Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2024-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2024-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqib, shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, Hukumat qarorlarining ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2024-yilning toʻqqiz oyida mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlandi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼati 6,6 foizni tashkil etdi. Shundan sanoat ishlab chiqarish 7,0 foizga, qurilish ishlari 9,0 foizga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish 3,1 foizga koʻpaygan.
Asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 343,1 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 31,0 foizga oʻsgan. Oʻrtacha nominal hisoblangan ish haqi 16,4 foizga oshgan. Aholi daromadlarining inflyatsiya darajasidan (6,8 foiz) yuqoriligi ularning real umumiy daromadlari 7,7 foizga oshishiga imkon yaratdi.
Joriy yilning toʻqqiz oyida Davlat budjeti daromadlari 193,6 trln. soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari boʻyicha belgilangan reja koʻrsatkichlari toʻliq bajarilgan.
Faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining soni tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida oʻtgan yilga nisbatan qariyb 37,2 mingtaga oshib, 848,4 mingtani tashkil etdi. Foyda soligʻini toʻlovchilar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25,8 foizga, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar soni esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 foizga oshgan.
Davlat budjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazilgan transfertlar bilan birga) hisobot davrida 219,3 trln. soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 9 foizga oʻsgan.
Hisobot davrida aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat budjetidan 107,8 trln. soʻm (umumiy xarajatlarning 49,2 foizi) yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 trln. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Aholining uy-joyga boʻlgan talabini qanoatlantirish maqsadida joriy yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, respublika budjetidan ipoteka kreditlari boʻyicha 0,9 trln. soʻm subsidiya ajratilgan.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻidan manfiy farqni qoplash uchun soliq toʻlovchilarga 21,9 trln. soʻm miqdoridagi tushumlar qaytarib berilgan. Bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 6,5 trln. soʻmga koʻpdir.
Joriy yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun ajratilgan mablagʻlar hajmi 2023-yilga nisbatan 26 foizga oshib, umumiy ajratilgan mablagʻlar miqdori 5,7 trln. soʻmni tashkil etgan.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan birga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar ayrim vazirlik va idoralar tomonidan toʻliq va yetarli darajada oʻzlashtirilmagan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida onalar va bolalarning sogʻligʻini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash uchun xarajatlar 68,3 foizga, buyrak va jigar transplantatsiyasi boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlash uchun xarajatlar 62,9 foizga, nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarning sifatini yanada yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun xarajatlar 49,3 foizga, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar uchun ajratilgan mablagʻlar 38,6 foizga oʻzlashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ularning amaliyotni oʻtashi davrida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi har oylik subsidiyalar berilmagan.
Hisobot davri davomida ichki audit xizmatlari tomonidan oʻtkazilgan audit tadbirlari natijasida jami 521,1 mlrd. soʻmlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlarning oldi olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2024-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2024-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning toʻqqiz oyida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari 233,0 trln. soʻmni, xarajatlari esa 256,1 trln. soʻmni tashkil etib, 23,1 trln. soʻm (YAIMga nisbatan 1,6 foiz) taqchillik bilan bajarilganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
yil yakuniga qadar iqtisodiyot tarmoqlarini va sohalarini hamda hududlarni barqaror rivojlantirishga oid dasturlar ijrosini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va mahalliy budjetlarga daromadlarning tushishi uchun soliq tushumlarini toʻliq jalb etish borasida taʼsirchan choralar koʻrish, aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish;
davlat dasturlarida koʻzda tutilgan loyihalar, shuningdek ijtimoiy soha obyektlariga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi va oʻzlashtirilishi, investitsiya dasturlarining oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan taʼsirchan nazoratni kuchaytirish;
Davlat budjeti hisobidan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash hamda kambagʻallikni qisqartirish maqsadlarida ajratilayotgan subsidiya mablagʻlaridan samarali foydalanish va ularning natijadorligi ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi belgilangan budjet daromadlari tushumlarini hamda yuzaga kelgan boqimanda qarzdorliklarni tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yil yakuniga qadar toʻliq undirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlash hamda Hukumatga kiritishda kambagʻallikni qisqartirish va aholining yashash darajasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishga oid maʼlumotlarni alohida band sifatida aks ettirish;
Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarning qonunda tasdiqlangan parametrlar doirasida oʻzlashtirilishini taʼminlash, ortiqcha budjet xarajatlarining sarflanishiga yoʻl qoʻymaslik;
budjet intizomi buzilishining, kamomadlar va maqsadsiz xarajatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarda tuzilgan ichki audit xizmati faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bu boradagi kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari tomonidan budjet mablagʻlari sarflanishining natijadorligini baholash uslubiyotini takomillashtirish hamda baholash natijalarini hisobotda aks ettirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosini oʻz maqsad va dasturlaridan kelib chiqqan holda, vazirlik va idoralar kesimida oʻrganish hamda bu borada parlament nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tegishli vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlari boʻyicha tasdiqlangan maqsadli indikatorlarga erishilganligi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazish, shuningdek vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotini koʻrib chiqish jarayonida taʼsirchan nazorat choralarini koʻrsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-dekabr,
127-V-son