Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq hamda Bojxona kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 20-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 23-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 23-oktabrda maʼqullangan
Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi barcha faoliyat sohalarini takomillashtirishga samarali taʼsir koʻrsatmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli raqamlashtirish jarayoni doirasida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda tezkor-qidiruv faoliyatiga ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda telekommunikatsiyalar operatorlariga soliq va bojxona imtiyozlari berildi.
Shu bilan birga amaliyotda ushbu soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashdagi mavjud kamchiliklar natijasida bugungi kunda ayrim idoralar tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini olib kirishda mazkur imtiyozlardan toʻliq foydalanish imkoniyatlari cheklanmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalarining respublika hududiga olib kirilishini soliq solishdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar, shuningdek mazkur texnik vositalar aksiz soligʻi solinadigan obyekt hisoblanmasligiga doir qoʻshimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga yuqorida koʻrsatilgan texnik vositalarni boj toʻlashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda. Shuningdek harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar harbiy yuklarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yigʻimini toʻlashdan ozod qilinadi.
Ushbu Qonun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 246-modda:
10-bandidagi “vakolatli davlat organining” degan soʻzlar “maxsus vakolatli davlat organining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 101-band bilan toʻldirilsin:
“101) maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari”;
2) 284-modda ikkinchi qismi:
6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6) maxsus vakolatli davlat organining yozma ravishdagi tasdigʻi mavjud boʻlgan taqdirda, telekommunikatsiyalar operatorlari hamda tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini sertifikatlashtirish boʻyicha maxsus organ tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari”;
quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61) maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-400-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, 1-songa ilova; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 670-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 969-modda; 2022-yil, № 2, 75-modda, № 7, 666-modda, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 12, 1010, 1011-moddalar; 2024-yil, № 1, 5-modda, № 2, 111, 113-moddalar) quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 297-moddaning ikkinchi qismi:
14-bandidagi “vakolatli davlat organining” degan soʻzlar “maxsus vakolatli davlat organining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 141-band bilan toʻldirilsin:
“141) maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari”;
2) 299-moddaning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining harbiy yuklari, shuningdek boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan oʻzga idoralarning harbiy yuklari”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-noyabr,
OʻRQ-992-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2024-y., 03/24/992/0895-son)