Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 17-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 21-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 21-dekabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishga, ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, shuningdek sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralari oʻzgartirilishi yoki yangi maʼmuriy-hududiy birliklar tuzilishi natijasida qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat bojini toʻlashga majbur boʻlmoqda va bu ularning faoliyatida qoʻshimcha xarajatlarga olib kelmoqda. Bundan tashqari sugʻurta qildiruvchilar tomonidan majburiy sugʻurta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar bilan sudlarga murojaat qilinganda ulardan davlat boji undirilishi qoʻshimcha moliyaviy xarajatlarga olib kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga maʼmuriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki boʻysunuvi oʻzgartirilganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganda ular qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat bojini toʻlashdan ozod etilishini, shuningdek sugʻurta qildiruvchilar majburiy sugʻurta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar yuzasidan davlat bojini toʻlashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga, ularning faoliyatida ortiqcha xarajatlarning oldini olishga, shuningdek sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 221-band bilan toʻldirilsin:
“221) sugʻurta qildiruvchilar (sugʻurtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) — majburiy sugʻurta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar yuzasidan”;
2) 9-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61) sugʻurta qildiruvchilar (sugʻurtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) — majburiy sugʻurta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar yuzasidan”;
3) 15-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Maʼmuriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki boʻysunuvi oʻzgarganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganda ularni qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi”;
uchinchi — yettinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi — sakkizinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-yanvar,
OʻRQ-1018-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2025-y., 03/25/1018/0032-son)