazorat ostida umumiy va toʻliq qurolsizlanishga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishi, shuningdek qurolsizlanish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni qabul qilish natijasida boʻshatilgan mablagʻlarning umumiy rivojlanish, xususan, rivojlanayotgan davlatlar uchun ishlatilishini taʼminlashi kerak.
8-modda
1. Davlatlar rivojlanishga boʻlgan huquqni amalga oshirish uchun milliy darajada barcha zarur choralarni koʻrishlari va asosiy resurslardan foydalanishda, xususan, taʼlimga, sogʻliqni saqlashga, ovqatlanishga, uy-joyga, bandlikka va daromadni adolatli taqsimlanishida barcha uchun teng imkoniyatlarni taʼminlashi kerak. Rivojlanish jarayonida xotin-qizlarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrilishi zarur. Barcha ijtimoiy adolatsizliklarni bartaraf etish uchun tegishli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishi lozim.
2. Davlatlar rivojlanish jarayonining muhim omili sifatida barcha sohalarda aholining ishtirokini va inson huquqlaridan toʻliq foydalanishni ragʻbatlantirishi kerak.
9-modda
1. Ushbu Deklaratsiyada belgilangan rivojlanishning barcha jihatlari ajralmas va bir-biriga bogʻliq boʻlib, ularning har biri yaxlit kontekstda koʻrib chiqilishi kerak.
2. Ushbu Deklaratsiyada belgilangan hech narsa Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsadlari va tamoyillariga zid deb talqin qilinishi mumkin emas yoki biron bir davlat, guruh yoki shaxsga Inson huquqlari deklaratsiyasida va inson huquqlari boʻyicha xalqaro paktlarda bayon etilgan huquqlarni buzishga qaratilgan har qanday faoliyat yoki harakatlar bilan shugʻullanish huquqini bermaydi.
10-modda
Rivojlanishga boʻlgan huquqni toʻliq amalga oshirilishini va izchil mustahkamlanishini, shu jumladan, milliy va xalqaro miqyosda siyosiy, qonuniy va boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirilishini taʼminlash choralarini koʻrish zarur.
(imzolar)