Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida
Sogʻliqni saqlash obyektlaridan samarali foydalanish hamda aholiga zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-iyuldagi 446-son qaroriga muvofiq:
“Zangiota-2” shifoxonasi faoliyati tugatilib, uning bino va inshootlarida Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 oʻringa moʻljallangan Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasi (keyingi oʻrinlarda — Bolalar shifoxonasi) tashkil etilganligi;
“Zangiota-2” shifoxonasining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Bolalar shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilganligi;
b) Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasining bino va inshootlarida 1 000 oʻringa moʻljallangan quvvat mavjud ekanligi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-son qaroriga muvofiq 2024-yil 1-oktabrdan Toshkent shahrida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) doirasidagi tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan qoplanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Bolalar shifoxonasi negizida 700 oʻringa moʻljallangan Toshkent shahar koʻp tarmoqli shifoxonasini (keyingi oʻrinlarda — Shifoxona) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda qoʻshimcha tashkil etiladigan 100 ta oʻrin Toshkent shahar davlat tibbiyot muassasalari shifo oʻrinlarini maqbullashtirish hisobidan va 100 ta oʻrin pulli xizmat koʻrsatish hisobidan tashkil etiladi.
3. Quyidagilar Shifoxonaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
bolalar va katta yoshdagi aholi oʻrtasida eng koʻp tarqalgan kasalliklarning asosiy yoʻnalishlari (xirurgiya, pediatriya, lor, terapiya, kardiologiya, nevrologiya, pulmonologiya, endokrinologiya va boshqalar) boʻyicha ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali diagnostika, davolash va profilaktika tibbiy yordami koʻrsatishga boʻlgan ehtiyojni qondirish;
aholiga kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar koʻrsatish;
Toshkent shahar tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam koʻrsatish;
Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda koʻmaklashish;
Toshkent shahar tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmatlar koʻrsatishning zamonaviy metodlari va texnologiyalari joriy etilishini metodik taʼminlash;
tibbiyot sohasidagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ishtirok etish;
fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini keng joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xorijiy ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazlari, klinikalar va taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
tibbiy turizm sohasida tibbiy xizmatlar va yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, mazkur xizmatlarni eksport qilish.
4. Quyidagilar Shifoxona faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
pulli tibbiy xizmat koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Shifoxonaga quyidagi huquqlar berilsin:
chet ellik va mahalliy mutaxassislarni boshqaruvchi, maslahatchi (konsultant), tibbiyot xodimi sifatida jalb qilish va ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, lavozim maoshi hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;
shtatlar jadvalini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash, Shifoxona xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda mustaqil belgilash;
Shifoxona oʻrinlari sonini ehtiyojdan kelib chiqib, oʻzgartirish va boʻlimlardagi shifo oʻrinlari sonini belgilash.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) ikki hafta muddatda:
Shifoxonaning tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Shifoxonaning jihozlash tabelini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda Shifoxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻladigan jihozlar hamda tibbiy texnika bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Belgilansinki:
a) Shifoxonani saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Bunda mazkur mablagʻlar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi;
b) Shifoxona Bolalar shifoxonasining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
8. Toshkent shahar hokimligi uch oy muddatda Shifoxonaning bino va inshootlarida zarur qurilish hamda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish orqali uni tegishli tibbiy yordam koʻrsatishga moslashtirish choralarini koʻrsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-iyuldagi 446-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
890-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 09/24/890/1080-son)