Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning “2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning “2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, joriy yilda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlarida rasmiy band boʻlgan fuqarolarni ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi “2024-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-7-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorda joriy yil davomida respublika boʻyicha jami 5 mln. nafar, shu jumladan investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 246,8 ming, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish evaziga 2 500 ming, qishloq xoʻjaligi sohasida 2 110,8 ming, qurilish sohasida 142,3 ming nafar fuqaroni daromadli mehnat bilan taʼminlash vazifasi belgilangan.
Oʻtgan davrda qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 2 939 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan. Ularning 1 483 ming nafari doimiy, 1 417 ming nafari mavsumiy va 39 ming nafari vaqtinchalik ishga joylashtirilgan.
Bandlik organlari tomonidan ish oʻrinlarning hisobini yuritish boʻyicha “yangiish.mehnat.uz” elektron platformasi ishga tushirilgan boʻlib, tegishli vazirlik va idoralar elektron maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilingan.
Mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarlarga oʻqitish orqali ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida qoʻshimcha ravishda yangi 12 ta kasbga oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga bu boradagi tahlillar hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda. Jumladan, joriy yilda respublika boʻyicha ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 59 mingta ish oʻrni zaxiraga qoʻyilgan boʻlsa-da, 2024-yilning yanvar — iyun oylarida 19 ming nafar yoki zaxiradagi ish oʻrinlariga nisbatan 32 foiz fuqaro ishga joylashtirilgan, xolos.
Joriy yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturlarining respublika tumanlari (shaharlari) kesimidagi ijrosi barcha hududlarda ham birdek samarali taʼminlanmayapti. Masalan, 2024-yilning yanvar — iyun oylarida Toshkent shahrining Bektemir tumanida 15,7 ming nafar fuqaroning bandligini taʼminlash belgilangan boʻlsa-da, mazkur vazifa amalda 51 foizga bajarilgan, ushbu koʻrsatkich Uchtepa tumanida 61 foizni, Sergeli tumanida 68 foizni, Arnasoy tumanida 64 foizni, Nurafshon shahrida 67 foizni tashkil etmoqda.
Hududiy mehnat organlarining fuqarolar bandligini taʼminlash borasidagi faoliyatini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarda oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlashda mehnat organlarining oʻrni yetarli darajada sezilmayapti. Ayrim hollarda, faqat monitoring ishlarini olib borish bilan cheklanib qolinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan mehnat resurslari balansini shakllantirish hamda aholi bandligi va ishsizlik hisobini yuritish uslubiyati loyiha sifatida ishlab chiqilgan boʻlsa-da, ushbu uslubiyatini amaliyotga tatbiq etish borasidagi ishlar kechikmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi PQ-7-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan joylarda yuqori daromadli ish oʻrinlarini tashkil etish va ularga mos mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish hamda ularni respublika va xalqaro konferensiyalarda muhokama qilish borasidagi vazifalar ijrosi bugungi kunga qadar taʼminlanmasdan kelmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, fuqarolarning daromadlarini oshirish orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish zarurligini alohida qayd etib oʻtdilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning “2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi “2024-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-7-sonli qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini oʻz muddatida va sifatli taʼminlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish borasidagi ishlarni yanada samarali yoʻlga qoʻyish;
2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashishda past koʻrsatkich qayd etilgan tumanlar (shaharlar) boʻyicha tanqidiy muhokamalar oʻtkazish hamda bu boradagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish;
hududlarda xorijiy davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy monitoring olib borish;
mahalliy va xorijlik ekspertlar ishtirokida yuqori daromadli ish oʻrinlarini tashkil etish hamda ularga mos mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan respublika va xalqaro konferensiyalarni oʻtkazish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga har chorak yakuni boʻyicha maʼlumotlar kiritib borish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga 2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturining ijrosi doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli ravishda muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-avgust,
4699-IV-son