Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SAMARQAND IQTISODIYOT VA SERVIS INSTITUTINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Respublikada bozor iqtisodiyoti zamonaviy talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish, shuningdek menejment, marketing, turizm va servis xizmati koʻrsatish sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand kooperativ institutini Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Samarqand iqtisodiyot va servis institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash:
menejment va marketing masalalari boʻyicha ixtisoslashgan iqtisodiyot;
xalqaro turizm, turizm menejmenti, turizm boʻyicha operatorlik xizmatlari biznesi;
xizmat koʻrsatish sohasi tarmoqlari iqtisodiyoti va uni tashkil etish;
moliya, bank va sugʻurta xizmatlari sohasini tashkil etish va boshqarish;
b) institut faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha amaliy ahamiyatga ega boʻlgan amaliy ilmiy, qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot bazasini shakllantirish;
v) ilmiy va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
3. Samarqand iqtisodiyot va servis institutining tashkiliy tuzilmasi, shuningdek sohalar boʻyicha ixtisoslashgan kafedralar roʻyxati 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektoriga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda, zaruriyat boʻlganda, institutning tashkiliy tuzilmasiga hamda kafedralari roʻyxatiga tasdiqlangan shtatlar jadvali doirasida va belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga muvofiq oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda:
oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorining “Xizmat koʻrsatish sohasi — 810000” boʻlimini qayta koʻrib chiqsinlar hamda unga belgilangan tartibda, xizmat koʻrsatish sohasi tarmoqlari iqtisodiyoti va uni tashkil etish boʻyicha zamonaviy kadrlar tayyorlash zarurligini hisobga olgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsinlar;
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tasdiqlasinlar;
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, tegishli soha mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda 2004/2005-oʻquv yili va keyingi oʻquv yillari uchun Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga qabul kvotalari boʻyicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2004/2005-oʻquv yili boshlangungacha Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan birgalikda respublika davlat taʼlim standartlariga qatʼiy rioya qilgan holda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida 2008/2009-oʻquv yilidan boshlab “Turizm” va “Servis” yoʻnalishlari mutaxassisliklari boʻyicha magistrlar tayyorlashni tashkil etsin, shu davr mobaynida tegishli moddiy-texnik bazani va professor-oʻqituvchilar salohiyatini shakllantirsin;
2004/2005-oʻquv yilidan boshlab “Oziq-ovqat texnologiyasi” (5541100) taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qilishni Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutiga oʻtkazsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti uchun 2004-yilga tasdiqlangan budjet mablagʻlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan birgalikda, mavjud professor-oʻqituvchilar, ilmiy kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot bazasidan kelib chiqqan holda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tegishli asosiy soha mutaxassisliklariga doir dissertatsiyalar himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengash ochish yuzasidan takliflarni koʻrib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oliy iqtisodiyot taʼlim muassasalarining ixtisoslashgan kafedralar mudirlarini attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasi (R.S. Azimov) 2004-yil aprel oyida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rahbar xodimlarini va pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professor-oʻqituvchilarini maqsadli tajriba orttirish orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni nazarda tutsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-mart,
144-son
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining tashkiliy tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-martdagi 144-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining ixtisoslashgan kafedralari
ROʻYXATI
| 1. | Iqtisodiyot va menejment fakulteti: |
| | Iqtisodiyot kafedrasi; |
| | Menejment kafedrasi; |
| | Marketing kafedrasi; |
| | Statistika kafedrasi; |
| 2. | Servis va turizm fakulteti: |
| | Xalqaro turizm va turizm servisi kafedrasi; |
| | Xizmatlar koʻrsatish sohasi iqtisodiyoti va uni tashkil etish kafedrasi; |
| | Kasb-hunar taʼlimi kafedrasi; |
| 3. | Bank-moliya xizmatlari fakulteti: |
| | Bank va jamgʻarma ishlari kafedrasi; |
| | Moliya va sugʻurta xizmatlari kafedrasi; |
| | Buxgalteriya hisobi va audit kafedrasi; |
| | Fakultetlararo kafedralar: |
| | Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi; |
| | Oliy matematika kafedrasi; |
| | Axborot texnologiyalari kafedrasi; |
| | Tillar kafedrasi; |
| | Jismoniy tarbiya va sport kafedrasi; |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 12-son, 146-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)