Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 23-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining turli qatlamlari orasida maʼrifiy faoliyatni takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga aholi orasida, ayniqsa yoshlar oʻrtasida nosogʻlom maʼrifiy ishlarni amalga oshirish hollari koʻpayib, bunday tadbirlar doirasida aholining va yoshlarning ongiga, madaniyatiga va his-tuygʻulariga begona boʻlgan turli yot qarashlar va gʻoyalar singdirilmoqda.
Hozirgi vaqtda mazkur sohaga aholining qiziqishi kuchayib borayotganligi hamda u bu borada faoliyat yurituvchi shaxslarning asosiy daromad manbaiga aylanib borayotganligi sohani huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Shu munosabat bilan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qoʻshimcha kiritilmoqda. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga mazkur faoliyat turiga qoʻyiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ushbu Qonun maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 594-modda bilan toʻldirilsin:
“594-modda. Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzish
Maʼrifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan amalga oshirish yoxud maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish boʻyicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud boʻlmasa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
2) 245-moddaning birinchi qismidagi “593” raqami “593, 594” raqamlari bilan almashtirilsin;
3) 248-modda toʻrtinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “593” raqami “593, 594” raqamlari bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 9, 538-modda; 2021-yil, 4 songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 101-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 141-modda bilan toʻldirilsin:
“141-modda. Maʼrifiy faoliyat
Maʼrifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va maʼnaviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur koʻnikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat taʼlim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.
Maʼrifiy faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan (sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar), jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni, tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarni, firibgarlikni hamda boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas.
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, talablari va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
2) 23-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi”;
oʻn yettinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilari tegishincha oʻn sakkizinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-noyabr,
OʻRQ-990-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2024-y., 03/24/990/0892-son)