Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2024-yil 16-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilganligini eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining taklifiga koʻra kelishuv komissiyasi tuzilsin.
2. Qonunchilik palatasi deputatlari Sherzod Azimovich Tuxtashev, Dilmurod Maxmudovich Ismailov va Zuxra Tursunovna Shadiyeva Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidan mazkur komissiya tarkibiga saylansin.
3. Mazkur Qonun muhokamasi jarayonida bildirilgan mulohazalarning tuzatishlar tarzida taʼriflab berilishi taklif qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga murojaat etilsin.
4. Kelishuv tartib-taomillarida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakili taklif etilsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-avgust,
4788-IV-son