Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
2018-yil 9-martda imzolangan xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
2018-yil 9-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi urinlarda — Bitim) 20-moddasiga muvofik,,
ikki davlat oʻrtasidagi avtomobil qatnovini yanada rivojlantirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Bitimning 5-moddasi 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Tomonlarning davlatlari oʻrtasida, shuningdek, uchinchi davlatlarga yoki ulardan tovarlarni tashish, mazkur Bitimning 6-moddasida nazarda tutilgan tashuvlarni istisno qilgan holda, avtotransport vositalarida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.”.
2. Bitimning 5-moddasi 2-bandining toʻrtinchi gapi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ikki tomonlama qatnov paytida yuk tashuvchi boʻsh avtotransport vositalarining oʻtishi uchun ham ruxsatnomalar talab qilinadi.”.
3. Bitimning 5-moddasi quyidagi mazmundagi 6-band bilan toʻldirilsin:
“6. Tomon davlatlarining hududlari orqali yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tranzit oʻtishi ruxsatnomasiz amalga oshiriladi.”.
2-modda
Mazkur Bayonoma Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bayonnoma Bitimning amal qilishi tugatilgan vaqtdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotadi.
Dushanbe shahrida 2024-yil 18-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bayonnoma qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)